Hind-arab pozitsion raqamlash tizimi
Hind arab pozitsion raqamlash tizimi, raqamlar tizimi qayerda va qachon paydo bo'lgani, raqamlarning ko'rinishi nimadan olingani haqida.
3 min
03.10.2023
Matematika

Ushbu raqamlash tizimi qadimgi Hindistonda paydo boʻlgan. Bu tizimda raqamlarning yozilish shakli, qadimgi sanskrit tilidagi tegishli son nomlarining bosh harflarini devangari alifbosidagi yozilishga oʻxshatib olingan. Dastlab bu belgilar orqali 1, 2, 3 … 9, 10, 20, 30, … 90, 100, 1000 sonlari tasvirlangan. Keyinroq borib, boʻsh xonani koʻrsatish uchun maxsus belgi (qora nuqta, toʻgarakcha) qoʻyish joriy qilingan.

 Vaqt oʻtib 9 dan katta sonlarni tasvirlovchi belgilar devangari raqamlash tizimi oʻnli sanoq tizimiga aylanib qolgan. Oʻnli sanoq tizimiga qay tarzda va qachon oʻtilgani hozirgacha maʼlum emas. VIII asr oʻrtalariga kelib ushbu pozitsion raqamlash tizimi butun Hindistonda keng qoʻllanila boshlangan. 

Taxminan oʻsha davrlarda bu raqamlash tizimi asta-sekinlik bilan boshqa mamlakatlarga, xususan, Hindixitoy yarimoroliga, Xitoy, Tibet, Oʻrta Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlariga keng yoyilgan.

 Aynan shu raqamlash tizimining avval musulmon sharqi mamlakatlariga, keyinchalik esa Yevropa va butun dunyoga tarqalishida buyuk alloma, vatandoshimiz Muhammad Muso al-Xorazmiyning hissasi favqulodda ulkan boʻlgan. Chunki al-Xorazmiy oʻzining barcha ilmiy asarlarda, chunonchi, mashhur “Al-Jabr val Muqobala” kitobida aynan ushbu raqamlash tizimidan foydalangan.

 Al-Xorazmiy asarlari IX—XII asrlar davomida dunyoning taraqqiy etgan barcha qismlarida matematikadan eng asosiy qoʻllanma boʻlib xizmat qilgan va XII asrda uning asarlari lotin tiliga oʻgirilib, butun Yevropaga ommalashtirilgan. Shu orqali unda qoʻllangan raqamlash tizimi, yaʼni hindcha pozitsion raqamlash usuli matematikadagi asosiy raqamlash tizimga aylangan. Al-Xorazmiy oʻz asarlarini oʻsh vaqtda musulmon sharqi uchun umumiy ilmiy til boʻlgan — arab tilida bitgan.

 Yevropaliklar bu tizimni al-Xorazmiy asarlari orqali tanishgani bois uni “arabcha raqamlash”, tizimdagi sonlarni oʻzini esa “arab raqamlari” deb nomlagan. Bu tarixan notoʻgʻri atama boʻlsa-da, lekin u ilmiy muomalada oʻrnashib boʻlgani bois, fanga oid adabiyotlarda hali-hanuz keng qoʻllanilmoqda.

Hindcha-arabcha raqamlarning shakli koʻp bora oʻzgargan. Arab tilida bitilgan qoʻlyozmalarda ular quyidagi koʻrinishda ifodalangan (arab imlosiga koʻra oʻngdan chapga):

٠=0 , ١=1 , ٢=2, ٣ =3 , ٤=4 , ٥= 5 , ٦=6 , ٧=7 , ٨=8 , ٩=9

Hind-arab raqamlarining hozirgi shakli taxminan XVI asrda paydo boʻlgan deb hisoblanadi. Keng tarqalgan fikrga koʻra, bunda raqamni ifodalovchi belgi-shakldagi burchaklar soni ushbu songa teng boʻlishi eʼtiborga olingan emish. Buning qanchalik haqiqat ekani bizga qorongʻi. Bu tamoyilni quyidagi rasm orqali yaqqol tushuntirish mumkin.

orbita.uz / zagadka-reshenie-otvet.ru

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Hindcha-Arabcha pozitsion raqamlash tizimi
Muqova surat: freepik.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!