Ppm – milliondan bir ulush
Ppm so'zining kengaytmasi, ma'nosi, matematik jihatdan nisbatlanishi va ppm o'rnidagi belgining qo'llanilishi haqida bilib oling.
4 min
03.10.2023
Matematika

Ppm – muayyan nisbiy kattalikning asosiy koʻrsatkichga nisbatan 1·10⁻⁶ ulushiga teng boʻlgan oʻlchov birligi. Termin inglizcha parts per million soʻzlarining birinchi harfidan yasalgan boʻlib, pi-pi-em deb oʻqiladi. Matematik belgilanishlarda ppm birligi oʻrniga, shuningdek, mln⁻¹ deb belgilash holatlari ham uchraydi, baʼzan esa matn ichida shunchaki oddiy oʻzbekcha qilib “m.u.” ( milliondan ulush). Matematik jihatdan ppm quyidagi nisbatlarga teng boʻladi:

  • 1 mln⁻¹= 0,001 ‰ = 0,0001 % = 0,000001 =10⁻⁶;
  • 1 % = 10 000 ppm;
  • 1 ‰ = 1000 ppm.

Moddalarning konsentratsiyasini milliondan bir ulushda ifodalanganda odatda ularning mol ulushi nazarda tutilayotgan boʻlishi ham mumkin. Lekin noaniqliklarga va chalkashliklarga yoʻliqmaslik uchun baribir har qanday holatda ham kattalikni aniq koʻrsatish tavsiya etiladi. 

Shuningdek, biror moddaning massa ulushi ppm orqali koʻrsatilayotgan boʻlsa, ramziy belgi ppmw tariqasida ifodalanishi mumkin. Bunda 1 ppmw = 1 g/t = 1 mg/kg boʻladi. Xuddi shuning singari, moddaning hajmiy ulushini ppm bilan koʻrsatmoqchi boʻlganda, ppmv tarzida ifodalanishi mumkin. Bunda 1 ppmv = 1sm³/1m³ boʻladi.

Misol uchun, biror moddaning aralashma tarkibidagi massa ulushi 15 ppmw deb koʻrsatilgan boʻlsa, 1 kg aralashma tarkibida oʻsha moddadan 15 mg mavjud boʻladi. Masalan, Yer atmosferasidagi karbonat angidrid gazi miqdori 380 mmpv atrofida deyiladi. Bu degani, har bir m³ havo tarkibida taxminan 380 ml karbonat angidrid gazi boʻladi. Is gazi haqidagi maqolada esa biz CO gazining qanday ppm miqdori odamga zaharli taʼsir koʻrsatishini koʻrib chiqqan edik.

Ingliz tilidan yaxshi xabardor boʻlgan mutolaachi balki ppmw va ppmv nega aynan shunday belgilanishi payqagan boʻlsa kerak. Bundagi w – inglizcha weight soʻzidan, v esa volume soʻzidan olingan boʻlib, massa va hajmga ishora qiladi.

Shuni taʼkidlash lozimki, Oʻlchov va tarozilar xalqaro idorasi (OʻTXQ) va Xalqaro amaliy va nazariy kimyo ittifoqi (IUPAC) muayyan qiymatni ifodalashda ushbu qiymat tegishli boʻlgan kattalikning oʻzidan aniq foydalanishni tavsiya etadi va qiymatlarni nisbiy oʻlchovlar orqali koʻrsatmaslikka chaqiradi. Xususan, IUPAC ppm birligidan umuman foydalanmaslikni tavsiya qiladi va buning oʻrniga karrali ulushlarning oʻzaro nisbatini koʻrsatish (masalan, mg/kg deb) kerakligini uqtiradi.

Birlik sifatida ppm ni tushunib olish uchun foiz haqidagi bilimlaringizni taqqoslab koʻrishingiz mumkin. Foiz lotincha per cento – yuzdan bir degani (1/100). Cent – 100 sonini bildiradi, shu sababli ham 100 sent – 1 dollar boʻladi, rim raqamlarida 100 soni C harfi bilan belgilanadi. Foiz, yaʼni protsent – “yuzdan bir” degani boʻladi. Xuddi shuning singari, ppm ham “milliondan bir” degan ulushni ifodalaydi.

Texnik va ilmiy adabiyotlarda, shuningdek, milliarddan bir ulushni ifodalash uchun ppb (parts per billion = 10⁻⁹) yoki ppt (part per trillion = 10⁻¹²) birliklarini ham uchratish mumkin.

Shunga qatʼiy eʼtibor berish kerakki, ilmiy-texnik adabiyotlarda nisbatan tez-tez uchraydigan promille birligini ppm bilan aslo va mutlaqo adashtirib yuborish mumkin emas. Promille – per mille “mingdan ulush” degani boʻladi va matematik jihatdan u 1/1000 ga yoki 0,01 foizga teng boʻladi.


Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Ppm – milliondan bir ulush
Muqova surat: orbita.uz

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!