Atstek madaniyatidagi inson qurbonligi
8 min
06.09.2022
Tarix

Atsteklar — markaziy Meksikadagi indeys xalqi, Ispaniya istilosi paytida yoʻq boʻlib ketgan.

Zamonaviy dunyodagi odamlar doimiy ravishda uyushtirilgan inson zoʻravonligiga roʻbaroʻ keladi. Insonlarning bir-biriga nisbatan tajovuzkorligining sabablari va manbalarini bilishga koʻpchilik qiziqadi. Savolga javob topish esa qiyosiy yondashuvni talab qiladi, tarixdagi boshqa misollarni koʻrib chiqish kerak boʻladi. 1517-yilda ispanlar Mezoamerikaga (Shimoliy Amerikaning janubida va Markaziy Amerikaning aksariyat qismidagi tarixiy mintaqa) kelganida, ular Mayya va atsteklarning ritual zoʻravonlik amaliyotiga duch kelishdi. Ushbu marosimlar ommaviy tus olgan edi va xalq buni taqvim jadvalining bir qismi deb bilgan. Atstek qurbonliklarini koʻrib chiqishdan maqsad — bu odamlarning marosimiy zoʻravonliklarga moyilligi va doimiy janglar, turli irqdagi odamlar va ayollarga nisbatan zoʻravonliklar orasida bogʻliqlik bor yoki yoʻqligini aniqlash. Bu juda tashvishli umumiy amaliyot boʻlib, ularni shunchaki avvallari sodir boʻlgan deb oʻylamaslik kerak. Shuningdek, bu voqealarni koʻrib chiqishdan maqsad atsteklarni tushunishga harakat qilish va bu holat oʻzimizni anglashimizga yordam berishini koʻrishdir.


Atstek madaniyatida inson qurbonligi haqida bilim manbalari

Biz atstek madaniyatida inson qurbonligi haqida koʻplab dalillarni bilamiz. Birinchidan, bizda saqlanib qolgan ispanlardan oldingi kodlar mavjud. Ushbu qoʻlyozmalarda biz koʻplab qurbonlik manzaralarini, jumladan, insonlar va xudolar qurbonliklari aks etgan suratlarni koʻramiz. Ikkinchidan, bizda Ispaniya ruhoniylari va atsteklarning tub aholisi orasida Meksikaning fath qilinishi paytida boʻlib oʻtgan suhbatlari bor, ularda qurbonlik marosimlari toʻgʻrisida koʻplab maʼlumotlar mavjud. Eng taʼsirli va ishonchli manba hozirgi paytda Florensiyadagi Laurentiya kutubxonasida saqlanayotgan “Florensiya kodeksi”da berilgan. Bular Meksikada 1540–1580-yillar oraligʻida boʻlib oʻtgan uchrashuvlardir. Ushbu manbada insonlar qurbon qilingan 18 ta marosim batafsil tasvirlangan.

Yangi Ispaniya narsalarining umumiy tarixi. “Medicea Laurenziana” kutubxonasi / wikipedia.org

Uchinchidan, bizda ispaniyaliklarning qurbonliklari, baʼzan ispaniyaliklarning atsteklar tomonidan qurbon qilinishi toʻgʻrisida haqiqiy shohidlarning guvohliklari bor. Arxeologiya toʻrtinchi manbadir. Arxeologik yozuvda qurbon boʻlgan odamlarning qoldiqlari, skeletlarda ularning qurbon qilinganligini isbotlovchi izlar bor. Bundan tashqari, bizda qurbonlikni aks ettiruvchi haykallar va qurbonliklar uchun ishlatiladigan marosim buyumlari mavjud. Shunday qilib, 4 ta asosiy manba: tasviriy qoʻlyozmalar, shohidlar guvohliklari, suhbatlar va atstek arxeologiyasi mavjud.


