Maxfiy matematik — Burbaki
Murakkab
8 min
08.08.2023
Matematika

Nikolya Burbaki — XX asrning eng yirik matematiklaridan biridir. U matematikaning eng fundamental asoslarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilib, shuningdek, hali hanuz ko‘plab bahslarga sabab bo‘layotgan matematik ta’lim islohotini yuritgani bilan yodga olinadi. Aslida esa Burbaki ismli matematik mutlaqo bo‘lmagan!

Strasburg universitetida matematikadan dars bergan olimlar Anri Kartan hamda Andre Veyl oliygohlarda matematika o‘qitish jarayonini isloh qilish zarurati haqida o‘zaro juda ko‘p tortishgan. Lekin islohot uchun avvalo matematik tahlil sohasi bo‘yicha yaxshi bir umumiy qo‘llanma-darslik yozish kerak edi. Keyin esa butun o‘quv jarayonini ushbu darslikka asosan tizimli standartlashtirish zarur bo‘lgan.

1934-yilning oxirida Veyl Kartanga xabar qilib, o‘zi va yana besh nafar kuchli matematik do‘stlari bilan shunday qo‘llanmani yozishga kirishmoqchi ekanini aytadi. Shu tariqa matematika tarixida o‘ziga xos iz qoldirgan muhim ilmiy guruh — Burbaki guruhi shakllangan. Ular avvaliga shunchaki oddiy darslik sifatida yozmoqchi bo‘lgan kitob oqibatda matematik tahlil bo‘yicha monumental ilmiy manbaga aylandi.

Burbaki guruhining “Matematika asoslari” kitobi / orbita.uz

Burbaki guruhi a’zolari o‘zlarini “to‘da” deb atardi. Ular yozgan o‘sha qoyilmaqom kitob esa “Matematika asoslari” deb nom olgan. Ular bu asarni yozishda matematikani o‘qitish jarayoni uchun moslab, mavzu va masalalarni ketma-ket izchillik bilan tartiblamoqchi bo‘lgan. 

Buning uchun esa ular muayyan aksiomalar vositasida mutlaqo yangi matematika binosini qurishni maqsad qilgan. Bu, ularning fikricha, eng sof, abstrakt matematika bo‘lib, kitobda ortiqcha axborot bo‘lmasligi hamda mavzuga aloqador bo‘lmagan har qanday axborot ortiqcha (keraksiz) sanalib, umuman kitobga kiritilmasligi kerak edi.

Buning uchun guruhga Veyl o‘z davrining eng kuchli matematiklarini to‘plagan. Ular shundayin xolis va fidokor matematiklar ediki, qilayotgan ushbu ishlari istisnosiz ravishda faqat va faqat ilm-fan ravnaqi uchun xizmat qilishi kerak deb hisoblagan hamda bu ish uchun sariq chaqalik ham moddiy manfaat kutmagan. 

Ular hatto o‘zlari yozayotgan bu kitobni o‘z nomlaridan chop etib, qandaydir mashhurlikka erishish masalasini ham istisno qilgan. Aynan shuning uchun ham ular o‘z ismi shariflarini yashirishga urinar edi. Aynan shu maqsadda o‘sha ajoyib fidokor matematik olimlar o‘zlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan uydirma ismi sharif — Nikolya Burbaki nomi ostida ijod qilgan va kitoblarini ham shu ismli muallif nomidan chiqargan.

Burbaki guruhi unchalik ko‘p matematikni to‘plamadi. Ularning soni doimiy o‘zgarib, yangilanib turgan. Bu guruhga a’zo bo‘lishning eng asosiy sharti faqat xolisona ishlash bo‘lsa, qolaversa, a’zo 40 yoshga to‘lishi bilan “to‘da”ni tark etishi lozim bo‘lgan. Mualliflar shu qadar pozitiv ruhiyat va ajoyib sodda ilmiy til bilan kitob yozganki, uni o‘qigan eng qoloq talaba ham hech bo‘lmasa abstrakt matematika va matematik tahlildan elementar masalalarni tushuna oladigan bo‘lardi.

“To‘da”ning kitoblarini nashr etishda katta ko‘mak berib turgan ajoyib homiysi va noshiri — “Hermann” nashriyoti esa kitoblarni sifatli va arzon chop etish bilan Burbaki guruhining dovrug‘i butun Yevropaga tarqalishiga sabab bo‘ldi.

Bu orqali esa qit’aning eng yirik ilmiy dargohlarida va akademik doiralarida ushbu mukammal asarlarni yozayotgan matematik olim Nikolya Burbaki aslida kim ekani, uning qachon va qayerdan paydo bo‘lib qolgani, nimaga avval u haqida hech kim eshitmagani haqida gap-so‘zlar urchidi. Burbaki matematikasining ishqibozlari keskin orta boshladi. Olimni topib, u bilan shaxsan suhbatlashish ilinjidagi jurnalistlar esa uni topolmay dog‘da edi.

“To‘da” a’zolari Burbaki familiyasini qayerdan olgani ham qiziq. Ular yevropaliklarda ruscha familiyalar qandaydir hadik va cho‘chish hissini uyg‘otadi deb ishongan va hazil tariqasida ushbu familiyani tanlashgan. Aslida esa Burbaki ruscha emas, balki yunoncha familiyadir. 

