20.02.2024
Panda bolalari qanday koʻrinishda boʻladi? Ulkan pandalarning mitti bolasi qanday oʻsishi va rivojlanishini kuzatish juda qiziqarli jarayon. Lekin panda bolalariga gʻamxoʻrlik qilish oson ish emas: bu yoqimtoygina kichik jonzotlar ancha nimjon, ular tezda kasallanib, oʻlib qolishi mumkin. Oʻtgan asrning 60-yillarida panda bolalarining faqatgina 30 foizi yashab qololgan. Hozirgi kunda pandalarni koʻpaytirish markazlarida bu raqamlar 90% gacha oshgan!
Panda bolasi odatda yozning oxirida, iyuldan sentyabrgacha boʻlgan davrda tugʻiladi. Urgʻochi panda homilasini 3 oydan 5 oygacha koʻtarib yuradi. Ulkan pandaning bolasi odatda juda kichkina boʻlib tugʻiladi.
Endigina dunyoga kelgan panda katta pandalardan ancha farqli boʻladi. Panda bolasi juda mitti, koʻzi ochilmagan, pushti rang terili, deyarli junsiz boʻladi.
Yangi tugʻilgan panda bolasining oʻrtacha ogʻirligi bor yoʻgʻi 100 gramm — onasi ogʻirligining toʻqqiz yuzdan bir qismini tashkil qiladi. Tugʻilganida eng yengil boʻlgan panda bolasining vazni 36 grammni, eng ogʻiri esa 210 grammni tashkil qilgan.
Yangi tugʻilgan panda bolasining panjasi shu darajada nozikligidan, ular umuman panjasiga tayanib turolmaydi. Tugʻilganidan keyin 2 oy davomida panda bolalari faqat sut bilan oziqlanib, uxlashadi.
Pandalar qanday ulgʻayadi?
1 hafta
Panda bolasining qulogʻi, koʻzlari atrofi, yelka qismida qora mayin jun paydo boʻlishni boshlaydi.
25 kundan keyin
Boʻyin va koʻkrak sohasida ham qora jun paydo boʻladi. Koʻz atrofidagi qora dumaloq qism kattalashadi. Shu davrda oq jun ham oʻsa boshlaydi va katta pandaning mitti bolasi hammaga tanish oq-qora qiyofaga kira boshlaydi. Tugʻilganidan bir oy oʻtgach, pandaning vazni 2 kg ni tashkil qiladi.
3 oydan soʻng
Panda bolasining panjasi mustahkamlashadi. U biroz yurishni boshlaydi. Bunda harakatlanish masofasi bir metrdan oshmaydi, hatto pandacha chayqalib, baʼzan yiqilib harakatlanishi ham mumkin. Bu davrda pandachaning vazni 5–6 kg atrofida boʻladi.
4 oy
Katta pandaning mitti bolasi endi bir necha qadamga yugura oladigan boʻladi. Bu davrda ular oʻynashni va yerda yumalashni juda yoqtirishadi.
6 oylik
Bu davrga kelib panda bolasi bambuk yeyishni boshlaydi. Odatda bu bahor fasliga toʻgʻri keladi, yarim yillik davrdan oʻtib olgan panda bolalari endi tezroq oʻsa boshlaydi. Odatda erkak pandalar urgʻochilariga qaraganda tezroq rivojlanadi.
1 yosh
Bir yoshga toʻlgan panda bolasi endi ancha mustaqil boʻladi, lekin onasi yana bir marta homilador boʻlgunicha u bilan yana yarim yil yashashda davom etadi. Agar urgʻochi panda yana homilador boʻlmasa, bolalari bilan ikki yoshgacha birga yashaydi, soʻng ularni mustaqil hayot uchun qoʻyib yuboradi. Bir yoshga toʻlgan pandaning vazni 40 kg gacha boʻladi.
2 yoshdan keyin
Katta pandaning bolalari onasini ikki yosh atrofida tark eta boshlaydi. Yovvoyi tabiatda katta pandalar 7 yoshda balogʻatga yetadi. Sunʼiy tayyorlangan sharoitda esa bu hodisa 2, hatto 3 yil oldinroq ham roʻy berishi mumkin. Katta pandaning vazni 80 dan 150 kg gacha boʻladi. Pandalar oʻrtacha 20 yil umr koʻrishadi.
Muqova surat: npr.org
Manbalar: chinahighlights.ru, nationalzoo.si.edu, worldwildlife.org, globaltimes.cn
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.