20.02.2024
Yerning issiqlik muvozanati shundayki, atmosferasiz sayyoramizda o‘rtacha harorat –18 °C bo‘lar edi, bu yaxshigina sovuq, o‘rtacha muzlatgichimizning muzxonasida shunaqa harorat bo‘ladi. Lekin hozir sayyoramizda o‘rtacha yillik harorat +15 °C. 33 darajaga farq qilishi — issiqxona effekti hisoblanadi. Tasavvur qiling, –18 darajada Yer sayyorasi hayot uchun qanaqa bo‘lardi, u yaroqsiz muz to‘pga aylanib qolardi.
Issiqxona effekti bu — qulay yashash uchun sayyoramizdagi haroratni koʻtaradigan tabiiy hodisa.
Issiqxona effekti qanday ishlaydi? Quyoshdan qisqato‘lqinli nurlanish tarqaladi, atmosferamiz esa uni butunlay o‘tkazadi. Faqat qattiq ultrabinafsha nurlarni kislorod saqlab qoladi. Yer isiganda undan uzunto‘lqinli radiatsiya ajralib chiqadi, nurlanishning bu turini esa atmosfera o‘tkazmaydi. Inson faoliyati CO₂ yaʼni uglerod dioksidini chiqarish hisobiga issiqxona effektini kuchaytirmoqda. 1959-yildan buyon olib borilayotgan CO₂ning atmosferadagi darajasini o‘lchashlar bu ko‘rsatkichning ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Asr boshidan beri Yerda o‘rtacha harorat 0,75 darajaga ko‘tarildi. Bu ko‘rsatkich kichikdek tuyuladi, biroq unutmaslik kerakki, 4 daraja farq bir paytlar Yer yuzini Muzlik davriga olib kelgandi. Shuning uchun xalqaro kelishuvlarda harorat ko‘tarilishining chegarasi belgilab qo‘yilgan: 2 daraja — biz aslo bosib o‘tmasligimiz kerak bo‘lgan chegara. Bunga erishish uchun CO₂ni atmosferaga chiqarishni 70% ga qisqartirish kerak. Buning esa iloji yo‘q, chunki unda xalqaro energetika sohasini, demakki, iqtisodiyotni to‘xtatishga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ko‘pchilik buning yagona yo‘li — CO₂ni chiqarish emas, atmosfera tarkibidagi ulushini kamaytirish kerak deb hisoblaydi.
Buning uchun turli loyihalar ishlab chiqilmoqda. Ularning baʼzilari CO₂ni atmosferadan so‘rib olib, tashlandiq konlarga ko‘mib yuborish kerak deydi. Ikkinchi yo‘l — tez o‘suvchi daraxt plantatsiyalarini ko‘paytirish, negaki daraxtlar CO₂ni yutadi, ammo keyin ularning o‘zini xam ko‘mishga to‘g‘ri keladi. Uchinchi yo‘l esa — quyosh nurlari tushishini kamaytirish. Buning uchun 10–15 km balandlikka, yaʼni stratosferaga chiqib, qandaydir zarrachalarni sepish kerak. Katta vulqon otilgandagi kul qoldiqlari Yerni vulqon otilishidan keyingi 3 yilgacha sovitib turadi. Shunga qiyosan, kumush zarralarini sepishni taklif qilishadi, chunki kumush quyosh nurlarini ham akslantiradi. Lekin bu qulay usul emas. Birinchidan, butun Yer shari bo‘ylab doimiy kumush zarralari sepib chiqish deyarli imkonsizdir. Ikkinchidan, agar sepish tugasa, harorat ko‘tarilishida sakrash kuzatiladi. Shuning uchun hozirgi iqlim holatini oʻzgartirish insoniyat qoʻlida emas. Atmosfera tarkibidagi CO₂ni to‘xtatishning aniq bir chorasi yo‘q.