Burbaki nomidan ketgan hamma maqolalar annotatsiyasida va kitoblarning so‘z boshida muallif o‘zini “Poldaviya Fanlar Akademiyasi a’zosi, Nankago universiteti professori N. Burbaki” deb tanishtirgan. Sezib turganingizdek, aslida Burbaki ismli matematikning o‘zi yo‘q bo‘lgani singari hech qanaqa Poldaviya mamlakati ham, Nankago shahri ham mavjud emas. Bular ham to‘qima, o‘ylab topilgan uydirma nomlardir. Faqat “Nankago” shahri Fransiyadagi Nansi va Amerikadagi Chikago shaharlari nomlaridan yasalgani tayin.

Shu tariqa butun umr matematika ilmini isloh qilishda davom etgan professor Burbaki 64 yil faol ilmiy faoliyat yuritdi. Uning oxirgi ilmiy ishi 1998-yilda chop etildi va o‘sha yil matematikada professor Burbakining vafot etgan yili deb baholanadi. Nikolya Burbakining asl siridan o‘sha paytgacha ham bexabar bo‘lgan nufuzli gazetalar ham olimning vafotiga bag‘ishlab ta’ziyanomalar chop etgan (masalan, “Le Monde” nashri shunday qilgan).

Albatta, Burbaki guruhi faoliyatini to‘xtatishining katta sababi bor edi. Ya’ni bu endilikda zamonaviy matematikani qandaydir qolipga solish, tizimlashtirishning iloji bo‘lmay qolgani bilan bog‘liq. Sababi Burbaki islohot boshlagan paytlarda matematikaga oid e’lon qilinadigan yillik maqolalar va asarlar soni 3000 donadan oshmasdi. XX asr so‘ngiga kelib esa bir yilda 100000 (yuz ming!) dan ziyod turli matematik maqola va kitoblar chop etila boshlandi. Bu hajmdagi yangilik va axborotni qayta ishlashning esa o‘zi bo‘lmaydi (ayniqsa, xolisona, ya’ni tekin mehnat evaziga ).

Qiziq faktlar:

Asl Burbaki — fransuz Qirollik gvardiyasi qo‘mondoni bo‘lgan / dzen.ru

Burbaki familiyasiga ega shaxs aslida tarixda haqiqatan ham bo‘lgan. U haqida ehtimol “to‘da” asoschisi Veyl qayerdadir eshitgan bo‘lsa kerak. Katta ehtimol bilan, u bu familiyadan biroz cho‘chigan yoki unga bu familiya qiziqarli ko‘ringan.

Asl Burbaki — matematikadan mutlaqo yiroq shaxs bo‘lib, u 1816-1897-yillarda yashab o‘tgan harbiy edi. Burbaki Napoleon III armiyasida general bo‘lib xizmat qilgan va Fransiya-Prussiya urushlarida ishtirok etgan. U asl kelib chiqishi yunon millatiga mansub bo‘lishiga qaramay fransuz armiyasida Qirollik gvardiyasi qo‘mondoni darajasigacha erishgan.

1948-yilning kuzida “to‘da” a’zosi Anri Kartanga o‘zini Nikolya Burbaki deb tanishtirgan odam qo‘ng‘iroq qiladi va ushbu guruh a’zolaridan xafa ekanini ochiq gapiradi. Avvaliga Kartan bu odamni hazillashyapti deb o‘ylagan. Uni shaxsan uchrashuvga taklif qilgach, Kartan o‘sha odam haqiqatan ham Burbaki ekaniga ishonch hosil qiladi. 

Ma’lum bo‘lishicha, u Gretsiyaning Fransiyadagi elchixonasi xodimi Nikolaidis Burbaki ekan. Uning aytishicha, N. Burbaki nomidan chop etilayotgan kitoblar butun Yevropadagi singari Gretsiyada ham mashhur bo‘lib ketgach, vatandoshlari uni ushbu kitoblarning muallifi deb ishonib turli xat-xabar va qo‘ng‘iroqlar bilan bezor qilib yuborishgan ekan. Kartan unga vaziyatni tushuntiradi va ular keyinchalik do‘st bo‘lib qoladi. Nikolaidis Burbaki shundan so‘ng Burbaki “to‘da”sining tez-tez kelib turadigan mehmoniga aylangan.

Burbaki to‘dasi matematiklari kuchli olim bo‘lish bilan birgalikda o‘ta hazilkash va quvnoq odamlar bo‘lgan. Xususan, bir safar “Britaniya ensiklopediyasi”ning navbatdagi talqinida Burbaki matematikasiga bag‘ishlangan maqolada muallif Ralf Boas aslida hayotda hech qanaqa Nikolya Burbaki ismli matematik yo‘qligini, bu shunchaki taxallus ekanini izoh sifatida qistirib ketgan edi.

Buni o‘qigan Burbaki to‘dasi a’zolari esa o‘zlarining navbatdagi kitoblaridan birida aks-zarba berishga qaror qilishadi va “Aslida Ralf Boas ismli matematik yo‘q. Boas bu — qisqartma so‘z. Uni “Mathematical review” jurnali o‘ylab topgan” — deb yozib yuboradi.

Burbaki to‘dasi a‘zolari. 1937-yilgi surat.
Burbaki to‘dasi yig‘ilib, kitob yozadigan kafe. Hozirda bu kafe o‘rni tez tayyor bo’ladigan yemakxona bo‘lib ketgan…

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Maxfiy matematik – Burbaki
Muqova surat: freepik.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!