Olimlar qarishning oldini oluvchi dori vositasini yaratdi
Qarish jarayonining oldini oluvchi dori yaratildi: CMS121 va J147 moddalari. Olimlar o'tkazgan tajriba va izlanishlari natijasida yaratilgan dori haqida o'qing.
Murakkab
3 min
09.09.2022
Biologiya va tibbiyot

Jonivorlar ustida o‘tkazilgan tajribalar shuni koʻrsatdiki, ushbu dori sogʻlom mavjudot hujayrasidagi qarish jarayonini sekinlashtiradi. Solk biologik tadqiqotlar instituti (San Diyego, Kaliforniya shtati, AQSH) olimlari Alsgeymer kasalligini davolashga mo‘ljallangan CMS121 va J147 deb nomlanuvchi eksperimental dori vositalari qarish jarayonini sekinlashtirishda samara berishi mumkinligini isbotladi. Sichqonlar bilan o‘tkazilgan avvalgi tajribalarda dorilarning xotiraga hamda miya hujayralarining buzilishiga ijobiy taʼsiri kuzatilgan edi. Hozirda esa olimlar dorining “qarishga qarshi” xususiyatlarini ham aniqladi.

2019-yil eLife jurnalida chop etilgan tadqiqot shuni koʻrsatdiki, preparatlarni qabul qilish uchun rozi boʻlgan nomzodlar kengroq koʻlamdagi kasalliklarni davolashda ham qoʻl kelishi mumkin. Bu esa, oʻz oʻrnida, bizni yangi — Alsgeymer kasalligi va normal qarishni bogʻlovchi yoʻl sari yetaklaydi.

Kuzatishlarga koʻra, har ikki dori vositasi sogʻlom sichqonlarda odatda yosh oʻtishi bilan sodir boʻladigan miya hujayralarining zararlanishini toʻxtatib, qarish jarayonini sekinlashtirgan. Bu xususiyatlar olimlar CMS121 va J147 preparatlarining kemiruvchilar organizmiga taʼsiri mexanizmi ustida izlanish olib borayotganida aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, dorilar uzoq umr ko‘rish va qarish bilan bog‘liq bo‘lgan molekulyar yo‘llarni mo‘ljalga oladi. Yangi tajribalarda dori vositalari qari odamning yoshiga teng boʻlgan to‘qqiz oylik sichqonlarda sinab ko‘rildi. Tajriba to‘rt oy davom etdi, shundan so‘ng jamoa jonzotlarning xotirasi va xatti-harakatlarini, shuningdek, miyadagi genetik va molekulyar biomarkerlarni baholadi. Nazorat guruhidagi kemiruvchilar bilan solishtirganda ularning hujayraviy va molekulyar darajadagi holati xotira testlari natijasi kabi yaxshilandi.

Nisbatan chuqurroq tajribalar shuni koʻrsatdiki, har ikki preparat ham mitoxondriyaga ijobiy ta’sir etadi, ya’ni miya hujayralari yosh oʻtishi bilan sodir boʻluvchi molekulyar oʻzgarishlardan himoyalanadi. Izlanishlar mualliflaridan biri Pamela Maherning ta’kidlashicha, “Odamda mitoxondriya funksiyasining buzilishi qarish jarayoni va Alsgeymer kasalligi bilan ifodalanadi, bu insonlarga oʻzaro oʻxshash bogʻliqlikni taxmin qilish imkonini beradi”. Maher Alsgeymer kasalligiga alohida e’tibor qaratgan holda neyrodegenerativ kasalliklarning rivojlanishini sekinlashtiradigan yoki toʻxtata oladigan birikmalarni tadqiq qilish bilan shugʻullanib keladi.

Izlanishlarning keyingi bosqichlarida jamoa CMS121 va J147 dorilarining boshqa organlarning qarish jarayoniga taʼsirini aniqlashni maqsad qilgan.


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Olimlar qarishning oldini oluvchi dori vositasini yaratishdi.
Muqova surat: unsplash.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!