Onlayn ta’limning afzalliklari
Onlayn ta’limning afzalliklari
Oʻrta
3 min
06.09.2022
Ta’lim

Aksariyat insonlar onlayn taʼlim hech qachon anʼanaviy taʻlimning oʻrnini bosa olmaydi deb oʻylaydi. Ammo men ularning fikriga qoʻshilmayman: onlayn taʼlim anʼanaviy taʼlimdan-da samarali boʻla oladi. Onlayn taʼlim hozirda u qadar rivojlanmagani sababli unga bepisand qarash, mashinalar ishlab chiqarilayotgan vaqtda otlardan foydalanishni afzal koʻrishga teng.

Onlayn taʼlimning asosiy afzalligi shundaki, taʼlim tizimi raqamli koʻrinishda boʻlsa, oʻrganuvchilarning koʻrsatkichlarini kuzatish va tahlil qilish osonlashadi.

pexels.com

Xoʻsh, tajribali oʻqituvchining dars xonasida vazifasi nima? Tajribali oʻqituvchi dars xonasida quyidagi ishlarga ulgurishi kerak:

  • Qiyin mavzularni tushuntirishda samarali materiallardan foydalanish;
  • Har bir oʻrganuvchining oʻzlashtirish koʻrsatkichlarini qisqa muddatda oʻrganib chiqish;
  • Olingan maʼlumotlardan kelib chiqib tezlik bilan yangi metodlarni qoʻllash.

Tajribali oʻqituvchi oʻquvchining koʻzlariga qarab u mavzuni tushungan yoki yoʻqligini ilgʻay olishi kerak. Bunda oʻquvchi va oʻqituvchi oʻrtasida jonli muloqot sodir boʻladi. Shu sababli yaqin kelajakda onlayn darslar anʼanaviy sinflaridagi darslar darajasiga yeta olmaydi deb oʻylashingiz mumkin. Ammo qaror qabul qilishga shoshilmang. Scientific America bergan maʼlumotlarga koʻra, bundan ikki yil oldingi eng tez ishlaydigan kompyuter odam miyasiga nisbatan 10 marta koʻp maʼlumot saqlay olgan va maʼlumotlarni 4 marta tezroq qayta ishlagan. Tasavvur qilib koʻring, oʻqituvchida oʻquvchining qaysi mavzuda qiynalayotganini, mashqlarni bajarishi uchun qancha vaqt ketganini va hatto dars jarayonida oʻquvchining fiziologik holatini (koʻz qorachigʻi harakati, yurak urish tezligi) bilish imkoni bor.

An’anaviy ta’limdagi eng katta muammo bu — barcha uchun bir xil bilim berish uslubini qoʻllashdir.

Istalgan sinfda tengdoshlaridan ortda qolgan yoki oldinga oʻzib ketgan oʻquvchilarni uchratishimiz mumkin. Hatto eng yaxshi oʻqituvchi ham qachonlardir oʻziga quyidagi savolni bergan: “Men koʻproq oʻquvchi mavzuni tushunishi uchun sekinlashishim kerakmi yoki oʻquv-rejani tugatish uchun mavzularni tezroq oʻtishim kerakmi?” Shuning uchun ham ular tezlik va ta’lim berishda bir maromni saqlashga harakat qiladi. Onlayn taʼlim esa bu muammoni hal qila oladi, negaki u individual taʼlim berishga asoslangan va taʼlim olish jarayoni oʻquvchi hamda uning moslashuvchanligiga qarab oʻzgaradi.

Tasavvur qilib koʻring, hech bir dars bir xil oʻtilmaydi. Dasturlash darslarida oʻquvchilar bu fanda egallagan koʻnikmalariga qarab kelgan joyidan davom ettiradi, yangi qoʻshilgan oʻquvchilar esa fanni boshidan boshlaydi. Bundan tashqari, oʻquvchining bilim olish qobiliyatiga qarab turli usulda maʼlumotni yetkazish yoki oʻquvchining qaysi mavzularda qiynalayotganini bilib, u uchun alohida dars jadvali tuzish mumkin.

Baʼzida odamlarning onlayn taʼlimga bepisand qarashi xafa qiladi. Lekin biz koʻrib turgan onlayn dars va platformalar bu yoʻldagi dastlabki qadamlar ekanini yoddan chiqarmaslik kerak.


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Onlayn-ta’limning afzalliklari.
Muqova surat: midjourney.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!