Ot kuchi qanday birlikda o‘lchanadi?
Ot kuchi, ot kuchining o'lchanishi, metrik ot kuchi va bug' mashinasi haqida ma'lumotlar bilan tanishing.
3 min
05.10.2023
Matematika

Ot kuchi SI tizimiga kirmaydigan, lekin keng qoʻllaniladigan quvvat birligi. Oʻzbekcha belgilanishi — o.k. Xalqaro belgilanishi — hp (inglizcha horsepower soʻzidan).

Siz bu birlikning asosan avtomobillar dvigateliga nisbatan qoʻllanishiga guvoh boʻlgansiz. Jahonda “ot kuchi” termini ostida tushuniladigan bir necha xil oʻlchov birliklari mavjud. Lekin ular ichida eng asosiysi “metrik ot kuchi” deyiladigan va SIʼdagi muqobiliga koʻra 735,49875 vatt deb aniq belgilangan ot kuchi birligidir. Garchi ushbu birlik isteʼmoldan chiqarilgan boʻlsa-da, lekin avtomobilga oid texnik hujjat va ilmiy adabiyotlarda qoʻllanishda davom etmoqda. Xalqaro birliklar tizimida quvvatning rasmiy belgilangan oʻlchov birligi bu – vatt boʻladi.

Ot kuchi birligi uchun koʻplab adabiyotlarda quyidagicha taʼrif beriladi: 1 o.k. bu – standart erkin tushish tezlanishi sharoitida massasi 75 kg boʻlgan yukni vertikal yoʻnalishda, bir soniyada 1 metr koʻtarish uchun sarflangan quvvatga aytiladi. Bu holatda 1 o.k. = 735,49875 Vt ga teng boʻladi va aynan shu qiymat “metrik ot kuchi” deyiladi (u metr tizimiga kirmasa ham).

AQSh va yana ayrim mamlakatlarda avtomobilsozlik sanoatida 1 o.k. = 745,69988145 Vt deb qabul qilingan. Bu esa metrik ot kuchidan 1,01386967887 ga kattadir.

Shuningdek, AQSh elektr energetikasida ot kuchi birligining yanada boshqacharoq uchinchi turi – elektr ot kuchi qoʻllaniladi. Unga koʻra, bir ot kuchi = 746 Vt deb olinadi. Yana oʻsha AQShning bugʻ qozonlari tasarruf qiluvchi issiqlik manbai korxonalarida ot kuchi birligining “bugʻ qozon ot kuchi” deb nomlanadigan yana bir turi qoʻllaniladi. Uning qiymati 9809,5 Vt ga teng.

Ot kuchi birliklarining bu qadar chalkash qoʻllanilishi juda koʻp tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Shu sababli Jahon metrologiya tashkiloti mazkur birlikdan imkon qadar tez voz kechib, umumqabul qilingan Vatt birligidan foydalanishga oʻtishga chaqirgan.

Ushbu birlikning kelib chiqish tarixi Jeyms Uattning bugʻ mashinasini ixtiro qilishi bilan bogʻliq. U oʻz mashinasining nechogʻlik quvvatga ega ekanini isbotlash va namoyish qilish uchun bitta bugʻ mashinasi bir necha otning oʻrnini bosa olishi haqida soʻz ochadi. Uning bugʻ mashinalaridan birini sharob ishlab chiqaruvchi korxona egasi sotib oladi.

 Aytishlaricha, oʻsha sharob korxonasida suv nasosini bundan avval otlar aylantirgan boʻlib, ularning oʻrniga Uattning bugʻ mashinasi qoʻyilgach, bitta mashina 1,5 ta otning oʻrnini bosa olishi hisob-kitob qilingan ekan. Oʻshandan buyon mashina dvigateli quvvati ot kuchi bilan taqqoslanishi urfga kirib qolgan.


Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Ot kuchi
Muqova surat: freepik.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!