20.02.2024
Qalay va qoʻrgʻoshin nisbatan past haroratlarda ham erishini siz yaxshi bilasiz. Ularning erishi uchun 200–300 °C orasidagi harorat kifoya qiladi. Ishqoriy metallar yanada pastroq haroratlarda ham erib, suyuqlanib ketadi. Masalan, seziy metallning erishi uchun quyoshli kundagi issiq harorat yetarli boʻladi. Shunday bir metall borki, hatto sovuq haroratda ham suyuqligicha qolaveradi. Bu davriy jadvaldagi 80-raqamli element simob hisoblanadi. Simob suv muzlaydigan haroratdan, yaʼni selsiy boʻyicha 0 °C dan ham -39 daraja past haroratdagina qotadi.
1759-yilgacha hech kim simobni qattiq holatga oʻtkazishga urinib ham koʻrmagan. Chunki hech kim simobning, aslida, metall ekanini bilmagan. Qadimgi yunonlar va rimliklar simobni ʼʼgidrargirumʼʼ deb nomlashgan. Ularning tilida bu soʻzning maʼnosi ʼʼsuyuq kumushʼʼ degani edi. Ingliz tilida esa simob avvallari ʼʼquicksilverʼʼ deyilardi. Buning aynan tarjimasi ʼʼtirik kumushʼʼ yoki ʼʼyuguruvchi kumushʼʼ degan maʼnolarga toʻgʻri keladi. Agar siz sinib ketgan termometrdan toʻkilgan simobni koʻrgan boʻlsangiz, albatta, uni juda tez yumalab u yoqdan bu yoqqa harakatlanib dumalaganini kuzatgansiz. Bu xuddi tirik jonzot tezlik bilan yugurib oʻtgandek taassurot uygʻotadi. Shu sababli ham unga ʼʼyuguruvchiʼ, ʼʼtirikʼʼ kabi nisbatlar berilgan.
Simobning ingliz tilidagi va xalqaro ilmiy nomi esa ʼʼmercuryʼʼ boʻlib, u zamonaviy kimyoga oʻrta asr alkimyogarlaridan meros qolgan. Oʻrta asr alkimyogarlari oʻzlari tanish boʻlgan kam sonli elementlarni osmon jismlarining nomlari bilan atash anʼanasiga ega boʻlishgan. Masalan, ular oltinni Quyosh, kumushni Oy, temirni Mars, misni Venera nomi bilan atashgan. Buning hayron qoladigan joyi yoʻq. Chunki oʻrta asrlarda yashagan alkimyogarlar astrologiyadan ham uncha-muncha boxabar boʻlishgan. Odatda, bunday odamlar oʻzlarini ʼʼilohiy xislatʼʼlar egasi deb hisoblashgan va boshqalarni ham shunga ishontirishga urinishgan. Alkimyogarlardan ayrimlari fol koʻrish va shamanlik qilish bilan ham shugʻullanishgan.
Simob — ogʻir modda (u eng ogʻir suyuqliklardan biri). U temirdan koʻra ikki barobar va qoʻrgʻoshindan koʻra uchdan bir hissaga ogʻirroq. Agar qoʻrgʻoshin sharcha simobli idishga solib qoʻyilsa, qoʻrgʻoshin sharcha simobda choʻkmay, uning sirtida qalqib yuradi. Atigi 500 ml hajmni egallagan simob deyarli 7 kg tosh bosadi. Agar kimyo laboratoriyasida 1 litr hajmda simob turgan boʻlsa, uni koʻtarishga aslo shoshilmang. Agar siz uni 1 litr suvni koʻtarmoqchi boʻlgandek kuch bilan koʻtarsangiz, xuddi simobli idishni tagidan mixlab tashlangandek tuyuladi. Chunki siz uni koʻtara olmaysiz.
Xona haroratida eng ogʻir suyuqlik boʻlgani uchun simobdan ob-havoni bashorat qilishda foydalanish mumkin va buni odamlar anchadan buyon yaxshi oʻzlashtirib olishgan.
