Qaysi o‘rgimchaklar odamzod uchun eng xavfli?
3 min
10.12.2023
Biologiya va tibbiyot

O‘rgimchaklar ko‘p odamlarda qo‘rquv va fobiyani keltirib chiqarsa-da, ularning aksariyati odamlar uchun zararsizdir. Shunga qaramay, baʼzi oʻrgimchaklar bilan noto‘g‘ri “muloqot qilish” inson salomatligi uchun tahdid solishi mumkin. Yer yuzida maʼlum bo‘lgan 43 000 xil o‘rgimchak turining deyarli barchasida zaharli bezlar mavjud. Ular bu bezlardan o‘ljasini harakatsizlantirish va hazm qilish uchun foydalanadi. Zahar boshning old qismida joylashgan xelitser — kichik ilgakka o‘xshash tuzilmalar yordamida yuboriladi. Zahar tarkibida ovqat hazm qilish fermentlari, neyrotoksin yoki antikoagulyant kabi turli xil moddalar bo‘lishi mumkin. Ular o‘rgimchakka o‘ljani boshqarish va osonroq soʻrishga yordam beradi.

Ammo shuni taʼkidlash kerakki, o‘rgimchak turlarining aksariyati odamga tajovuz qilmaydi va zahari biz uchun zararsizdir. O‘rgimchakning ayrim turlarigina o‘ta xavfli hisoblanadi. Bularga Atrax, Latrodestus, Phoneutria, Loxosseles deb ataluvchi o‘rgimchak turlari kiradi.

Mazkur ro‘yxatdagi eng xavfli o‘rgimchak voronkasimon Atrax oʻrgimchaklari boʻlib, ular Agelenidae oilasiga mansub. Atrax oʻrgimchaklari hayot uchun xavf tug‘diruvchi taʼsirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Avstraliyada yashovchi dahshatli Sidney o‘rgimchagi, yaʼni Atrax robustus bunga misol boʻla oladi. Uning o‘ta kuchli zahari tarkibidagi neyrotoksin hayot uchun xavfli boʻlgan alomatlarni paydo qiladi. Agar zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, bunday o‘rgimchak kichkina bolani atigi besh daqiqada, besh yoshli bolani esa 2 soat ichida o‘ldirishi mumkin. Biroq Sidney o‘rgimchagi chaqishi natijasida yuzaga kelgan o‘lim holatlari juda kam kuzatiladi. Masalan, Avstraliyada 1980-yillardan beri hech qanday o‘lim holati qayd etilmagan.

Sidney o‘rgimchagi (Atrax robustus) / freepik.com

Yevropa va AQSHda yashovchi Tegenaria turiga mansub o‘rgimchaklar ham zaharining toksikligi tufayli potensial xavfli tur hisoblanadi. Ularning zahari odatda Sidney o‘rgimchaklari kabi kuchli bo‘lmasa-da, baʼzi o‘ta sezuvchan odamlarda nojo‘ya mahalliy reaksiya va boshqa tizimli alomatlarga olib kelishi mumkin.

Latrodestus deb ataluvchi o‘rgimchak zahari bo‘g‘ma ilon zaharidan o‘n besh baravar kuchliroqdir. Ammo faktlar shuni ko‘rsatmoqdaki, 1980-yillarning boshidan beri bu o‘rgimchaklar chaqishi natijasida hech qanday o‘lim holati qayd etilmagan.

Braziliyadagi Phoneutria o‘rgimchaklari barcha o‘rgimchak turlari ichida nevrologik jihatdan o‘ta faol zaharga egaligi bilan ajralib turadi. Ammo uning zahari tanaga juda sekin tarqalgani uchun tibbiy yordam xodimlari jarohatlangan insonga yordam ko‘rsatish uchun yetarlicha vaqtga ega.

Eng xavfli Loxosceles reslusa deb ataluvchi o‘rgimchak turini, asosan, AQSHda uchratish mumkin. Uning zahari og‘riq va isitmani keltirib chiqarish ehtimoli mavjud. Zahar hatto arteriya va tomirlarga ham taʼsir ko‘rsatib, zararlangan to‘qimalar nekrozi va turli infeksion kasalliklarga olib kelishi mumkin. Biroq bu o‘rgimchak chaqishi juda kam hollardagina o‘limga sabab boʻladi.


Manbalar: new-science.ru
Muqova surat: freepik.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!