Bir chaqirim qanchaga teng?
Bir chaqirim qanchaga teng? Chaqirim so'zining ma'nosi, kelib chiqishi, qadimda necha qadam bo'lgani va hozir necha kn ga tengligi haqida.
2 min
17.10.2023
Tilshunoslik va filologiya

Chaqirim turkiy soʻz boʻlib, chaqirmoq feʼlidan yasalgan. Albatta, bunda yon-atrofning tinch, osudaligi ham ahamiyatga ega. Hozir shahar sharoitida ovozingiz besh yuz metrga ham yetib bormasligi mumkin. Chaqirim ochiq dala sharoitida kishi tovushini ikkinchi sherigi eshita olishi mumkin boʻlgan masofadir.

Chaqirim katta masofalarni oʻlchash uchun Oʻrta Osiyoda qadimdan qoʻllab kelingan. Milliy ensiklopediyada yozilishicha, qiymati 1200 qadamga teng. Agar bir qadam oʻrtacha 0,75 m ekani hisobga olinsa, unda 1 chaqirim 0,9 km ga teng boʻladi.

Biroq XIX oxiridan boshlab chop etilgan adabiyotlarda 1 chaqirim 1500 gaz ga teng ekani haqida maʼlumotlar uchraydi. Bunda 1 gazning 0,71-0,72 m ekani hisobga olinsa, 1 chaqirim 1,065 yoki 1,08 km ga teng.

Chor Rossiyasining 1894-yilda rus oʻlchov birligiga oʻtishi toʻgʻrisidagi koʻrsatmasi chiqqan davrgacha 1 chaqirim 0,9 km ga, undan keyin esa 1 chaqirim 1,06 yoki 1,08 km ga teng boʻlgan. Hozir 1 chaqirim deganda 1 km tushuniladi.

1990-yilgi ensiklopedik lugʻatga koʻra, 1 chaqirim 500 sarjinga, yaʼni 1,0668 km ga teng.

Baʼzi manbalarda 1 chaqirim 1006 metr deb berilgan. Bu 1,006 km ga teng. Shu maʼlumotga tayanilsa, u kilometr bilan deyarli bir xil uzunlikni anglatadi.

Izohli lugʻatda esa chaqirim 1,06 km ga teng deb berilgan.

Bundan xulosa qilinadiki, 1 chaqirim 1 kilometr atrofidagi masofaga teng. Uni badiiy asar, badiiy-publitsistik maqolalarda kilometr oʻrnida bemalol qoʻllash mumkin.


Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Bir chaqirim qanchaga teng?
Muqova surat: elements.envato.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!