Atstek madaniyatida insonni qurbon qilish tarixi

Atstek qurbonliklarining tarixiy davri 1325- va 1525-yillarga, biz atsteklar deb ataydiganlar davriga toʻgʻri keladi. Marosimlarda insonlarning qurbon qilinishi XIV asrning birinchi yilligida, atsteklar Meksika vodiysiga kelishidan oldin ham mavjud edi. Marosimlarda odamlar va hayvonlarning oʻldirilishi miloddan avvalgi ikkinchi ming yillikda sodir boʻlganligi toʻgʻrisida ishonchli dalillar bor. Atstek davridagi e’tiborli jihatlardan biri bu marosimlarda odamlar qurbon qilinishining kuchayishidir. Qurbonliklar sonining ortishi Montesuma (atsteklarning soʻnggi imperatori) hokimiyatga kelgan paytdan boshlab, taxminan 1440-yildan 1521-yilgacha boʻlgan davrda avj olganini koʻramiz. U koʻp yillar hukmronlik qildi va uning davrida imperiya kengaydi. Bir qiziq parallel: imperiya kengaygani sayin Buyuk atstek ibodatxonasining hajmi ham kengayib, insoniy qurbonliklar koʻpaygan. Bugun biz aynan shu davr haqida suhbatlashyapmiz.

Inson qurbonligini kim ixtiro qilganini aniq bilmaymiz, ammo Mezoamerika yozuvlarida atsteklardan oldin tolteklar bor. Tolteklar miloddan avvalgi 900-yildan 1200-yilgacha yashagan va ularda inson qurbonligi bor edi. Ushbu toltek davri davomida va undan oldin Mayya va markaziy Mezoamerika markazidagi Teotiuakan (Meksikadagi qadimiy shahar) buyuk imperatorlari orasida qurbonliklar boʻlgan. Inson qurbonligi Mezoamerikada shahar sivilizatsiyasining paydo boʻlishidan boshlab keng tarqalgan amaliyot edi.

Atstek shtatining marosim amaliyotiga homiylik qilgani sababli inson qurbonligi 1520-yillarda tugaydi. Ispaniyaliklar kelganidan keyin ham bir necha qurbonlik qilinganligi toʻgʻrisida baʼzi bir yozuvlar mavjud, ammo davlat tomonidan homiylik qilingan marosimlar qurbonliklari ispanlar kelganidan soʻng birinchi oʻn yil ichida tugaydi. Keyin ispanlar uning oʻrnini oʻziga xos zoʻravonlik bilan almashtirdilar. Bir olim atstek va ispanlarning zoʻravonliklarini quyidagi tarzda taqqoslaydi: atsteklar qurbonlik jamiyatini qurdi, ispanlar esa ommaviy qurbonliklar jamiyatini barpo etdi.

Florensiya kodeksidagi atstek jangchilarining suratlari / wikipedia.org

Inson qurbonligining maqsadi

Atstek ilohiyoti odamlarni qurbonlik qilish marosimini quyidagicha asosladi. Inson tanasida ikkita jon bor: qobiq va ilohiy uchqun, ular tugʻilish paytida ilohlar tomonidan toʻplangan. Odamlar, oʻsimliklar, hasharotlar va hayvonlarning jasadlarida ilohiy uchqunlar paydo boʻlishi va ozod qilinishi orqali ular yaratgan xudolar va koinot vaqti-vaqti bilan yangilanishi kerak edi. Oʻlim, xoh u odatiy boʻlsin, xoh marosimiy, dunyoga tushib, yangi qobiq yoki materiyani toʻplagan ilohiy uchqunni chiqardi. Oʻsimliklar, Quyosh, Oy, hayvonlar yoki odamlar yer yuzida paydo boʻlganda, ular tugʻilish, oʻlim va qayta tugʻilishda davom etadigan ilohiy uchqunni oʻz ichiga oladi.

Qon bu ilohiy uchqunning eltuvchisidir. Atstek dunyosida hamma qon chiqarish bilan shugʻullangan. Qon lablar, quloqlar va sonlardan, eng dindor ruhoniylar tomonidan esa tillardan va hatto jinsiy aʼzolardan chiqarilgan. Bu ilohiy afv edi.

