Buyum nomiga aylanib ketgan brendlar
Oʻrta
5 min
13.10.2023
Tilshunoslik va filologiya

Oxirgi 70 yil ichida texnologiya juda jadal rivojlandi va minglab yangi mahsulot, brend va kompaniyalar paydo boʻldi. Baʼzi mahsulotlar bozor uchun yangi boʻlgani sabab ularga qoʻyilgan savdo belgisi ushbu mahsulotning butun toifasiga nom boʻlib qoldi. Bu maqolada aynan shunda savdo belgilari haqida gaplashamiz.

Tefal. Hozirda elektr choynaklar xalq orasida xuddi shu nom bilan ataladi. Bu soʻz aslida elektr choynak maʼnosini bermaydi, u xalqaro brend, savdo belgisi. Bu belgi ostida faqat elektr choynaklar emas, turli maishiy uskunalar va idishlar ishlab chiqariladi. Taʼkidlanishicha, ichki bozorga ilk bor aynan shu yorliqdagi suvqaynatar choynaklar olib kirilgan va ommalasha boshlagan. Hozirgi kunda esa boshqa kompaniyalar ham aynan shunday elektr choynak ishlab chiqarsa-da, aksar odamlar uni tefal deb atashda davom etmoqda.

Tefal elektr choynagi / satu.kz

Pampers (Procter & Gample korporatsiyasining shuʻba kompaniyasi) postsovet davlatlarida oʻz mahsulotlarini shunchalik faol reklama qildiki, boshqa brendlar uning soyasida qolib ketdi. Natijada, har qanday taglik mahsulotlarini pampers deb ataydigan boʻlib qoldik.

Pampers tagligi / wikipedia.org

Biz hozirda jakuzi deb nomlaydigan gidromassaj vanna turi aslida shu vannalarni birinchi boʻlib ishlab chiqargan kompaniya nomi boʻlgan. Kompaniyaga 1915-yilda Italiyadan kelgan, familiyasi Jakuzzi (toʻgʻri oʻqilishi Yakutsi) boʻlgan aka-uka muhojirlar tomonidan asos solingan.

Jakuzi / vsanuzel.ru

Fyon — togʻlardan vodiylarga esadigan iliq va quruq shamol. XX asr boshidan beri Germaniyada Fön brendi ostida sochni qurituvchi moslamalar ishlab chiqarila boshlandi. Bu soʻz nafaqat nemis tilida, balki rus va oʻzbek tillarida ham shu moslamani ataydigan soʻzga aylanib ulgurdi.

Fyon feni / faz.net

Bugungi kunda jip atamasi barcha yoʻltanlamas transport vositalariga nisbatan qo’llanadi. Bu soʻzning kelib chiqishi koʻplab bahs-munozaralarga sabab boʻlib keladi. Eng keng tarqalgan versiyaga koʻra, jip soʻzi Ford Motors kompaniyasining GPW qisqartmasidan kelib chiqqan (G — davlat buyurtmasi, P — gʻildirak bazasi 203,2 cm gacha boʻlgan avtomobil, W — Willys kuzov turi). Aytish joizki, hozirda AQShda Jeep brendi ostida avtomobil ishlab chiqariladi.

Jeep Wrangler / jeep.com

1970-yillarda SSSR bozorida ilk marotaba qogʻozdan nusxa koʻchirish mashinalari paydo boʻldi — uning nomi Xerox edi. Endilikda esa aksar postsovet mamlakatlarida ushbu xizmat turi kserokopiya deb ataladi.

Xerox oʻz mahsulotlarini namoyish qilmoqda / npr.org

Odatda koʻp qavatli uylar hojatxonasida ishlatiladigan qurilma — unitaz ham qachonlardir kompaniya nomi boʻlgan. SSSR payti aynan Unitas brendi mamlakatga ushbu turdagi santexnikani olib kirgan.

Unitaz / leonardo.ai

Flomaster soʻzi XX asrning ikkinchi yarmida rangli siyoh va markerlar ishlab chiqaruvchi Flo-Master savdo belgisidan kelib chiqqan.

Flo-master kompaniyasi mahsuloti / brandmark.ua

Hammom qozonlari — boylerda ham shunga oʻxshash vaziyat: ularga ariston deb nom berilgan. Aslida, Ariston ham savdo belgisi. Bugun soʻzlashuv tilida boshqa rusumdagi suvqozonlar ham ariston deyiladi. Bu soʻz elektr va gazda ishlaydigan suv isitgichlarga birday ishlatilaveradi.

Ariston hammom qozoni / brandmark.ua

Yuqoridagi baʼzi atamalar ommalashishiga ularning asl nomi aytishga qiyinligi ham sabab boʻlgan boʻlishi mumkin. Xalq tili soddalikni yoqtiradi. Elektr choynak, gidromassaj vanna yoki suvqaynatar deyishdan koʻra tefal, jakuzi yoki ariston deyish osonroq.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!