20.02.2024
1962-yilda kimyoga bagʻishlangan ilmiy jurnallarda ilk bora XePtF₆, XeF₂, XeF₄, XeF₆ kabi yangi kimyoviy birikma formulalari paydo boʻldi. Bu kutilmagan hodisa boʻlib, sababi hali hech kim shu choqqacha inert gazlarning birorta ham kimyoviy birikmalarini ololmagandi. Davriy jadvalning oʻng tomonida joylashgan geliy, neon, argon, kripton, ksenon, radon kimyoviy elementlari toʻplami inert gazlar deyiladi.
Inert gazlarning kimyoviy reaksiyalarga kirishishi ularning tarixidagi ikkinchi kutilmagan hodisa boʻldi. Birinchi kutilmagan hodisa esa 1894-yildan 1898-yilgacha, yaʼni ushbu elementlarning kashf etilishi davrida yuz bergan edi. Oʻsha vaqtdayoq atmosferaning tarkibi yaxshi oʻrganilgan deb hisoblanardi va unda elementar tabiatning yana nomaʼlum gazlari borligi hech kimning xayoliga kelmagandi. Ingliz fizigi J. Reley birinchi boʻlib qiziq bir holatni aniqladi. Uning kuzatishlari natijasida maʼlum boʻlishicha, atmosferadan olingan azotning zichligi kimyoviy birikmalardan olingan azotning zichligidan farq qilar ekan. Bu farq esa juda kichik boʻlsa ham doimo bir xil qiymatli, yaʼni barqaror son boʻlib chiqdi. Shunda Reley mazkur gʻayrioddiylikning sababi borasida maslahat bilan vatandoshi U. Ramzayga murojaat etdi. Ramzay bilan birgalikda u tajribalarni juda koʻp bora takrorlab, natijalarni chuqur tahlil qilgach, atmosferadagi azot tarkibida yana qandaydir nomaʼlum gaz aralashmasi boʻlsa kerak degan fikrga keldi. Bir necha muddat davomli tekshiruvlardan soʻng mazkur ikki olim oʻsha nomaʼlum gazning spektrini olishga va uni atmosfera azotidan ajratishga muvaffaq boʻlishdi. Kashfiyotchilar oʻzaro kelishib ushbu yangi gazni argon deb nomlashga qaror berishdi. ʼʼArgonʼʼ qadimgi yunon tilida ʼʼfaoliyatsizʼʼ degan maʼnoni anglatadi. Darhaqiqat, argon kimyoviy reaksiyalarga kirishish xususiyatiga ega emas. Ancha vaqtgacha argon kimyoviy element deb qaralmagan, balki azotning allatropik shakl oʻzgarishi deb hisoblangan. (Kislorod va ozon gazi singari). 1895-yilda esa uran minerali boʻlmish kleveitdan boshqa bir ʼʼfaoliyatsizʼʼ element –– geliy ajratib olindi. (Geliy dastlab Quyoshda, soʻngra vulqon gazlarida va yer atmosferasida aniqlangan). Oradan 3 yil oʻtib, havodan neon, kripton va ksenon ajratib olindi. Ularning nomlari mos ravishda ʼʼyangiʼʼ, ʼʼyashirinʼʼ va ʼʼbegonaʼʼ maʼnolarini anglatadi. Bu elementlarning kashf etilishida U. Ramzayning hissasi juda katta boʻlgan. Bunda havoni siqish va suyuqlantirish haroratining farqlanishiga koʻra, ularni fraksiyalarga ajratish texnikasi qoʻllanilgan. Vanihoyat, 1899-yili olimlar: E. Rezerford va R. Ouens radioaktivlik hodisasi asosida oxirgi inert gaz –– radonni kashf etdi. Radonning nomi radiy elementidan olingan, chunki radon radiyning radioaktiv parchalanishi mahsulidir.
