20.02.2024
Neptun sayyorasi — Quyosh tizimining eng chetki sayyorasi boʻlib, uni qurollanmagan koʻz bilan koʻrishning imkoni yoʻq. Shu sababli odamlar ushbu sayyorani faqat teleskoplar ixtiro qilinganidan keyingina payqagan.
Tarixiy faktlarga qaraganda, Neptunni birinchi boʻlib, teleskopsozlikning tamal toshini qoʻygan olimlardan biri — Galiley koʻrgan boʻlishi mumkin. Biroq uning aynan sayyora sifatida tasdiqlanishi uchun astronomiyaning oʻzi ojizlik qildi va unga matematika yordamga keldi.
Galileyning qaydlariga qaraganda, u 1612-yilning yanvarida Neptunni koʻrgan boʻlishi mumkin. Lekin u mazkur sayyoraning harakatini ilgʻay olmagan, chunki aynan oʻsha paytda Neptun retrograd harakat qila boshlagan. Bu holda Neptun osmonda koʻrinib turgan joyidan avval harakatdan toʻxtaydi va keyin orqaga qarab harakatlana boshlaydi.
Albatta, aslida real voqelik bunday boʻlmaydi. Neptunning bunday harakati unga nisbatan tezroq aylanadigan Yer sayyorasidan turib kuzatayotganimiz natijasidan hosil boʻlgan aldanish effektidir. Shu sababli ham Galiley garchi Neptunni koʻrgan boʻlsa-da, uni qoʻzgʻalmas yulduzlardan biri deb oʻylagan boʻlishi mumkin.
Xuddi Neptun singari undan avvalgi sayyora — Uranning ham 1781-yildagi haqiqiy maʼnoda kashf qilinishidan avvalroq u turli astronom va havaskor kuzatuvchilar tomonidan bir necha marta koʻrilgan. Biroq Uranni koʻrganlarning hech biri uning sayyora boʻlishi mumkinligi haqida shubhaga ham bormagan va shunchaki yulduzlardan biri deb, eʼtibor bermay oʻtib ketgan.
Uran kashf qilingach, uning orbitasini aniq hisoblash boʻyicha olib borilgan izchil izlanishlar tufayli astronom va matematiklarda samoviy jismlarning harakat trayektoriyalarini hisoblash boʻyicha kattagina tajriba toʻplandi. Biroq Uranning orbitasi aniq hisoblanganidan keyin ham uning harakat yoʻnalishida harakat qonunlaridan ogʻish kuzatila boshladi.
Uran hisoblangan orbitadan biroz chetlashib, kursni oʻzgartirib turardi. 1840-yillarga kelib, Uranning ushbu anomal harakatini tushuntirish uchun ilm-fanda qator gipotezalar yuzaga kelgan edi. Ular ichida eng asosiysi — Uranga yana bir boshqa sayyoraning tortishish kuchi taʼsir qilayotgan boʻlishi mumkinligi haqidagi taxmin boʻlgan. Ushbu taxminga muvofiq, Uranning orbital anomaliyalariga toʻgʻri baho berilsa, oʻsha hozircha nomaʼlum sayyorani qayerda, qachon koʻrish mumkin?
Uch va undan ortiq jismlarning oʻzaro tortishish taʼsiridagi harakat qonuniyatlarini hisob-kitob qilish oʻta mashaqqatli matematik vazifa boʻlib, bunday masalalar uchun umumiy formula hanuzgacha topilgan emas (hatto XXI asrda ham).
Shunga qaramay, XIX asrning birinchi yarmida yashab oʻtgan eng oʻtkir zehnli, kuchli matematiklar Uran anomaliyalari asosida yangi, hozircha nomaʼlum sayyoraning harakat qonuniyatlarini hisoblab topish va bu orqali yangi sayyoraning oʻzini kashf etish boʻyicha shunday mashaqqatli ishga bel bogʻlaydi.
Tez orada eng yetuk matematiklar orasida Uran anomaliyalariga asoslanib, nomaʼlum sayyoraning orbitasini hisoblashga qaratilgan, oʻziga xos ilmiy poyga avj oldi. Astronom va matematiklar nomaʼlum sayyoraning joylashgan oʻrnini hisoblab topish boʻyicha turli usullarni oʻrtaga tashlab koʻrdi. Xususan, Titsius-Bode qonuniga koʻra, Urandan keyingi sayyoraning Quyoshgacha boʻlgan masofasini aniqlash mumkin deb taʼkidlovchilar nisbatan koʻpchilikni tashkil qilardi.
