Qahva nega tetiklashtiradi?
Murakkab
5 min
15.08.2022
Biologiya va tibbiyot

Qahva nega tetiklashtiradi? Nega uyqimiz kelganda bir chashka qahva bizni uygʻotadi?

Qahva — bu efiop oʻsimligi boʻlib, biz arabika deb ataydigan uning asl navlari taxminan 1 000 metr balandlikda oʻsadi. Efiopiya aholisi qahva mevalaridan tetiklashtiruvchi vosita sifatida foydalanishgan. XII asrda Efiopiyaga kelgan arablar kofeinni kukun shakliga keltirib, issiq suv quyib va hosil boʻlgan damlamani ichish mumkinligini aniqlashdi. XV asrga kelib tijorat sohasida yuksalish sodir boʻldi, qahvaxonalar ochila boshlandi (dastlab Istambulda paydo bo’lgan). XVII asrda Yevropadayam ilk qahvaxonalar ochildi. Ammo, avvaliga ayrimlar kofeinni zararli deb hisoblashgan, lekin sekin-asta bu ichimlik kundalik hayotda yanada muhimroq rol oʻynay boshladi. Quyida esa qahva donlari surati:

unsplash.com

Qahva tetiklashtiradi

Bu, ehtimol, qahvaning eng mashhur xususiyatidir. Buning sababi kofein — bu psixostimulyator (psixostimulyator — organizmning ruhiy va kamroq darajada jismoniy faoliyatini faollashtiradigan psixotrop moddalar). Qahva ichganimizda, kofein qonga va u orqali miyaga kiradi, u yerda esa u neyromediator adenozinni bloklab tashlaydi.

Adenozin tanamizda tetiklikni bostiradi va uyquni chaqiradi (menda shu moddadan rosa koʻp ishlab chiqariladida). Kofein organizmimizga kirib, adenozinni bloklaganda, boshqa neyromediatorlar — noradrenalin va dofaminlar ishlab chiqarilishi koʻpayadi. Bu esa odamga tetiklik hissini beradi.

Koʻpgina tadqiqotlar shuni tasdiqlaydiki, qahva xotira, kayfiyat, reaksiya, diqqat va kognitiv funksiyalarni yaxshilaydi. Demak, qahva bizni jonlantiradi va aqlli qiladi (lekin qahva tayyorlashga hali yugurmang, avval maqolani oʻqib tugating).


Ozgina ilm-fanga kirish qilaylik-chi

Qahva odamni shoshilinch vaziyatlarda tetiklashishga yordam bersa-da, lekin umuman olganda, kofeinning oʻzi energiya bermaydi. Kofein faqatgina hujayralarda mavjud zaxira holdagi ATF (adenozintrifosfat kislota) molekulalarining toʻliqroq va faolroq ishlashini ta’minlaydi. Oʻz oʻrnida ATF molekulalarining parchalanishidan energiya ajralib chiqadi.

Adenozin — bu DNK, RNK va ATFlarning tarkibiga kiruvchi modda hisoblanadi. ATF tarkibida fosfat guruhlar adenozinga birikkan boʻladi (ketma-ket joylashgan kichik zanjir shaklida). Hujayra sitoplazmasida fosfatlar ATFdan ajralishi mumkin va fosfat kislotasining har bir qoldigʻi — bu oqsillarga koʻchirib oʻtkaziluvchi energiya toʻplami hisoblanadi. ATFni 3 ta fosfatli oʻqi boʻlgan uchoʻqli toʻpponchaga oʻxshatish mumkin. Bu toʻpponcha koʻpi bilan 3 marta otilishi mumkin, bunda har safar oqsil molekulalariga tegib, ularni maʼlum bir ishni bajarishga majbur qiladi. Agar toʻpponcha toʻliq oʻqsizlangan holatda boʻlsa, u holda ATFdan adenozin hosil boʻladi (sal murakkabroq maʼlumot boʻldi-a).


Ozgina raqamlar

Qahvadan tashqari, guarana va kola (Coca-Cola emas, u pastroqda keladi) yongʻoqlari oʻsimliklari ham kofein manbai hisoblanadi. Ular tarkibidagi kofein miqdori qahva donalaridagi kofein miqdoriga tengdir. Qahva chashkasida 100 mg atrofida kofein boʻlsa, bir chashka choyda undan 2–3 baravar kamroqdir. Bir butun sutli shokolad va 0,5 litrli Coca-Cola ichimligi ta’siri boʻyicha bir chashka kuchli kofega tengdir. Kofein dunyodagi eng ommabop psixoaktiv preparat hisoblanadi. Qizigʻi, tarkibida kofein saqlovchi mahsulotlarni sotishda hech qanday ta’qiqlar yoʻq. Kofein choy, qahva, shokoladlarning tarkibida insoniyat hayotida faol ishtirok etadi. Shuningdek, tarkibida kola yongʻogʻi ekstrakti boʻlgan ichimliklar ham mavjud. Eng mashhur ichimlik brendi Coca-Cola boʻlib, uning asl retsepti tarkibida kofeindan tashqari koka barglarining ekstrakti ham boʻlgan. Ammo, keyinchalik koka retseptdan chiqarib tashlangan, kola yongʻoqlari esa qoldirilgan. Shuning uchun ham Coca-Colaʼning aynan shu tetiklashtiruvchi va salqinlashtiruvchi ta’siri kofeinga asoslangan (shuningdek, katta dozadagi shakarga ham).


Xulosa

Kofeinning kunlik tavsiya etilgan miqdori — 300–400 mg. Agar siz ushbu chegaradan chiqsangiz, ortiqcha zoʻriqish va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini keltirib chiqarasiz. Bundan tashqari sekinlik bilan qaramlilik va oʻrganib qolish shakllanadi. Kofein adenozinning raqobatchisidir va agar hujayralar doimiy ravishda kofein ta’siriga duchor boʻlsa, ular adenozin retseptorlari sonini koʻpaytira boshlaydilar. Natijada, charchoq hissi borgan sari oson paydo boʻla boshlaydi va kofeinning dozasini oshirish kerak boʻladi. Kofeindan toʻsatdan voz kechishga urinish esa odam ahvolining sezilarli darajada yomonlashishiga olib keladi (qaramlik, uyquchanlik, tushkunlik, bosh ogʻrigʻi, qisqasi juda ham yomon oqibatlar). Shunday qilib, kofein koʻpchilik uchun zararsiz boʻlib tuyulsa-da, katta dozalarda kuchsiz narkotik vosita sifatida ta’sir qiladi.


Muqova surat: unsplash.com

Manbalar:
→ postnauka.ru/faq/69550
→ habr.com/ru/post/718754
→ lifehacker.ru/all-about-coffee

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!