Ob-havo maʼlumotlaridagi eng asosiy koʻrsatkichdan biri atmosfera bosimi haqidagi maʼlumotdir. Koʻplab omillar taʼsirida, xususan, Quyosh nurlari, togʻlar, okeanlar va hokazolar tufayli Yer atmosferasi bir joyda zichlashib, yuqori bosimga ega boʻlib qoladi. Boshqa bir hududda esa atmosfera siyraklashib, bosim pasayadi. Agar havo ochiq va tinch boʻlsa, bu atmosfera bosimi balandligining mahsuli boʻladi. Agar bosim past boʻlsa, havo soviydi. Bunday bosimlarning oʻzaro farqi unchalik ham katta emas. Bosim yuqori hududlarda koʻrsatkich bosim past hududlardagidan koʻpi bilan 10% atrofida baland boʻladi xolos. Bu farq bizning nafas olishimizga va boshqa muhim omillarga umuman taʼsir qilmaydi. Bunday nozik farq koʻrsatkichini aniqlash uchun bizga maxsus asboblar kerak boʻladi.
Atmosfera bosimini oʻlchash usullaridan biri bosimni biror bir suyuqlik ustuni balandligi bilan belgilashdir. 1 sm2 yer yuzasi ustidagi atmosferadagi havo aynan oʻsha 1 sm2 ustidagi taxminan 15 metr suv ustuni bilan teng ogʻirlikka ega boʻladi. Agar bosim past boʻlsa, u 14 metr suv ustuni balandligi bilan teng boʻlishi mumkin. Shu tarzda, atmosfera bosimi bilan suv ustuni balandligi orasidagi bogʻliqlikka asoslanib, atmosfera bosimini oʻlchash mumkin boʻladi. Bu juda joʻn oʻlchash usuli, lekin u ancha qoʻpol hisoblanadi. 14 yoki 15 metr suv ustuni balandligi 4–5 qavatli uy balandligiga teng boʻladi va bunday asbobni yasash ham, undan foydalanish ham ancha noqulay boʻladi. Shu sababli atmosfera bosimidagi oʻzgarishlarga muvofiq oʻz balandligini oʻzgartiradigan eng yaxshi suyuqlik bu simob hisoblanadi. Simob suvdan koʻra 14,5 marta ogʻir boʻladi. Shu sababli atigi 76 sm balandlikdagi simob ustuni 15 metr balandlikdagi suv ustini bilan teng vaznga ega boʻladi.
76 sm balandlikka ega va atmosfera bosimi bilan muvozanatlanadigan simob bilan toʻldirilgan shisha nayni barometr deyiladi. Atmosfera bosimi aynan barometr bilan oʻlchanadi. Ob-havo maʼlumotlari orasida atmosfera bosimi qayd etib oʻtilganda, uning koʻrsatkichlari millimetrlargacha aniqlikda aytilayotganini eshitgan boʻlsangiz kerak. Simob ustuni balandligi 760 mm boʻlganda (dengiz sathida) oʻzi turgan idish tubiga, 1 atmosfera bosimiga teng bosim beradi. Shunga asoslanib, atmosfera bosimi va unga yaqin boshqa bosim kattaliklarini simob ustuni oʻlchov birligida ifodalash ham mumkin.
Simob atmosfera bosimini oʻlchashdan tashqari haroratni oʻlchash asboblarida ham keng qoʻllanadi. Barcha moddalar singari simob ham harorat oshganda kengayadi va soviganda torayadi. Simobning issiqlik taʼsirida kengayishi va sovuqlik taʼsirida zichligining ortishi bir tekis va barqaror kechadi. Shu sababli harorat oʻlchash texnikasida boshqa moddalardan koʻra simobdan foydalanish samaraliroq sanaladi. Shu sababli ham hammamizning uyimizdagi dori qutichada turadigan termometr ichida aynan simob boʻladi. Simobning yana bir muhim xossasi shisha nayli termometrlarni aynan simob bilan toʻldirish uchun asos boʻlgan. Gap shundaki, simob shishaga yopishmaydi va ishqalanmaydi. Shu sababli simob bilan toʻldirilgan shisha naycha ichida simob yopishib qolmasdan pastga va yuqoriga erkin harakatlanaveradi.
