Bir dengiz mili qanchaga teng?
Dengiz mili, dengiz milining aviatsiyada qo'llanilanilishi, belgisi, xalqaro birliklar tizimidagi o'rni haqida batafsil tanishib chiqing.
3 min
06.10.2023
Matematika

Dengiz mili asosan dengizchilikda va qisman aviatsiyada qoʻllanadigan, shuningdek, dengiz boʻyi mamlakatlarida hududiy qirgʻoq masofasi, hududiy suv chegarasini belgilash uchun ishlatiladigan masofa oʻlchov birligi. U SI Xalqaro birliklar tizimiga kirmaydi. Dengiz milining belgilanishi OTXQ va Xalqaro gidrografiya jamiyati qoidalariga koʻra M tarzida qabul qilingan (inglizcha mile soʻzidan).

Lekin fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti NM tarzida (Nautical Mile soʻzlarining bosh harfidan) hamda ayrim boshqa tashkilotlarda nm tarzida belgilanishi ham uchrab turadi. Lekin ushbu nm tarzida belgilanishi OʻTXQ tomonidan maʼqullanmagan va qoʻllashga tavsiya etilmaydi. Chunki u nanometr birligining belgisi bilan aynan bir xil boʻlib qoladi. Oʻzbekchada qisqartma tarzida DM deb yozilishi maqsadga muvofiq boʻladi.

OʻTXQ tomonidan dengiz mili birligi ham xalqaro birliklar tizimi bilan birgalikda qoʻllashga ruxsat berilgan.

Metrga oʻgirganda 1 dengiz mili masofasi 1852 metr boʻladi. Yer meridiani uzunligining 1 daqiqasiga yoki boshqacha aytganda, 1 daqiqa (ʼ) geografik uzunlikka teng. Shunga koʻra, meridian boʻylab 1852 metr yurgan, yaʼni 1 dengiz mili masofasini bosib oʻtgan kema 1ʼ geografik kenglikni bosib oʻtgan hisoblanadi.

Aslida Yer meridianining yoy uzunligi kengliklar boʻyicha teng emas. Chunki Yer ideal shar shaklida boʻlmay, balki qutblarda biroz qavariqlashgan koʻrinishda boʻlib, Yerning shaklini fanda geoid deyiladi (koʻproq mandarin shakliga oʻxshab ketadi). Shu sababli Yer meridianining 1ʼ daqiqasi uzunligi qutblar yaqinida 1862 metr, ekvatorda esa 1843 metr boʻladi. Ushbu qiymatlarning oʻrtachasi olingan boʻlib, 1 dengiz mili masofasini 1852 metrga teng deb qabul qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiya Xalqaro gidrografiya tashkilotining 1929-yilda Monakoda boʻlib oʻtgan konferensiyasida qabul qilingan.

Dengiz mili birligining yagona ulushli birligi kabelt boʻlib, 1 dengiz mili 10 kabeltga teng (boshqacha aytganda, 1 kabelt 1/10 DM). Shundan kelib chiqadiki, 1 kabelt 185,2 metrga teng boʻladi. Shuningdek, 1 kabelt meridianning 6 soniyasiga toʻgʻri keladi. 

Kabelt birligi dengizda bir yoʻnalishda suzayotgan flotdagi kemalar orasidagi masofani saqlashda va bandargohlarga kirib kelishda qirgʻoqqacha boʻlgan masofani belgilashda ishlatiladi.

Shuningdek, dengizchilikda kema tezligini belgilashning uzel birligi mavjud boʻlib, bu aynan dengiz mili birligidan keltirib chiqarilgan hosilaviy birlik sanaladi. Unga koʻra, 1 uzel tezlik soatiga 1 DM masofani bosib oʻtishga teng boʻladi.


Bu muhim!

Dengiz mili birligini oddiy mil bilan adashtirmaslik lozim. Aynan shu sababga koʻra ham unga dengiz soʻzi qoʻshib aytiladi. Asosan Britaniya va AQShda qoʻllanadigan oddiy mil birligi dengiz miliga nisbatan biroz qisqa boʻlib, u 1609,344 metrga teng. Oddiy mil qadimgi Rim askarlarning har ikkala oyogʻi bilan qadam tashlaganda (1—2) shunday qadamlarda ming qadam masofani bosib oʻtganiga teng deb olingan.


Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Dengiz mili
Muqova surat: freepik.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!