20.02.2024
1986-yilda orbitaga chiqarilgan “Mir“ orbital stansiyasi Yer sayyorasi atrofida sunʼiy yoʻldosh sifatida 89 067 marotaba aylanib chiqdi, 12 ta davlatdan koinotga parvoz qilgan 104 nafar fazogirga oʻziga xos fazoviy uy boʻlib xizmat qildi. 2001-yilda esa aylanishdan toʻxtatilib, Yerga qaytarildi.
“Mir” orbital stansiyasi XX asr fan-texnikasining eng buyuk yutuqlaridan biri boʻlib, u 1986-yilning 19-fevralida Sobiq ittifoq tomonidan bir modulli — asosiy blok shaklida Yer orbitasiga chiqarilgan edi. Bosqichma-bosqich ravishda fazoviy yuk kemalari yordamida “Mir” orbital stansiyasi uchun qoʻshimcha modullar olib chiqib oʻrnatildi va ular 6 ta tutashuvchi portga ulandi. 2001-yilga kelib, “Mir” orbital stansiyasining vazni 124 tonnaga yetib qoldi va eng yirik fazoviy apparat maqomini oldi (hozirda Xalqaro fazoviy stansiya — XFSning vazni bundan ortib ketgan). Fazoviy ekspeditsiyalardan birining ishtirokchisining iborasi bilan aytganda “Mir” orbital stansiyasi bir-biri bilan old oynalari tarafdan mahkam jipslashtirilgan 4 ta maktab avtobusini eslatardi. Mazkur stansiyaga fazogirlar, odatda, “Soyuz TM” fazoviy kemasida uchib borishgan va qaytishgan. Kosmik yuklar va joʻnatmalarni esa uchuvchisiz fazo kemasi “Progress–M”da tashilgan. 1990-yillarning oʻrtalariga kelib, “Mir” Xalqaro orbital stansiya maqomini oldi. 1995-yilning 27-iyun kuni “Mir“ va AQSHning “Atlantis” fazo kemasi bilan dastlabki tutashuvi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Shu vaqtdan boshlab “Mir”ga rus (ittifoq) fazoviy kemalaridan tashqari AQSHning “Endeavor”, “Atlantis” va “Discovery” fazoviy shatllarining toʻqqiz marotaba parvozi amalga oshirildi.
“Mir”ning asosiy blok umumiy hajmi 90 m³ boʻlib, u yerda yashash xonalari, bort kompyuterlari hamda kommunikatsion texnika vositalari joylashgandi. Fazoviy stansiya uchun energiyani katta quyosh panellari ishlab chiqarib berardi. Havo esa maxsus qayta ishlash jarayonidan keyin elektroliz tizimi asosida tozalanib, yana isteʼmolga berilgan. Bort ancha tor boʻlib, ekipaj aʼzolariga koʻp oylar davomida yonma-yon bir joyda yashashga toʻgʻri kelgan. “Mir”ning xizmat muddati davomida bir necha rekordlar qayd etilgan, xususan, bort vrachi Valeriy Polyakov “Mir“ bortida uzluksiz 437 kun-u 18 soat xizmatda boʻlgan. Bu uning “Mir“ga qilgan ikkinchi safari boʻlib, birinchisi bilan qoʻshib hisoblaganda Polyakovning umumiy fazoviy xizmat muddati 678 kun 16 soat-u 34 daqiqani tashkil qiladi. Bort — muhandis Sergey Avdeyev esa koinotga uch marotaba parvoz qilgan va “Mir” orbital stansiyasida jami boʻlib 747 kun, 14 soat-u 14 daqiqa ishlagan. 1996-yilda amerikalik astronavt ayol “Mir” bortida 188 kun muddatda faoliyat olib bordi. 90-yillar oxiriga kelib “Mir” orbital stansiyasida ketma-ket texnik muammolar yuz bera boshladi. Bort asboblari va telekommunikatsiya vositalari tez-tez va tizimli ravishda ishdan chiqa boshladi. Shu tufayli uning amaliy faoliyatiga yakun yasash haqida qaror qabul qilindi. 2001-yilning 23-martida “Mir” orbital stansiyasini Yerga qaytarish operatsiyasi boshlandi. U Yer tortish kuchi taʼsirida qulay boshlagach, atmosferaning yuqori qatlamlarida katta qismi yonishga uchradi va yoʻq boʻlib ketdi. Qolgan qutgan qismlari esa Tinch okeanning janubiy qismiga kelib quladi va ummon bagʻriga choʻkib ketdi.
Shuni taʼkidlash oʻrinliki, “Mir” orbital stansiyasining yerga qaytarish operatsiyasida oʻzbek fazogiri Solijon Sharipov ham faol ishtirok etgandi. Uning vazifasi “Mir“ orbital stansiyasining Yerga qulash jarayonida mabodo hisoblangan trayektoriyadan favqulodda chetlashib, xavf tugʻdiruvchi yoʻnalish hosil qilsa, uni oʻz boshqaruvidagi darhol start oladigan kosmik kemaga, osmonning oʻzidayoq ergashtirib, xavfsiz yoʻnalishga burish boʻlgan. Yaxshiki, “Mir”ning qulashi oldindan hisoblangan trayektroriya boʻyicha aniq va muvaffaqiyatli amalga oshirildi va Solijon Sharipovning aralashuviga hojat boʻlmadi.
Yirik planda:
Har bir blokning oʻz vazifasi boʻlgan. Asosiy blok markaziy boshqaruv punkti boʻlib, u joydan orbital stansiyaning barcha ilmiy tadqiqot ishlari, barcha energetik, ilmiy va aloqa tizimlarining nazorati olib borilgan. Yashash boʻlmalari (otsek) ham aynan asosiy blokda joylashgan. 1987-yilda tutashtirilgan “Kvant–1” moduli vazifasi galaktikalar, kvazarlar va neytron yulduzlarni tadqiq qilish boʻlgan fazoviy asbob-uskunalarni “Mir“ga eltib bergan. 1989-yilda tutashtirilgan “Kvant–2” moduli esa orbital stansiyadagi fazogirlarning hayot faoliyati uchun zaruriy uskunalarni bortga yetkazgan. 1990-yilda tutashtirilgan “Kristall” moduli esa oʻzi bilan juda xilma-xil ilmiy tadqiqotlar uchun moʻljallangan koʻp sonli fazoviy ilmiy tekshirish asboblarini olib chiqqan. 1995-yilgi tutashuvda “Spektr“ moduli Yer atmosferasining yuqori qatlamlari hamda okean yuzasining kosmik tadqiqotlari uchun moʻljallangan edi. Keyingi yili orbitaga olib chiqilgan “Priroda” modulida Yer sirtini turli toʻlqin uzunliklarida kuzatib borish hamda insonning uzoq vaqt davomida koinotda boʻlishi sharoitidagi psixofiziologik oʻzgarishlarini kuzatib, ilmiy tekshirishlar uchun natijalar qayd etishga vazifalangan.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → “Mir” orbital stantsiyasi
Muqova surat: freepik.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.