20.02.2024
Ulugʻ yozuvchilarning durdona kitoblarini oʻqib, ular favqulodda iqtidor egalari boʻlganini his etasiz. Haqiqatan ham bunday ajoyib asarlarni yozish oddiy hodisa emas. Iqtidor ijoddagi birlamchi asosdir. Biroq faqat isteʼdod bilangina qalam tebratib boʻlmaydi. Istalgan ulugʻ adibning tarjimai holi bilan tanishib chiqing. Bir narsani anglaysiz: ular oʻzlarini jiddiy tarbiyalagan. Oʻqigan, izlangan, yozgan, oʻchirgan, yozgan, qayta-qayta yozavergan. Ularga tez-tez ilhom kelib turgan, shuning uchun oson ijod qilishgan degan fikr ham xato. Ilhom juda kamyob narsa va hamisha ham kelavermaydi. Koʻpincha u majburan olib kelinadi. Qanday qilib deysizmi? Bu borada har kimning oʻziga xos uslubi bor. Masalan, buyuk adib Gabriel Garsia Markes “Ishtaha ovqat ustida keladi” degan maqolga amal qilgan. Ilhom, yaʼni yozish istagi bor-yoʻqligidan qatʼi nazar ishlashga oʻtirgan. Oʻzini fikrlashga, oʻylashga, tasavvur etishga yoʻnaltirgan va kutilgan natijaga erishgan.
Quyida ayrim yozuvchi-shoirlarning ijod uslubi, turmush tarzi haqida soʻz boradi. Agar siz ham qalam ahlidan boʻlsangiz, yanada diqqatliroq boʻling. Umuman, qaysi soha vakili boʻlishingizdan qatʼi nazar, agar ijodkorlik qobiliyatingiz kuchli boʻlsa, sohangizning yetakchi mutaxassislaridan biriga aylanasiz. Xullas, eʼtiborni susaytirmang. Balki bu usul va tartiblar sizga ham foyda berib qolar.
1. Fridrix Shillerning (1759–1805) oʻta gʻaroyib odati boʻlgan. Shoirning ish stolidagi tortmada chirigan olma turmasa, unga ilhom kelmagan! Shillerning doʻsti, mashhur adib Gyote shunday hikoya qiladi: “Bir kuni Fridrixni koʻrgani bordim. Lekin u qayoqqadir chiqqan ekan, xotini uning xonasida kutib turishimni soʻradi. Oʻrindiqqa choʻkdim, tirsagimni stolga tirab oʻrnashib oldim. Birdan koʻnglim behuzur boʻldi. Toza havodan nafas olay deb ochiq deraza oldiga bordim. Boshida bu holatning sababini anglolmadim, keyinroq gap nimadaligini bilib oldim. Shillerning stolidagi qutida oʻn ikkita chirik olma turardi! Xizmatkorlarni chaqirib oldirib tashlamoqchi edim, lekin olmalar qutiga atay solinganini, shunday qilinmasa, xoʻjayin ishlay olmasligini aytishdi. Fridrix kelganida, shu haqda aytgandim, u hammasini tasdiqladi!”
2. Aleksandr Pushkin (1799–1837) daftar yoki qogʻoz hoshiyasiga har xil aji-buji xatlar yozishni xush koʻrgan. Ish paytida limonad ichmasa turolmagan. “Baʼzan kechasi yozadigan boʻlsa, butun tunga yetarli limonad olib chiqib berardim”, deb eslaydi shoirning uy xizmatkori Nikifor Fedorov.
