Bir kun qayoqqa ketdi?
Bir kun qayoqqa ketdi? Samoa nega bir kunidan voz kechdi? G'oyib bo'lgan bir kun Samoaga nima olib keldi? Kunchiqar mamlakat aslida qaysi?
Oʻrta
6 min
13.09.2023
Geografiya va geologiya

Hech tasavvur qila olasizmi, taqvimda bir kun oʻz-oʻzidan gʻoyib boʻlsa-ya? Aytaylik, 29-dekabrdan soʻng birdaniga 31-dekabr kelsa nima deysiz? Bus-butun 1 sutka, yaʼni 30-dekabr qayoqqa ketadi unda?

Maqola hazil mazmunida emas. Tinch okeanining janubiy qismida joylashgan Samoa davlatida 2011-yilda haqiqatan ham bir kun, yaʼni 30-dekabr sanasi yoʻqolib qolgan.

Keling, avvaliga ushbu davlat bilan yaqindan tanishsak: Samoa – Tinch okeani oʻrtasida joylashgan orol davlat. U 1962-yilda Yangi Zelandiya tarkibidan mustaqil boʻlib chiqqan. Poytaxti — Apia shahri. Mamlakatning avvalgi nomlarini eski xaritalarda Gʻarbiy Samoa yoki Germaniya Samoasi tarzida ham uchratishingiz mumkin (u hozirda ham mavjud boʻlgan Amerika Samoasidan farqlash uchun shunday atalgan). 

Bunga sabab, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida (1914-yilgacha) orol Germaniya tasarrufida boʻlgan. 1914-yilda Samoani Yangi Zelandiya egallab olgan va to 1962-yilgacha mamlakat Vellington maʼmuriyati orqali boshqarilgan.

Aynan shu sababdan Samoa davlati oʻzining sobiq metropoliyasi boʻlmish — Yangi Zelandiya bilan iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan hali ham kuchli aloqalarga ega. Aytish mumkinki, Samoa iqtisodiyoti koʻp taraflama Yangi Zelandiya bilan aloqalar ustiga qurilgan.

Bu davlatda mahalliy aholi – samoaliklarning asosan juda koʻp unli harflarga tayanadigan samoa tili davlat tili hisoblanadi. Samoa tilidagi termin va hatto ismlarni talaffuz qilish uchun ancha mashq qilish kerak. Samoada davlat boshligʻining rasmiy nomi “O le Ao O le Malo” deyiladi. 

Bu taxminan qabila sardori degan maʼnoni bersa-da, lekin maqomiga koʻra boshqa davlatlarning davlat rahbari, masalan, qirol yoki prezidentlari bilan teng turadi. Hozirda, 2017-yildan buyon, ushbu lavozimni Tuimalealiifano Vaaletoa Sualauvi II egallab turibdi.

Lekin asosiy davlat ishlarini bu mamlakatda bosh vazir yuritadi. Samoaning hozirgi bosh vaziri Tuilaepa Lupesoliai Neioti Aiono Sailele Malielegaoi mamlakatni 1998-yildan buyon idora qilmoqda.

Orol mamlakat boʻlmish Samoaning hududi juda kichik boʻlib, atigi 2832 km2 ni tashkil qiladi. Hatto Oʻzbekistonning eng kichik viloyati boʻlmish Andijon viloyati ham hududiy jihatdan Samoadan ancha katta (Andijon viloyatining maydoni 3066 km2).

Endi asosiy mavzuga qaytsak. Xoʻsh, qanday qilib butun boshli mustaqil mamlakatda naq bir sutka gʻoyib boʻlgan?

Gap shundaki, Samoa Grinvich meridianining qoq qarama-qarshisida joylashgan va u sanalarning oʻzgarish chizigʻidan atigi bir necha yuz kilometr gʻarbroqda xolos. “Kunchiqar yurt” deganda aslida Yaponiyani emas, Samoani eʼtirof etsak ham hech mubolagʻa boʻlmaydi.

Chunki Quyosh haqiqatan ham Yaponiyadan avvalroq Samoada chiqadi va bu yerliklar tongni ertaroq qarshilaydi. Sanalarning oʻzgarish chizigʻi oʻzining har ikki tarafini qoq ikki xil sutka vaqtiga ajratadi. Undan gʻarbdagi davlatlar GMT+ qoidasi bilan vaqt belgilasa, chiziqdan sharqdagilar esa GMT− qoidasi bilan vaqt belgilaydi. 

Masalan, Oʻzbekiston sanalarning oʻzgarish chizigʻidan gʻarbda joylashgan va biz Grinvich meridianidan +5 soat ertaroq tongni qarshilaymiz. Xuddi shunga oʻxshash, samoaliklar Grinvich meridianidan +12 soat avval tongni qarshilaydi. Maʼlumot uchun, Yaponiya GMT+9 hududda joylashgan.

