Nobel 2023 mukofotini kimlar va nima uchun oldi?
8 min
09.10.2023
Boshqa

2–9-oktabrda Stokgolm va Oslo shaharlarida Nobel haftaligi boʻlib oʻtmoqda. 

Nobel mukofoti — ilm-fan sohasidagi eng nufuzli xalqaro mukofotlardan biri boʻlib, tibbiyot, fizika, kimyo, adabiyot, iqtisod va ijtimoiy faoliyat sohalarida erishilgan yuksak yutuqlar uchun taqdim etiladi.

Taqdirlash marosimida gʻoliblarga diplom, oltin medal va pul mukofoti topshiriladi (2023-yilda bu $986 000 ni tashkil etadi). 

Ushbu maqolada qaysi olim va nima uchun 2023-yilgi mukofotni qoʻlga kiritganini aytib oʻtamiz.


Tibbiyot

Mukofot qachon berildi: 2-oktabr, 2023-yil
Kimga: Katalin Kariko va Dryu Vaysman
Davlat: Vengriya, AQSH
Nima uchun: COVID-19 virusiga qarshi mRNK vaksinasi ortidagi tadqiqotlar uchun

Katalin Kariko (chapda) va Dryu Vaysman (oʻngda) / nobelprize.org

1990–2010-yillar davomida vengriyalik biokimyogar Katalin Kariko va amerikalik immunolog Dryu Vaysman sintezlangan matritsali RNK (mRNK) asosida yangi avlod vaksinasini ishlab chiqish uchun nukleozid asoslarini faol ravishda modifikatsiya qilib kelishdi.

mRNK vaksinasida virus mavjud emas, faqat uning genetik maʼlumotlarining bir qismi bor xolos. Ammo inson tanasi sintezlangan mRNKni toʻlaqonli virus sifatida qabul qilardi va kuchli yalligʻlanish reaksiyasi bilan javob berardi. Shu sababli shifokorlar mRNKga asoslangan texnologiyalarning imkoniyatlarini past deb baholashardi. Olimlar nukleozidlar kimyosini shunday oʻzgartirishga muvaffaq boʻldiki, mRNKga qarshi yalligʻlanish reaksiyasi deyarli yoʻqoldi. Pandemiya davrida aynan shu ishlanmalar Pfizer va Moderna kompaniyalariga COVID-19 virusiga qarshi vaksinalar yaratishga imkon berdi.

Katalin Kariko va Dryu Vaysmanlarning kashfiyotlaridan Zika virusi kabi boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar ishlab chiquvchilar va saratonning ayrim turlariga davo izlayotgan tadqiqotchilar ham foydalanib kelishmoqda.


Fizika

Mukofot qachon berildi: 3-oktabr, 2023-yil
Kimga: Pyer Agostini, Ferens Kraush va Enn LʼYuile
Davlat: AQSH, Germaniya, Shvetsiya
Nima uchun: attosekundli yorugʻlik impulslarini hosil qiluvchi eksperimentlar uchun

Chapdan oʻngga: Pyer Agostini, Ferens Kraush va Enn LʼYuile / nobelprize.org

Attoskeund — soniyaning kvintilliondan biriga (10⁻¹⁸) teng vaqt birligi.

Fiziklar atom va molekulalar ichidagi elektronlarning harakatini oʻrganishga yordam beradigan tajribalari uchun mukofotga loyiq deb topildi. Pyer Agostini, Ferens Kraush va Enn LʼYuile elektronlar harakatlanadigan yoki energiyani oʻzgartiradigan tezkor jarayonlarni oʻlchash uchun qoʻllanishi mumkin boʻlgan qisqa yorugʻlik impulslarini yaratish usulini namoyon qildi.

Elektronlar olamida oʻzgarishlar doimo va chaqmoq tezligida roʻy beradi. Ular attosekundning bir necha oʻndan bir qismida sodir boʻladi. Nobel qoʻmitasi taʼkidlashicha, “attosekundlar shunchalik qisqaki, ularning 1 soniya ichidagi soni koinot yuzaga kelganidan keyin oʻtgan soniyalar soniga teng boʻlishi mumkin.

Ushbu oʻzgarishlarni qayd etish uchun fiziklarga maxsus uskuna kerak va bu borada ular lazer nurlanishining attosekund impulslaridan foydalandi. Bu usulni ilk marta Enn LʼYuile 1980-yillar oxirida infraqizil lazer nurini inert gaz orqali oʻtkazganida kashf etgandi. 2001-yilda Pyer Agostini har biri atigi 250 attosekund davom etatigan ketma-ket yorugʻlik impulslarini ishlab chiqardi va oʻrgandi. Ferens Kraush esa 650 attosekundlik bitta yorugʻlik impulsini ajratish imkoniyatini beradigan tajriba oʻtkazgan.

Fizika boʻyicha Nobel qoʻmitasi raisi Yeva Olsson attosekund fizikasi elektronlar tomonidan boshqariladigan mexanizmlarni tushunishga imkon berishini aytdi. Ularni amaliyotda, masalan, tibbiyot yoki elektronikani loyihalash va ishlab chiqarishda qoʻllash keyingi ulkan qadam boʻladi.

→ Nobel qanday mukofot?


Kimyo

Mukofot qachon berildi: 4-oktabr, 2023-yil
Kimga: Mungi Bavendi, Lui Bryus va Aleksey Yekimov
Davlat: AQSH
Nima uchun: kvant nuqtalarini kashf etgani va sintez qilgani uchun

Chapdan oʻngga: Mungi Bavendi, Lui Brus va Aleksey Yekimov / nobelprize.org

Kvant nuqtalari deb shunchalik kichik nanozarrachalarga aytiladiki, ularning oʻlchamlari ularning xususiyatlariga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladi. Masalan, bunday zarrachaning oʻlchamlari uning qanday rangga ega boʻlishini aniqlaydi. Hajmi oʻzgarishi bilan rang ham oʻzgaradi.