Simob metall boʻlgan sababli u elektr tokini oʻtkazadigan modda sanaladi. Uning bu xususiyati ham elektrotexnikada ajoyib yechimlar uchun xizmat qiladi. Masalan, qatʼiy gorizontal turadigan trubka ichiga simob quyib, uni har ikki tomoniga elektr kontaktlari ulansa, undan elektr zanjirlarini uzib-ulaydigan (oʻchirib-yoqadigan) uskuna sifatida foydalanish mumkin. Masalan, bunday trubka biror elektr zanjir uchun dastak-kalit sifatida qoʻllansa, dastakni oʻng tomonga qiyalatganda trubka ichidagi simob oqib kelib elektr kontaktlarni bir-biriga ulaydi va zanjirda tok oqa boshlaydi. Trubka yana gorizontal holatga keltirilsa simob qaytib oqib ketadi va kontakt uziladi. Bunday dastak-kalitlar shovqinsiz ishlashi bilan ham ahamiyatli boʻladi.
Biroq simob haqida gap ketganda shuni ham alohida taʼkidlash shartki, simob va uning birikmalari zaharli hisoblanadi. Simob hatto qoʻrgʻoshindan ham zaharliroqdir. U atigi 357 °C dayoq qaynaydi. Bu esa metallar orasida eng past qaynash harorati sanaladi. Lekin bundan ham pastroq, oddiy xona harorat va yozgi issiq haroratlarda ham simob juda sekinlik bilan boʻlsa-da, harholda muntazam bugʻlanib turadi. Simobning bugʻlari ham juda zaharli boʻlib, kumulyativ effektga egadir. Shu sababli ham kimyogarlar simob bilan ishlashda va, ayniqsa, uni qizdirishda maxsus shkafdan foydalanishadi. Bunda simob oʻsha shkaf ichida tutib turiladi. Shkaf esa har qanday bugʻlarni zudlik bilan boshqa kameraga oʻtkazadigan soʻrish moslamasiga ega boʻladi.
Simob koʻplab metallar bilan qotishmalar hosil qiladi. Simobning boshqa metallar bilan qotishmasini deyiladi. Masalan, kumush va simob qotishmasi kumush amalgammasi deyiladi. Kumush amalgamma erigan holatdan biror qolipga quyilsa, u bir necha daqiqa muddatda xuddi loy kabi yumshoq holda turaveradi. Bu holatda unga shakl berib, biror koʻrinishga keltirish mumkin. Keyin u qotadi va oʻziga berilgan shaklni mustahkam saqlab qoladi. Tish davolovchi vrachlar tishlardagi kovaklar oʻrniga shunday kumush amalgammasidan toʻldirish orqali kovaklarni berkitadilar. Albatta, tish shifokorlari qoʻllaydigan kumush amalgammada kumush va simobdan tashqari yana qalay, mis va rux ham mavjud boʻladi. Lekin bunday amalgammada baribir asosiy oʻrinni simob egallaydi. Simob atomlari kumush atomlarini mustahkam bogʻlab tutib turadi. Natijada soʻlak, havo, namlik, issiqlik va ogʻizdagi bakteriyalar taʼsirida yemirilmaydigan, mustahkam qobiq paydo boʻladi. Bunday qobiq yoki qoplama tishlarga ham yaxshi oʻrnashadi va salomatlikka ziyon yetkazmaydi.
Tish davolash texnikasida, shuningdek, oltin amalgammasi ham qoʻllaniladi. Simob oltin bilan ham tez va oson aralashib, qotishma hosil qiladi. Shu sababli simob toʻkilgan joyga tilla buyumlarni yaqinlashtirmagan maʼqul. Ayniqsa, barmoqlardagi tilla uzuklar bilan simobga tegib ketilsa, qimmatbaho taqinchoqlarning sifati darhol buziladi. Simob bilan taʼsirlashgan tilla taqinchoq oʻzining yarqiroq jilvasini darhol yoʻqotib, xira va nursiz boʻlib qoladi. Amalgammalar kimyogar mutaxassislar tomonidan ham keng qoʻllaniladi. Masalan, metall natriy oʻta faol modda boʻlib, u bilan ishlashda juda hushyor boʻlish talab etiladi. Shu sababli kimyogarlar natriy amalgammasi tayyorlab, keyin u bilan tajribalar oʻtkazadilar. Natriy amalgammasi ham natriyning oʻzi bilan qilsa boʻladigan deyarli barcha tajribalarni oʻtkazish imkonini beradi. Yaxshi tarafi shundaki, natriy amalgammasi natriyning oʻzidan koʻra ancha xavfsizdir.