Biroq hech bir mamlakatni muayyan bir soat mintaqasi boʻyicha ish koʻrishga majburlab boʻlmaydi. Har bir suveren davlat qanday vaqt mintaqasini qabul qilishni oʻzi hal qiladi. Biroq bu holat ayrim mamlakatlarda sutkalik ish vaqti va hokazolar bilan bogʻliq gʻalati va qiziq holatlarni keltirib chiqaradi. 

Masalan, Xitoy geografik jihatdan bir necha soat mintaqasida joylashgan boʻlsa-da, butun hududi boʻylab yagona GMT+8 vaqtni joriy qilgan. Natijada hatto yozgi vaqtda ham Xitoyning gʻarbiy shaharlari, masalan, Qashgʻarda tong soat 07:30 dagina otadi va sharqdagi shaharlarda, masalan, Xarbinda soat 03:30 da yorishadi.

Samoani nemislar boshqargan zamonlarda bu mamlakat GMT-11 vaqt mintaqasiga amal qilgan. Bu AQShning gʻarbiy sohillari, xususan, Kaliforniya bilan atigi 3 soatlik vaqt farqi degani edi. Ushbu soat mintaqasiga koʻra ish yuritish samoaliklarga AQSh bilan juda yaxshi savdo aloqalarini olib borishga xizmat qilgan.

Oʻsha yillarda haqiqatan ham AQSh Samoaning eng asosiy savdo hamkori boʻlgan. Biroq XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, ayniqsa, Samoa mustaqil boʻlgach, uning madaniy va iqtisodiy aloqalari koʻproq Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan chambarchas bogʻlanib bordi. Natijada aynan shu jihat, yaʼni GMT-11 vaqt mintaqasidan foydalanilishi Samoaning nisbatan yaqin qoʻshnilari – Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan oʻzaro aloqalarida katta toʻsqinlik qilar edi. Chunki Avstraliya va Yangi Zelandiya sanalarning oʻzgarish chizigʻidan sharqda boʻlgani uchun ularda GMT+10 va GMT+12 soat mintaqalari amal qiladi. 

Bu degani, ular bilan Samoa orasidagi vaqt tafovuti naq 23 soatni tashkil etadi deganidir. Endi tasavvur qiling: Yangi Zelandiyada allaqachon dushanba boʻlib, banklar ochilgan paytda Samoada hali ham yakshanba boʻladi, aksincha, Samoada juma kuni kirganda, Yangi Zelandiya allaqachon shanba hordigʻiga ketgan boʻladi. Oqibatda Samoa va Yangi Zelandiya oʻrtasida hafta kunlaridan faqat 3 ish kuni oʻzaro mos kelardi xolos.

Aynan ushbu notabiiy tafovutni bartaraf etish maqsadida, 2011-yilda Samoa bosh vaziri Tuilaepa Lupesoliai Neioti Aiono Sailele Malielegaoi mamlakatni nisbatan qulay vaqt mintaqasiga oʻtkazishga qaror qiladi. Oʻsha yili, 29-dekabr kuni tungi soat 23:59:59 da barcha samoaliklar oʻz soatini biryoʻla 31-dekabr tungi soat 00:00:00 ga oʻtkazadi.

Ular uchun 29-dekarbdan keyin tartibga koʻra, 30-dekabr emas, balki biryoʻlasi indin sanasi – 31-dekabr kirib kelgan. 30-dekabr kuni esa ular uchun shunchaki yoʻq boʻlgan.

Albatta, mahalliy aholi uchun bu anchayin tushunmovchilik va ayrim chalkashliklarni ham keltirib chiqardi. Biroq bu baribir qachondir qilinishi kerak boʻlgan ish ekanligini koʻpchilik tushunardi va, albatta, natija ham shunga loyiq boʻlgan. 

Oqibatda mamlakat oʻzining eng asosiy strategik hamkori – Yangi Zelandiya bilan atiga 1 soat vaqt tafovutiga ega mutlaqo yangi vaqt hisobiga oʻtdi. Yoʻqotilgan sana oʻrniga kompensatsiya ham oʻzini uzoq kuttirmagan: Samoa va Yangi Zelandiya orasidagi oʻzaro savdo hajmi keyingi yillarda sezilarli hajmda oshganini buning isbotidir. Shuningdek, mamlakat endilikda Xitoy va Singapur bilan ham savdo hajmi ortayotganini his qilmoqda.


Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Bir kun qayoqqa ketdi?
Muqova surat: orbita.uz

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!