Biroq Titsius-Bode qonuniyatiga aynan Neptun mos tushmaydi va bu omil oʻsha paytda mashhurlik ilinjida kuzatishlarga kirishgan koʻpchilik astronomlarning hafsalasini pir qilgan. Yangi sayyora orbitasini hisoblash borasidagi eng toʻgʻri hisob-kitoblarni birinchi boʻlib Angliyaning Oksford universiteti olimi Jon Kuch Adams 1846-yilda muvaffaqiyatli tugallagan. Biroq Adams uloqni oʻzgalarga oldirib qoʻygan.
U bilan deyarli bir vaqtda hisob-kitoblarni tamomlagan parijlik matematik Urban Leverye oʻz hisob-kitoblarini Berlin rasadxonasi mudiri Iogann Gallega topshirgan (Leverye oʻz ishlari bilan birorta ham farang rasadxonasini qiziqtira olmagan va shu sababli u nemislar bilan ishlashga majbur boʻlgan).
Galle esa oʻz shogirdi Genrix dʼArre bilan birgalikda Leverye hisoblashlari asosida atigi 1 soatga yaqin kuzatuv olib borgan va nomaʼlum sayyorani Leverye belgilab bergan nuqtadan atiga 1° farq bilan koʻrishga muvaffaq boʻlgan. Shu tarzda Quyosh tizimidagi sakkizinchi sayyora matematik hisoblashlar kuchi bilan kashf qilingan edi.
Teleskopdan kuzatilganda ushbu sayyora xuddi dengiz kabi moviy rang bilan koʻrinadi. Shu sababli kashfiyotchilar mazkur sayyorani dengiz bilan bogʻliq holda nomlashga qaror qilgan, yaʼni unga qadimgi rimliklarning dengiz maʼbudi — Neptun nomi berilgan.
Qiziq fakt
Urban Leverye 1846-yilda Neptunni matematik yoʻl bilan kashf etganidan keyin samoviy jismlar harakatini oʻrganishda ushbu usulning ish berishiga amin boʻlib, oʻz muvaffaqiyatidan ilhomlanib ketgan edi. U Quyosh tizimidagi yana bir sayyoraning anomal harakatlariga eʼtibor qaratdi. Merkuriy Quyoshga eng yaqin boʻlgan sayyora boʻlib, uning ham aylanma harakatida muayyan ogʻishlar kuzatiladi.
Uran va Neptunning oʻzaro tortishish qonuniyatlari orqali Neptunni kashf qilgan Leverye Merkuriyni ham anomaliyasi orqali u bilan Quyosh oʻrtasida yana bir nomaʼlum sayyora mavjud degan taxminni ilgari surdi. Ushbu taxminga koʻra, Leverye Merkuriydan avval Quyoshga yaqinroq joylashgan sayyoraning orbitasini va taxminiy joylashuv oʻrnini ham hisoblab chiqib, oʻsha nomaʼlum sayyoraga “Vulqon” degan nom ham oʻylab qoʻygandi.
Uning hisoblashlariga qaraganda, Vulqon sayyorasi Quyosh atrofini 19 sutkada aylanib chiqadi va oʻlchamlariga koʻra Merkuriydan kichikroq boʻlishi kerak edi. Leveryening hisob-kitoblari asosida kuzatishlar olib borgan bir necha havaskor astronomlar Quyosh yaqinida haqiqatan ham Vulqonni koʻrganini taʼkidlagan. 1877-yilda oʻlimi oldidan Urban Leverye oʻzining yana bir sayyorani kashf qilganiga ishongan holda hayotdan mamnun koʻz yumgan.
Biroq Leverye bu safar yanglishgan edi. Quyosh yaqinida Merkuriydan avval hech qanday boshqa sayyora mavjud emas, oʻsha sayyorani koʻrgan astronomlar esa adashgan yoki shunchaki mashhurlik ilinjida yolgʻon xabar toʻqigan. Merkuriy sayyorasining orbital anomaliyalarini esa 1916-yilda buyuk fizik Albert Eynshteyn oʻzining nisbiylik nazariyasi orqali ilmiy izohlab bergan.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Hisoblangan Neptun
Muqova surat: freepik.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.