Simob, shuningdek, maxsus lampalarda qoʻllaniladi. Zich germetik lampa ichiga simob tomchisi joylashtirilsa, unga tok berilganda tok taʼsirida suyuq simob bugʻlanib, gaz holatiga oʻtadi. Gazsimon simob esa qizib oʻzidan yorugʻlik nuri taratadi. Bunday simobli lampalardan ultrabinafsha nurlar manbai sifatida foydalanish mumkin.
Simob xloridi — molekulasida ikkita simob va ikkita xlor atomidan iborat modda. U avvallari kalomel nomi bilan koʻpchilikka yaxshi tanish boʻlgan. Kalomeldan surgi dori sifatida foydalanilgan. Odamlar bu moddaning zararli tarafini bilishmagani uchun u koʻp yillar mobaynida uncha-muncha odamning ichak va hazm qilish tizimini ishdan chiqargan. Kalomel ich surishdan tashqari, odamni qayt qilishga ham majbur qiladi va isteʼmol qilgan odamning sillasini quritib qoʻyadi. Kalomelning yaqin qarindoshi sulema nomli modda boʻlib, uning ilmiy nomi simob dixloridi boʻladi. Bu modda molekulasi bitta simob va ikkita xlor atomlaridan iborat boʻladi. Sulema kalomeldan ham zararliroq. Xalq orasida uni sublemat ham deyiladi. Sulema yoki sublemat odamni oʻlimga ham olib kelishi mumkin.
Simob oksidi pishiq gʻishtning rangidagi qizgʻish-qoʻngʻir modda boʻlib, uning molekulasi bitta simob va bitta kislorod atomidan iborat boʻladi. Bu moddaning qiziq tarixi boʻlib, uni eslab oʻtmaslikning iloji yoʻq. Jozef Pristli kislorodni kashf qilgan tajribalarida aynan simob oksidini qizdirgan edi. Simobning yana bir qizgʻish rangli birikmasi simob sulfidi boʻlib, uning molekulasida bitta simob va bitta oltingugurt atomi boʻladi. Simob sulfidi tabiatda eng keng tarqalgan simob birikmasi boʻlib, uni simob rudasi ham deyish mumkin. Tabiiy holda, ruda koʻrinishidagi simob sulfidini mutaxassislar kinovar deyishadi. Kinovar eng boy simob rudasi boʻlib, uning tabiiy, sof holdagi shaklidan yorqin qip-qizil pigment — vermilion olinadi.
Simobning yana paqildoq simob nomli birikmasi ham qiziq tabiatga ega. Paqildoq simob mutaxassislar tilida simob fulminat deyiladi. Ushbu modda molekulasi tarkibida bittadan simob, kislorod, azot va uglerod atomlari mavjud boʻladi. Paqildoq simob arzimagan nozik teginish tufayli ham paqillab, portlash sodir qiladi. Bu esa simobning mazkur birikmasini eng xavfli moddalar qatorida tilga olishga majbur qiladi. Boshqa har qanday portlovchi moddalarni portlashi uchun ancha koʻproq mexanik taʼsir kerak boʻladi. Lekin paqildoq simobga salgina turtki kifoya qiladi. Shu sababli portlatish texnikasida, masalan, togʻ-kon ishlarida simob fulminatni nisbatan qiyin portlaydigan moddalarni, masalan, dinamitni portlatish uchun detonator sifatida ishlatishadi. Fulminatni masofadan turib, nozik elektr uchquni vositasida portlatish mumkin. U esa oʻz navbatida boshqa portlovchi moddalarni harakatga keltiradi. Simobning avvallari tibbiyotda keng qoʻllanilgan birikmalaridan biri merkuroxrom boʻlib, uning molekula tuzilishi ancha murakkab. Merkuroxrom antiseptik xossasiga ega boʻlib, undan yaralarni davolashda foydalanilgan.
Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Simob — suyuq element
Muqova surat: mineralpro.ru
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.