Snelliusning sindirish qonuni
Snelliusning sindirish qonuni. Ko'zimizda tabiiy linza bormi? Uy sharoitida snellius qonunini tajribadan o'tkazish mumkinmi? Batafsil o'qing.
4 min
19.09.2023
Fizika va astronomiya

Snellius qonuni nurning (boshqa to‘lqinlarning) bir muhitdan ikkinchisiga o‘tishidagi sinishi, boshqacha aytganda, yo‘nalishini o‘zgartirishini bayon qiladi. Masalan, yorug‘lik nuri havo orqali o‘tib kelib, shishaga tushganda, u sinadi va yo‘nalishini o‘zgartiradi. Nur yo‘nalishining o‘zgarishi, ushbu muhitdagi to‘lqin tezligining farq qilishi bilan bog‘liqdir.

 Siz Snellius qonunini juda oddiy tajriba orqali tekshirib ko‘rishingiz mumkin. Buning uchun shaffof shisha stakandagi suvga qalamni solib qo‘yib, yon tomondan qarasangiz, qalam sinib qolgandek ko‘rinadi.

 Snellius qonuni n1sinθ1= n2sinθ2 formula orqali ifodalanadi. Bu yerda n1 va n2 mos ravishda birinchi va ikkinchi muhitning nur sindirish ko‘rsatkichini ifodalaydi. Muhitlarni ajratib turgan chegaraga perpendikulyar va ushbu chegaraga nurning kelib tushish yo‘nalishi orasidagi burchak “tushish burchagi” deyiladi va u yuqoridagi formulada θ1 bilan belgilangan. 

svetilov.ru

Yorug‘lik nuri birinchi muhitdan ikkinchi muhitga o‘tgach, endilikda muhitlar chegarasiga perpendikulyar chiziqqa nisbatan θ2 burchak ostida tarqaladi. Aynan ushbu burchak sinish burchagi deyiladi. Yorug‘likning sinishi qavariq linzalarda keng qo‘llanadi: unda o‘zaro parallel yo‘nalgan nurlar linza vositasida bir yo‘nalishda sindiriladi va bir nuqtaga jamlanadi. 

Bizning ko‘zimizda ham shunga o‘xshash tabiiy linza mavjud bo‘lib, unda ham nur sinishi tufayli biz yaqin va olisdagi buyumlarni yaxshi ko‘ra olamiz. Shuningdek, yer qa’rida hosil bo‘lgan seysmik to‘lqinlar ham tarqalish chog‘ida Yer qobig‘idagi turli muhitlar chegarasida sinishga uchraydi va Snellius qonuniga muvofiq yo‘nalishini o‘zgartiradi.

Agar nur yoki istalgan to‘lqin sindirish ko‘rsatkichi kattaroq bo‘lgan muhitdan bu ko‘rsatkich kichikroq bo‘lgan muhitga o‘tayotgan bo‘lsa, ayrim sharoitlarda u sinmasdan, shunchaki akslanib to‘liq orqaga qaytadi. Optik jihatdan ushbu hodisa to‘liq ichki akslanish deyiladi. Bu ikki muhit chegarasida nurning shu darajada sinishi bo‘ladiki, u to‘liq va butunlay orqaga qaytadi. To‘la ichki akslanish ayrim turdagi optik tolalarda kuzatiladi. 

Rasmda: Kamonchi baliq (Toxotes jaculatrix) suv yuzasiga yaqin joyda, suv ichidan turib, tashqaridagi o‘t-o‘lanlarda yurgan hasharotlarni suv purkash orqali urib tushirib yeydi. Ichkaridan turib suv purkashda u nishonni to‘g‘ri olishi uchun tashqaridan kelib tushayotgan yorug‘lik nurining havo va suv muhiti chegarasida sinib, yo‘nalishini o‘zgartirishini ham, albatta, e’tiborga olishi kerak. Chunki nurning sinishi tufayli tashqarida turgan narsa suv ichidan qaraganda asl joyidan boshqacharoq joyda ko‘rinadi. Lekin Kamonchi baliq bu ishni qoyilmaqom uddalaydi. U nur sinishini o‘zining ko‘rish organlari bilan ajoyib korreksiyalab, nishonni juda aniq oladi. Bu ishni kamonchi baliq qanday bajarishini esa shu paytgacha ilm-fan aniqlay olmagan

Unda tolaning bir tarafidan kirgan yorug‘lik nuri ushbu tolaga tushgach, to‘liq tutib olinadi va tolaning narigi tarafidan chiqib ketmagunicha ushlab turiladi. To‘liq ichki akslanish, shuningdek, olmos va brilliantlarda ham kuzatiladi. Ular o‘ziga kelib tushgan yorug‘lik nurini kuzatuvchining ko‘zida to‘la akslantiradi va shu sababli serjilo tovlanib, chiroyli manzara hosil qiladi. 

Yorug‘likning sinish qonuni turli davrlarda va turli fiziklar tomonidan bir-biridan bexabar tarzda, bir necha marta kashf etilgan bo‘lsa-da, lekin fanda ushbu qonun gollandiyalik astronom va matematik Villebrord Snellius (1580— 1626) nomi bilan ataladi.


Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Snelliusning sindirish qonuni
Muqova surat: 1posvetu.ru

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!