Malyabekki kodeksida (ing. codex Magliabechiano) inson qurbonligining tasviri / wikipedia.org

Qurbonlikning ikkinchi maqsadi siyosiy edi. Koʻpgina atstek qurbonliklari hokimlarning diniy huquqlari, ularning harbiy siyosatining ustunligi yoki qishloq xoʻjaligining unumdorligini taʼminlash maqsadida omma oldida ijro etilardi. Ba’zan ittifoqchi yoki dushman shaharlarning hukmdorlari oʻzlarining asirga olingan jangchilarining qurbonligini koʻrish uchun poytaxtga olib kelingan.


Qurbonlarni tanlash

Atsteklar qurbonlarni qanday tanlaganining gʻaroyib misolini hosildorlik va erkak goʻzalligiga bagʻishlangan marosim taqvimining 5-oyidan koʻrish mumkin. Ular eng kelishgan deb hisoblangan erkakni tanlashgan. Bu odam qanday qilib tanlanganligi haqida ajoyib taʼrif mavjud. Ushbu oyda ularda erkak qurbonning koʻrinishi qanday boʻlishi formulasi bor edi. Quyida taʼrifdan parcha keltirilgan:

“U xuddi pomidor singari tekis, goʻyo yogʻochdan yasalgandek edi. U jingalak soch emas, peshonasi dagʻal emas, boshi uzun emas, qovoqlari boʻrtmagan, kattalashmagan, burni yalpoq emas, burun teshigi keng emas, puchuq burun emas, lablari gʻoʻddaygan, doʻrdaygan emas, iflos emas, yomon tilda soʻzlamaydi, tishlari soʻyloq emas…”

Uning tanasining har bir a’zosi haqida shunday tavsif davom etadi: “Uning qoʻllari uzun emas edi, bir qoʻlli yoki umuman qoʻlsiz emas edi, barmoqlari semiz emas edi”. Davomida qorni haqida gapiriladi: “Uning hech qanday dogʻi, hech qanday belgisi yoʻq edi, unga katta eʼtibor berilgan, unga nay chalishni oʻrgatishgan va u oʻz hushtagini chala oladi. Shu bilan birga, u barcha gullarini va chekadigan trubkasini ushlab tura oladi”.

Tudela kodeksi / wikipedia.org

Ular oʻzlarining talablariga mos odamni qidirib topib, unga gullarni qanday ushlash va ular bilan qanday ishlashni, naylarni qanday chalishni, atstek tili — “nauatl” tilida mohirona gapirishni oʻrgatishar edi. Bir yil davomida u atstek shahrida xudo sifatida yashagan. U muntazam ravishda ilohiy mavjudotga aylantirilgan va eng yaxshi oziq-ovqat berilib parvarishlangan, har doim qoʻriqchilar bilan birga sayohat qilgan. Manbalarga koʻra, unga 4 ta “ilohiy ayol” jinsiy sheriklik uchun taqdim qilingan. Oxirida uni orol shahri tashqarisiga olib chiqib ketishgan va kichik piramida tomonga boshlashgan, balandlikka koʻtarilayotib uning naylarini sindirishgan, soʻng esa qurbonlik yoʻlida oʻldirishgan. Boshqa marosimlarda bolalar va ayollar ham qurbon boʻlgan. 

Qurbonliklar sharaf sifatida koʻrilganini bilib oldik. Bu yuksalish edi, yaqinlarini yoʻqotishdan oila aʼzolari qaygʻurishgan yoki bezovtalanishgan boʻlsa-da, atstek mafkurasi qurbon boʻlganlarni oʻlimi koinotni qayta tiklashga yordam bergan ilohiy mavjudot deb hisoblagan.


Ushbu maqola serious-science.org saytidagi Human Sacrifice in Aztec Culture nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: unsplash.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!