Iqlim o‘zgarishi — doimiy jarayon bo‘lib, unga biz nisbatan tez moslashyapmiz. Insoniyat bunday isish va sovish davrlarini boshidan kechirgan va vahimaga o‘rin yo‘q. Ikki darajadan yuqori isish allaqachon 1000–1300-yillar oralig‘ida Shimoliy yarimsharda yuz bergan. Aynan o‘shanda Grenlandiya kashf etilgan va aholi u yerga ko‘chib borgan, shuning uchun ham unga hozirda g‘alati tuyuladigan nom berilgan. Angliyada esa taxminan o‘sha davrlarda toklar o‘stirilgan va uzumdan vino tayyorlangan. Hozir buni tasavvur qilish qiyin. Shundan so‘ng XIX asrgacha davom etgan kichik Muzlik davri boshlangan — shunchalik sovuq bo‘lganki, Temza daryosi har yili muzlagan.
Iqlim doim o‘zgarib turadi. Yer shari goh isiydi, goh soviydi, chunki atmosferada havoning aylanma harakati yuz berib turadi. Okeandan keladigan va mintaqa quruqliklarida shakllanadigan havo massalarining o‘zaro munosabati har xil bo‘ladi. 1970-yillardan buyon antropogen taʼsir ostida CO₂ning atmosferaga ko‘p ajralib chiqishi sababli harorat ko‘tarilishi kuchaymoqda, lekin 10 000 yildan keyin bo‘lsa ham keyingi Muzlik davri, albatta, bo‘ladi.
1988-yildan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo guruh faoliyat olib boryapti. Har 2–3 yilda u iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tadqiqot natijalaridan iborat maʼruzalar to‘plamini eʼlon qiladi. Hozirda yillik o‘rtacha harorat ko‘tarilishining ko‘pgina iqlimiy modellari yaratilgan. 2015-yil Parij bitimi imzolandi, unga ko‘ra, har bir davlat CO₂ning atmosferaga chiqishini kamaytirish majburiyatini o‘z bo‘yniga oladi. Aynan shu kelishuv doirasida harorat isishi ostonasida turganimiz oshkora aytildi. Orol davlatlar uchun haroratning 2 darajaga ko‘tarilishi ham halokatli — agar okean ko‘tarilishni boshlasa, bu yerosti suvlari va boshqa siqilgan suv manbalarining sho‘rlanishiga olib keladi. Shuning uchun bu davlatlar harorat ko‘tarilishining chegarasini 0,5 qilib belgilashni talab qildi. Lekin boshqa davlatlar uchun bu juda qattiq chegara hisoblanib, uni saqlashning amalda iloji yo‘q.
Eng ko‘p iqlim xavfi hududi kichik davlatlarga to‘g‘ri keladi. Ularning butun iqtisodi bir xil iqlimga moslashgan. Agar iqlimda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lsa, ularda boshqacha yo‘l tutishga imkon ham, maydon ham qolmaydi, masalan, qishloq xo‘jaligi kabi faoliyat turlari to‘xtab qoladi. Agar Gollandiyada suv sathi ko‘tarilsa, to‘g‘onlar qurishga to‘g‘ri keladi. Afrikada esa qurg‘oqchilik yuz berib, unga chora ko‘rib bo‘lmaydi va aholining ommaviy migratsiyasi boshlanib ketadi.
Xulosa
Iqlim o‘zgarishlari bilan kurashishning aniq yo‘li hali yo‘qligini anglab yetish kerak. Kelishilganiga qaramay, Parij bitimi sayyorada haroratning 3,5 darajagacha ko‘tarilishiga olib keladi, chunki birorta davlat o‘z iqtisodini chegaralashni istamaydi. Lekin insoniyat yetarlicha tez vaziyatga moslasha olishiga umid qilsa bo‘ladi. Dunyoda ulkan ilmiy salohiyat mavjud, shuningdek, biotexnologiyalar qishloq xo‘jaligini tubdan o‘zgartirishga qodir. Bizda vaqt bor va iqlim o‘zgarishi muammosiga optimistik munosabatni saqlab qolish kerak.
Manbalar: postnauka.ru, trends.rbc.ru
Muqova surat: freepik.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.