3. Aleksandr Dyuma (1802–1870) fransuz tilli yozuvchilar ichida dunyo boʻyicha eng koʻp oʻquvchiga ega adiblardan biridir. “Graf Monte Kristo”, “Uch mushketyor” singari sarguzasht asarlari bilan dunyoga mashhur adib juda gʻalati odatga amal qilgan. U har kuni soat yettida Gʻalaba arkasi ostida olma yegan. Bir qarashda oʻta mantiqsiz koʻrinadigan ushbu mashgʻulotning tashkilotchisi Dyumaning shaxsiy doʻxtiri edi. Bu tadbirga yozuvchining tartibsiz hayoti sabab boʻlgan. U nosogʻlom turmush tarzi tufayli uyqusizlik dardiga chalingandi. Ertalab soat oltida turib, yettigacha arka yoniga yetib borish va u yerda olma yeyish uchun Dyuma ertaroq yotishi, kun tartibiga rioya etishi kerak edi.
4. Nikolay Gogol (1809–1852) tik turib yozgan. Memuarchi Pavel Annenkov esdaliklarida ulugʻ yozuvchi “kontorka” deb ataladigan baland stolda ishlaganini taʼkidlaydi. Aslida, bu noyob holat emas. Virjiniya Vulf, Ernest Heminguey va Tomas Vulf kabi ijodkorlar tik holda yozgani maʼlum. Biroq Gogol shaxsiga qiziqish kuchli boʻlgani, u haqida har xil mish-mishlar toʻqilgani sabab bu holatga ham gʻayrioddiy hol sifatida qaralgan, turli maʼnolar yuklangan.
5. Charlz Dikkens (1812–1870) 15 ta roman yozgan. Ularning aksariyati 800 betdan ortiq. Bundan tashqari juda koʻp pyesa, hikoya va xatlarni ham qogʻozga tushirgan ushbu sermahsul adib qatʼiy kun tartibi va odatlarga ega boʻlgan. Turli odamlar va turmush tashvishlaridan himoyalanish uchun xonasiga ikkinchi eshik oʻrnatgan. Qalam, siyohdon va qogʻoz stolga toʻkis tartibda joylashtirilgan. Yangi uzilgan gullar va bronza haykalchalar ham stoldan oʻrin olgan. Yozuvchi qatʼiy ish vaqtiga amal qilgan. Oʻgʻlining eslashicha, Dikkens tartibga boʻysunish borasida har qanday idora xodimidan yaxshiroq boʻlgan. U ertalab 7 da turib, yuvinib-tarangach, nonushta qilgan. Roppa-rosa 9 da ishga kirishgan va kunduzgi 2 gacha ishlagan. Orada oila bilan birga tushlik qilib olgan. Biroq u hardamxayol ovqatlangan, ish haqidagi oʻylarga koʻmilib, birov bilan suhbatlashmagan. Qisqa tushlikdan soʻng yana xonasiga chopgan va ishni davom ettirgan. Rejaga koʻra, har kuni 2000 ta soʻz yozgan. Agar ish unib qolsa, toʻxtamagan, 4000 tagacha soʻzni qogʻozga tushirgan. Kayfiyat boʻlmay, biror satr ham qoralay olmagan kunlari qatʼiyat yuzasidan ish stolida oʻtiravergan. Soat 14:00 da xonasidan chiqib, uch soatlik sayrga joʻnagan. London va uning atroflarini kezish jarayonida yangi boʻlim yoki yangi kitob haqida bosh qotirgan. Aylanish yozuvchiga kuch-quvvat, bardamlik baxsh etgan. Soat 18:00 da oila bilan, baʼzan mehmonlar davrasida kechlik qilgan. Tun yarimlamay, uyquga yotgan.
6. Lev Tolstoy (1828–1910) ish jarayonida odamoviga aylanardi. Ertalab ancha kech — toʻqqizlarga yaqin uygʻonar, yuvinib, kiyinib, soqollarini tartibga keltirmagunicha birov bilan gaplashmasdi. Qahva va bir juft chala pishgan tuxum bilan nonushta qilgach, tushlikkacha ish xonasiga qamalib olardi. Baʼzida bu xonada yozuvchining xotini Sofya Andreevna ham jimgina oʻtirar, agar “Urush va tinchlik”ning biror bobini qayta yozish yoki navbatdagi bobni eshitish zarur boʻlib qolsa, uning xizmatidan foydalanilardi. Tushlikdan oldin Tolstoy sayrga otlanardi. Aylanishdan yaxshi kayfiyatda qaytsa, taassurotlari bilan oʻrtoqlashar yoki bolalarni oʻynatardi. Mabodo aksi boʻlsa, kitob oʻqir, qarta oʻynar yoki mehmonlar bilan suhbatlashardi.
