20.02.2024
Donishmandlikda qaygʻu koʻpligi rostmi? Zamonaviy tadqiqotlar aqlli boʻlish va oliy maʼlumotlilikning tushkunlik, xavotir va demensiyaga (keksalikdagi aqliy zaiflik) qanday bogʻliqligi borligini oʻrgangan holda “Ekklesiast”¹ kitobidan olingan yuqoridagi fikrning qanchalik toʻgʻriligini tekshirmoqda.
Odatda yuqori darajadagi bilim va ilmiy mansab bilan faxrlansa boʻladi deb oʻylaymiz. Biroq agar hamma narsa shunchalik oddiy boʻlganida barcha davr ziyolilari bilimning ogʻir yukidan xalos boʻlish haqida orzu qilmagan boʻlar edi. Bilimli insonlar doimo oʻzlarini “soddalashtirish” va chuqur mulohaza talab qiluvchi aqliy mehnat, muqarrar qiyinchiliklarni oʻzlariga yuklamay, ichki sokinlik va hamohanglikda yashashga intilgan.
Erazm Rotterdamskiy o‘zining “Ahmoqlikka maqtov” asarida aqlsizlikka “xizmat qiluvchilar”ni faylasuflar, shu bilan birga, o‘ziga ham namuna qilib ko‘rsatar ekan, shunday yozadi:
“Mana bu ozgʻin xoʻmraygan kishilarga qarang — ular yo falsafani oʻrganish, yo shunga oʻxshash qiyin va zerikarli mashgʻulotga shoʻngʻigan. Hali navqiron yigitga aylanmay turib, ular allaqachon qarib boʻldi. Qaygʻurish va tinimsiz, qistovli mulohazalar ularning qalbini vayron qildi, hayotiy quvvatlarini soʻrib oldi. Mening tentakchalarim esa aksincha — silliqligi, oppoqligi va nozikligi bilan haqiqiy akarnan choʻchqalariga² oʻxshaydi. Ular hech qachon qarilik uqubatini sezmaydi, albatta, bilagʻonlar bilan muloqotda boʻlib zararlanib qolmasa”.
Russo tomonidan ommaga ma’lum qilingan “himmatli yovvoyi odam”ning romantik ta’rifi ham salohiyat baxtga sabab boʻla olmasligi va uning imkoniyatlaridan koʻngil qolishiga asoslangan.
Nature jurnalida chop etilgan ilmiy ish masala aslida umuman aks ta’sirga egaligini koʻrsatadi: oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, fan nomzodlari va magistrantlar hech qanday dissertatsiya yoqlamaganlarga nisbatan 6 marta koʻproq tushkunlik va xavotir simptomlari haqida xabar bergan. Shu tadqiqot doirasida olimlar 26 mamlakatdan boʻlgan 2779 ta talaba bilan soʻrov oʻtkazib, ishtirokchilarning 40 foizida xavotir koʻrsatkichlari oʻrtachadan kuchligacha boʻlgan oraliqda ekanini hamda deyarli 40% kishida oʻrtacha va ogʻir depressiya belgilari kuzatilayotganini aniqladi. AQSHning San-Antonio shahridagi Texas universitetining Salomatlik ilmiy markazi nevrologi Tereza Evans bu koʻrsatkichlarni oʻta xavotirli deb taʼkidladi.
Ammo quvonarli yangilik ham bor. Yaqinda olib borilgan boshqa tadqiqotga koʻra, universitetda oʻqish keksaygandagi aqliy zaiflikning oldini olishi va xotirani saqlab qolishda yordam berishi mumkin ekan. “Bu oliy maʼlumotlilar uchun yaxshi yangilik. Oliy maʼlumoti boʻlmaganlar uchun bu nimani anglatadi? Ularda qarilikdagi aqliy zaiflikning ehtimoli yuqori va bu nisbatan ertaroq boshlanishi ham mumkin”, — deydi tadqiqot rahbari professor Eylin Krimmins.
Demak yangi tadqiqotlarga tayanib shuni aytish mumkinki, yaxshi maʼlumotli va ilmga moyil insonlar aqliy ravshanlikni uzoqroq vaqtgacha saqlab qolishsa-da, kam hollarda oʻzlarini baxtli his etadi. Bu esa hikmatli mulohazalarga boy, ammo tushkun hayot kechirishga zamin yaratadi.
[1] Ekklesiast — yahudiylik dinining muqaddas kitobi — “Tavrot” tarkibidagi yozma manba.
[2] Akarnan choʻchqalari — Krommion choʻchqalari deb ham ataladi. Yunon mifologiyasidagi mavjudot. Yexidna va Tifondan tugʻilgan. Teseyning jasoratlari ichiga bu choʻchqani yengish ham kiritilgan.
Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Aqlli bo‘lish zararlimi?
Muqova surat: midjourney.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.