20.02.2024
Yaqinda sayyoramizdagi eng g‘aroyib va sirli-jumboqli davriy biologik fenomenlardan biri – Shimoliy Amerikada sikada (magicicada) chigirtkasining 17 yilda bir chiqadigan turining yer sirtiga chiqish hodisasi kuzatildi. Bu tur chigirtkalarni odamlar faqat 17 yilda bir marta ko‘radi xolos.
Ular har 17 yilda aprel-may oylarida yer yuzasidan 20 sm pastdagi tuproq qatlamining harorati 17°C ga yetganda yer yuzidan yoppasiga ko‘tarilib, tashqariga chiqa boshlaydi va yaqin oradagi daraxtlarni ishg‘ol qilib, quloqni qomatga keltiruvchi shovqin chiqaradi. Avvalgi safar bu chigirtka 2004-yilda yuzaga chiqqan edi. Bu safargi sikadalar chiqishi 17-maydan e’tiboran kuzatila boshlagan. Entomologlar uchun ayni kutilgan damlar keldi!
Chigirtka taxminan 1,8 million yil muqaddam pleystotsen davrida, ya’ni muzliklar Shimoliy Amerika qit’asini navbat bilan egallab va qayta bo‘shatib turgan zamonlarda paydo bo‘lgan. Chigirtkaning asosan Shimoliy Amerikada yashovchi “Magicicada” turi umrining asosiy qismini yer ostida, o‘simlik ildizlarining shirasi bilan oziqlanib o‘tkazadi.
Ushbu tur chigirtka fanda “davriy chigirtka” ham deyiladi. Chunki u muayyan vaqt yer ostida hayot kechirganidan so‘ng vaqti kelib yoppasiga yer yuzasiga ko‘tariladi va bir necha kun davomida tashqarida yashab, juftlashib, yana tezda qirilib ketadi.
Ushbu chigirtkaning hayot tarzi bilan bog‘liq juda ajoyib va sirli bir jumboq mavjud: uning yer ostidan chiqib kelib, tashqarida qisqa kunlik hayot kechirish davriyligi odatda 13 yoki 17 yil oralig‘ini tashkil qiladi. Ya’ni davriylik tub sondan iborat bo‘ladi! (Eslatib o‘tamiz, tub son bu – o‘zi va 1 dan boshqa songa qoldiqsiz bo‘linmaydigan sondir. Masalan, 11, 13, 17 sonlari tub son hisoblanadi).
Davriy chigirtka tuxum qo‘yganidan keyin uning lichinkalari yer ostida rivojlanadi va chigirtka ham yer ostida paydo bo‘ladi. Chigirtka tuxumdan chiqqanidan roppa-rosa 13 yoki 17 yil o‘tgach, bahor paytida yuzaga chiqish uchun kovak qaziy boshlaydi. Odatda bir gektar yer maydonida birdaniga millionlab chigirtka yuzaga chiqadi.
Bu tarzdagi favqulodda ulkan sonli ko‘payish chigirtka (va umuman hasharotlar turi) uchun yashab qolish shartlaridan biridir. Chunki chigirtkalar, aytaylik, qushlar tomonidan yeb tashlanishi natijasida yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Favqulodda ko‘p sonli hasharotni esa qushlar shunchaki yeb ulgurmaydi. Ya’ni bunda chigirtkalar son jihatdan vaqtdan yutadi.
Tadqiqotchilarning fikricha, davriy chigirtkalarning bu tarzda 13 yoki 17 yilda paydo bo‘lishi ham ularning yashash uchun kurashda tabiiy jarayonlarga moslashgani natijasidandir. Bunda chigirtkalar o‘zining kushandasi bo‘lgan boshqa dushmanlarining hayot davriga nisbatan eng noqulay vaqtda yuzaga chiqadi deb taxmin qilinadi.
Ya’ni aynan shunday chigirtkani yeydigan qushlar va boshqa vahshiy jonzotlar hamda parazitlarning hayot davri nisbatan qisqa bo‘ladi va ularning bir avlodining o‘rtacha umr davomiyligi 2, 3, 4 yoki 6 yilni tashkil qiladi. O‘rtacha umr davomiyligi 2, 3, 4 va 6 yilni tashkil qilgan hasharotxo‘rlarning umumiy soni eng ko‘p bo‘ladigan payt 12- yoki 16-yil bo‘lishi mumkin. 13-yilda yoki 17-yilda hasharotxo‘rlarning soni minimumgacha kamaygan bo‘ladi, bu esa chigirtkalar populyatsiyasiga yetadigan zararni ham eng past darajaga tushiradi.
Germaniyaning Maks Plank ilmiy hamjamiyati mutaxassisi Mario Markus ushbu davriy chigirtkalarning evolyutsion o‘zgarishlarini “hasharotxo‘r va hasharot” (vahshiy va o‘lja) nuqtayi nazaridan modellashtirib, g‘alati bir xulosaga kelgan. Ya’ni kompyuter modelida davriy chigirtkalar populyatsiyasi uchun boshlang‘ich jarayonda tasodifiy sonlar biriktirilgan. Shunga qaramay davriy chigirtkalarning kompyuter modelidagi mutatsiyalari muayyan vaqtdan keyin baribir tub sonli hayot sikliga moyillik paydo qila boshlagan.
Albatta, bu kabi tajribalar hali juda jo‘n va aniq asosga ega bo‘lmagan g‘oyalar yuzasidan olib borilmoqda. Tabiatning ushbu ulkan sirini yechishda hozircha ilm fan ojizlik qilmoqda. Xususan, chigirtka qanday qilib tashqarida aniq 17 yil o‘tganini hisoblaydi? Yoki 13 va 17 sonlarida (yillarda) nima karomat borki, davriy chigirtkalar aynan shu yillarda yuzaga chiqadi? Yoki chigirtkalarni aynan shunday davriylik bilan hayot kechirishga majbur qilgan narsa nima o‘zi? Nima uchun tabiatda ma’lum 1500 dan ortiq tur hasharotlardan faqat ushbu “Magicicada” turigina shunday davriylik bilan hayot kechiradi?.. Bu borada savollar juda ko‘p va ularning aksariyati hali hamon ochiq qolmoqda. Ushbu fenomenni o‘rganishga bo‘lgan urinishlarning birortasi hozircha hech bo‘lmasa jo‘yali taxmin ham ayta olmayapti.
Shunisi aniqki, chigirtkalarning aniq bir muddat oralig‘ida tuproqdan yoppasiga chiqib kelishi haqidagi dalil bundan 14 asr muqaddam muqaddas Kitobimiz – Qur’oni Karimda allaqachon ayon bo‘lgan edi. Olimlarning aqli hozircha yetmayotgan ushbu aniq biologik hisob-kitob Qur’onda Qiyomat qoim bo‘lganda yer yuzida yashab o‘tgan barcha odamlarning tuproqda qayta tirilishiga qiyos sifatida keltiriladi (Qamar surasi, 7-oyat). Haqiqatan ham, bandasining aqli yetmayotgan ushbu oddiygina chigirtka va uning tub sonli yilda yuzaga chiqishi hodisasi Yaratganning Buyuk Qudrat qo‘li mahsuli ekaniga shubha yo‘q…
Siz ushbu videoda mazkur chigirtka turi haqidagi eng muhim ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Chigirtka va tub sonlar
Muqova surat: freepik.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.