7. Gyustav Flober (1821–1880) “Bovari xonim” asarini besh yil mobaynida yozgan. Ish juda sekin va ogʻir kechgan: “Bovari” oldinga siljimayapti. Bir haftada ikki sahifa qogʻozga tushadi, xolos! Tushkunlikdan boshingni toshlarga urging keladi”, deb eslagan edi yozuvchi. Flober toʻqqizda uygʻonar, hali oʻrnidan turmasidan xatlar va gazetalarni oʻqir, onasi bilan suhbatlashib oʻtirardi. Soʻng vannaga tushar, nonushta va tushlikni bir qilib ovqatlanar va sayrga otlanardi. Bir soat davomida jiyaniga tarix va geografiyadan saboq berar, soʻng kresloga mustahkam oʻrnashib olib, kechki yettiga qadar mutolaa qilardi. Kechlikdan soʻng onasi bilan gurunglashar, vaqt allamahal boʻlgachgina yozishga oʻtirar edi. “Ish — hayotdan uzilishning eng yaxshi usuli”, deb qayd qilgan edi yozuvchi. Haqiqatan ham, u borliq olamdan uzilib, rohatlanib ishlardi.
8. Mark Tven (1835–1910) “Tom Soyerning sarguzashtlari” asarini fermada yozgan. Bu yerda uning maxsus ish xonasi boʻlgan. Derazalarni ochib, qogʻozlar ustiga gʻisht bostirib qoʻyib ishlagan. Xonasiga yaqinlashish uchun hech kimga ruxsat bermagan. Agar yozuvchi uydagilarga juda zarur boʻlib qolsa, karnay chalib chaqirishardi. Adib yozganlarini oqshom payti yaqinlariga oʻqib berardi. Tinimsiz chekar, shu sababli u kirib chiqqan xonani albatta shamollatish zarur boʻlardi. Ishlagan paytlarida uyqusi tamom qochib ketardi. Yozuvchi hayotdagi har qanday voqeadan zavqlanishga odatlangandi.
9. Anton Chexov (1860–1904) ijodining ilk bosqichida hajviy asarlarini tez qogʻozga tushirgan, xolos. Keyingi yillarda juda sekinlik bilan, oʻylab, har bir jumlani tanlab-saralab yozgan. Garchi bu taxlit ishlasa-da, uning ijodiy faoliyatida biror-bir sirlilik yoʻq edi. U pardalari tushirilgan, eshiklari qattiq berkitilgan tinchgina xonaga muhtoj boʻlmagan. Baquvvat ichki ijodiy kuchga ega boʻlgan Chexov boʻlajak asarlarining syujetlarini qalamkash doʻstlariga ham aytib beravergan. Yozuvchi Aleksandr Lazarev (taxallusi A. Gruzinskiy; 1861–1927) eslashicha, “Peteburg gazetasi” uchun bir necha hikoyalarni, “Dasht” qissasining bir necha sahifalarini Chexov aynan u bor paytda qogʻozga tushirgan. “Bir safar Chexovnikidaligimda yupqa daftarchaga koʻzim tushdi, — deb eslaydi A. Lazarev. — Bu nima? — deb soʻradim.
— Qayd daftari. Siz ham shunaqa daftar tuting. Qiziqsangiz, koʻrib chiqishingiz mumkin, — deb javob berdi Chexov.