Tadqiqotchilar anchadan beri nanozarrachalar qiziqarli va noodatiy kvant effektlarini keltirib chiqarishi mumkinligini aytib kelishgan, biroq ular ommaviy ishlab chiqarishda qoʻllanilishiga ishonishmagan — bu sohadagi tajribalar juda murakkab va oldindan bashorat qilishning iloji yoʻqdek tuyulardi. Endilikda kvant nuqtalari QLED texnologiyasi asosidagi LED lampalarini, kompyuter monitorlari va televizor ekranlarini yoritmoqda, shuningdek, jarrohlarga oʻsimta toʻqimasini olib tashlashda yordam bermoqda. 

Mis xloriddan kvant nuqtalarini birinchi boʻlib 1980-yillarning boshlarida asli rossiyalik boʻlgan Aleksey Yekimov sintez qildi. Oʻsha paytda u Sankt-Peterburgdagi Vavilov nomidagi davlat optik institutida ishlardi. Bir necha yil oʻtgach, Lui Bryus kadmiy sulfid nanozarrachalarining kolloid eritmasida kvant effektlarini tasdiqladi. 1993-yilga kelib Mungi Bavendi kimyoviy ishlab chiqarishda inqilob qila oldi: u kerakli oʻlchamdagi kvant nuqtalarini sintez qilish uchun qoʻllanishi mumkin boʻlgan oddiy va bashorat qilinadigan usulni ishlab chiqdi.

Nobel qoʻmitasining fikricha, kelajakda kvant nuqtalari egiluvchan elektronika, mayda sensorlar va yupqa quyosh panellarini yaratishda foydali boʻladi.


Adabiyot

Mukofot qachon berildi: 5-oktabr, 2023-yil
Kimga: Yun Fosse
Davlat: Norvegiya
Nima uchun: tushunarsiz narsalarni ifodalashga imkon beruvchi innovatsion pyesa va nasrlar uchun

Yun Fosse / nobelprize.org

Yun Fosse 1959-yilda Norvegiyaning Bergen shahrida tugʻilgan va shu kungacha oʻsha yerda yashaydi. Uning aksariyat kitoblari 40 tadan koʻp tilga tarjima qilingan. Yozuvchi Yevropadagi eng mashhur dramaturglardan biri hisoblanadi, uning pyesalari minglab marta sahnalashtirilgan. 

Fosse Norvegiya mustaqillik harakati davrida vujudga kelgan va hozirda aholining atigi 10 foizi gaplashadigan yangi norveg tili — nynorsk tilida yozadi. Jurnalistlarga bergan intervyusida u Nobel qoʻmitasi qaroridan hayratda qolgani va ushbu qaror yangi norveg tilining tan olinishini bildirishini taʼkidlagan.

→ 2022-yili kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti qanday kashfiyot uchun berildi?


Tinchlik

Mukofot qachon berildi: 6-oktabr, 2023-yil
Kimga: Narges Mohammadi
Davlat: Eron
Nima uchun: Eronda ayollarga nisbatan zulmga qarshi kurashi va barcha uchun inson huquqlari va erkinliklarini targʻib qilgani uchun

Narges Mohammadi / nobelprize.org

51 yoshli Mohammadi inson huquqlari sohasidagi faoliyatini 1990-yillarda boshlagan, 26 yoshida ilk bor Eron hukumati eʼtiboriga tushgan. Yillar davomida u mamlakatda oʻlim jazosini bekor qilish uchun kurashdi, siyosiy mahbuslarga nisbatan qiynoq va jinsiy zoʻravonliklarga qarshi chiqdi, faollar va ularning oilalariga yordam berdi.

“Jasoratli kurashi unga qimmatga tushdi. Eron hukumati uni 13-marta hibsga oldi, besh marta aybdor deb topdi va jami 31 yil qamoqqa hukm qildi. U hozirgacha qamoqda”, — deyiladi xabarda. 


Iqtisod

Mukofot qachon berildi: 9-oktabr, 2023-yil
Kimga: Klaudiya Golding
Davlat: AQSH
Nima uchun: ayollarning mehnat bozoridagi oʻrni va samaralari borasida tadqiqot uchun

Klaudiya Golding / nobelprize.org

Asosiy nominatsiyalardan farqli oʻlaroq, ushbu mukofot Alfred Nobel xotirasiga atab Shvetsiya milliy banki tomonidan taʼsis etilgan. Mukofot iqtisodiyot yoʻnalishidagi yutuqlar uchun taqdim etiladi.

Klaudiya Golding AQSH Garvard universiteti iqtisodchisi sifatida faoliyat koʻrsatadi. U mehnat bozoridagi gender farqlarining asosiy omillarini ochib berishga, ming yillar davomida ayollarning daromadlari va mehnat bozoridagi ishtiroki toʻgʻrisida birinchi bo‘lib to‘liq ma’lumotni berishga muvaffaq boʻlgan.

“Jahon mehnat bozorida ishlovchi ayollar soni juda kam va ular erkaklardan kamroq oylik oladi. Goldin katta miqdordagi maʼlumotlarni tahlil qilib, yillar davomida daromadlar va bandlik darajasidagi gender farqlari qanday va nega o‘zgarganini ko‘rsatishga erishgan”, — deyiladi xabarda.


Maʼlumot uchun, Nobel 2023 haftaligini toʻliq yopiq deb e’lon qilish mumkin. Laureatlarni taqdirlash marosimi 10-dekabr — Alfred Nobelning vafot etgan kuni boʻlib oʻtadi.


Manba va muqova surat: nobelprize.org

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!