Mazkur inert gazlarni davriy jadval boʻyicha joylashtirish masalasi uzoq vaqtgacha ilmiy jamoatchilik orasida keng munozaralarga sabab boʻldi. Davriy jadvalning 8 ta guruhidan birortasida ham ularga mos joy topilmaydigandek edi. Nihoyat 1900-yilda inert gazlar uchun maxsus, davriy jadval ichida mustaqil nolinchi guruh tashkil qilish maqsadga muvofiq deb topildi. Oʻshandan boshlab davriy jadvaldagi 2, 10, 18, 36, 54 va 86 tartib raqamli elementlarni oʻz ichiga olgan yangi guruh Mendeleyevning kimyoviy elementlar davriy jadvalidan oʻrin oldi. Inert gazlar davriy jadvalning I dan VI gacha davrlarini tugalladi. Inert gazlarning kimyoviy nofaol ekanini faqat atomning planetar modeli ishlab chiqilgandan soʻnggina tushuntirish mumkin boʻldi. Geliydan tashqari barcha inert gazlar atomi 8 ta elektroni boʻlgan tashqi elektron qobigʻiga ega. Bunday elektron oktet juda barqaror hisoblanib, ion va kovalent kimyoviy bogʻlarni tushuntirishga asos boʻldi. Faqat XX asrning 60-yillari boshiga kelibgina inert gazlarning kimyoviy reaksiyalarga kirishish xususiyatiga ega emas degan tushuncha xato ekani maʼlum boʻldi. Bu elementlarning barqarorlik zirhini buzish ʼʼsharafiʼʼga metallmas element boʻlmish ftor erishdi. Hozirda ksenon, kripton va radonning 150 dan ortiq kimyoviy birikmalari, yaʼni ftorid, xlorid, oksid, kislota, tuz va hatto nitridlari ham maʼlum. Bunday birikmalarning koʻpligi shunga olib keldiki, endilikda zamonaviy davriy jadvallardan nolinchi guruh qisqartirildi. Barcha inert gazlar VIII guruhning bosh guruhchasiga joylashtirildi. Lekin hanuzgacha bu boradagi qarorga barcha kimyogarlar ham xayrixoh emas. Chunki, masalan, argonning kimyoviy birikmalarini olish muammo, geliy va neonning birikmalarini olish esa undan ham qiyin. ʼʼInertʼʼ degan tushuncha oʻzining oldingi maʼnosini yoʻqotdi. Koʻpincha geliy va unga oʻxshashlari kimyo fanida nodir gazlar deyiladi. Chunki yuqorida hikoya qilganimizdek, ular avvallari oltin kabi kimyoviy reaksiyalarga kirishmaydi deb hisoblanardi. Bir vaqtlar bu gazlar uchun U. Ramzayning oʻzi yana bir boshqa nom –– ʼʼsiyrakʼʼ degan taʼrifni ham taklif etgandi. U oʻz asarlarida ʼʼksenonning havodagi miqdori oltindan ham kamʼʼ deb yozgan edi. Bu uning ilmiy haqiqatga toʻgʻri yondashganini koʻrsatadi. Inert gazlar, darhaqiqat, yerda eng kam tarqalgan elementlar sirasiga kiradi. Yer atmosferasi argonga ancha boy. Argonnig atmosferadagi miqdori barcha boshqa inert gazlarning umumiy miqdoridan ham koʻp. Shu sababli ham argon birinchi boʻlib kashf etilgan edi. Inert gazlar ilm-fanda, amaliyotda keng qoʻllanadi. Masalan, suyuq geliyning xossalarini oʻrganish fizikada ajoyib kashfiyotlar qilinishiga olib keldi. Oʻta oquvchanlik, oʻta oʻtkazuvchanlik kabilar shular jumlasidandir. Gaz holatidagi geliy koʻplab ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish uchun zarurdir. Xonalarni yoritish, reklama chiroqlari va boshqa lampalarning ichi inert gazlar bilan toʻldiriladi. Kuchli oksidlanuvchi moddalarni ishlab chiqarishda ham inert gazlar keng qoʻllaniladi. Ularning kimyoviy birikmalari faqat nazariyotchilar uchun emas, balki amaliy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Ular kuchli oksidlovchi boʻlgani uchun avvallari gʻayritabiiy hisoblangan baʼzi kimyoviy reaksiyalarni olib borishga, masalan, besh valentli oltin birikmalarini olishga imkon berdi.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Inert gazlar
Muqova surat: xn--80affkvlgiu5a.xn--p1ai/
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.