Bu yozuvchi doim yuritadigan daftarchalardan biri edi. Hajmi juda kichkina, yozuv qogʻozidan qoʻlbola tayyorlangandi. Unga Chexovning xayoliga kelib qolgan mavzular, nodir fikrlar, hikmatlar mayda harflar bilan yozib qoʻyilgandi. Bitta qayd malla kuchukning akillashi haqida edi: “Barcha malla kuchuklar tenor ovozda huradi”. Bu gapni koʻp oʻtmay “Dasht”ning soʻnggi sahifalarida uchratdim”.
10. Moris Materlink (1862–1949) – belgiyalik yozuvchi va dramaturg. 1911-yili Nobel mukofoti sovrindori boʻlgan ushbu fransuz tilli yozuvchi ilhom yoki ijodiy kayfiyat bor-yoʻqligidan qatʼi nazar yozishga oʻtirgan. Har kuni ertalab uch soatdan ishlagan. Yozsa-yozmasa shu vaqt oraligʻida ish stolida oʻtirishni odat qilgan. Baʼzi kunlari hech narsa qilmay, shunchaki tamaki chekib ham oʻtiravergan. Shu sababli ham 1927–1942 yillar oraligʻida uning 12 jildlik asarlar toʻplami dunyo yuzini koʻrgan.
11. Marsel Prust (1871–1922) “Yoʻqotilgan vaqtni izlab” romanini salkam oʻn toʻrt yil yozgan. Bu vaqt davomida u bir yarim million soʻzni qogʻozga tushirgan. Ishga butun diqqatini jamlash niyatida yozuvchi jamiyatdan butkul uzoqlashgan va yotoqxonasidan deyarli chiqmagan. U asosan kechasi ishlagan, kunduzlari uch yoki toʻrt soat uxlab olgan. Uyqudan turgach, koʻksov kasaliga qarshi kukun chekib olgan. Nonushtaga deyarli hech narsa yemagan, sutli qahva-yu ozgina shirinlik bilan qanoatlangan. Adib toʻshakka oʻtirib, tizzasiga daftar va boshiga yostiq qoʻyib yozishga kirishgan. Uxlab qolmaslik uchun kofein xap dorilaridan ichib turgan, uxlash vaqti boʻlganda esa uyqu dori ichgan. Yozuvchi bunday turmush tarzini atay tanlagan, u jismoniy azoblar sanʼatda yuksak choʻqqilarga olib chiqadi deb hisoblagan.
12. Somerset Moem (1874–1965) 92 yillik umri davomida 78 ta kitob yozdi. Yozuvchining biografi soʻzlariga koʻra, adib qiziqishi sababli emas, yozishga oʻrganib qolganidan qalam tebratgan. Moemning oʻzi ham bir oʻrinda yozish kasalini ichkilikka berilishga qiyoslagan edi: “Ikkalasiga ham oson chalinish mumkin, lekin qutulish ogʻir”. Adib har kuni bir yarim mingta soʻzni qogʻozga tushirardi. “Yozayotganingda, qahramon yaratayotganingda u hamisha sen bilan boʻladi, sen u bilan mashgʻulsan, u nafas oladi, yashaydi”, degan gaplarni aytgandi yozuvchi ijod jarayoni haqida. Yozishga oʻrganib qolgan bu adib ishdan toʻxtagan paytlari oʻzini juda yolgʻiz his etardi.
13. Gertruda Stayn (1874–1946) bir kunda bor-yoʻgʻi bir yarim soat ishlagan, xolos. Biroq toʻxtalishlarsiz, har kuni ishlagan. Taniqli adib va adabiyotshunos boʻlgan bu ayolning gʻalati ijod uslubi bor edi. Dugonasi bilan adirga borib joylashar, sherigi uning koʻzi tushadigan yerga sigir haydab kelardi. Manzara va sigirdan zavq olgan Stayn oʻy-fikrlarini qogʻozga toʻka boshlardi. Agar biror sigir unga ilhom bera olmasa, boshqa joy va boshqa sigir qidirilardi.
Maqolaning 2-qismini bu yerda o‘qing → sinaps.uz/maqola/23792
Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Mashhur yozuvchilar qanday ijod qilgan?
Muqova surat: freepik.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.