Astronavt qonida kuzatilgan o‘zgarish
Kosmik parvoz, parvozda astronavt qoni oʻzgarishi, astronavtlar sog'ligi yomonlashishi, qoni quyilishi va qoni oqmay qolishi haqida bilib oling.
Oʻrta
8 min
09.09.2022
Fizika va astronomiya

Yangi tadqiqot kosmik parvozning ilgari hech kim payqamagan salbiy taʼsirini aniqladi. Astronavtlar oddiy kosmik sayohatchilar emas, ular, fazoning inson tanasiga taʼsirini sinchkovlik bilan oʻrganishda tadqiqot obyekti ham hisoblanadi. Tadqiqotchilar yerda hayotiy zarur boʻlgan tana aʼzolarini koʻzdan kechiradi, tahlil uchun qon yoki soʻlak namunasini oladi. Yer atrofidagi orbitada esa bu ishni astronavtlar bajaradi. Bu xatti-harakatlar baʼzi natijalarni berdi va koinotga parvoz qilishning inson organizmiga salbiy taʼsirlari borligini koʻrsatdi.


Xoʻsh, bu qanday sodir boʻldi?

Astronavtlardan biri oʻz tanasida ultratovush tekshiruvini amalga oshiradi, bu real vaqtda Yerda mutaxassis boshchilik qilayotgan yangi tadqiqotning bir qismi. Parvozdan oldin oʻtkazilgan shunga oʻxshash test astronavtda ijobiy xulosa koʻrsatgan edi, ammo fazodagi tekshiruvda qon quyulishi kuzatilgan.

“Biz buni kutmagan edik, bunday holat ilgari hech kuzatilmagan”, — deydi NASA katta ilmiy xodimi va shu sohada olib borilayotgan tadqiqot muallifi Karina Marshall-Gebel. NASA shifokorlari vaziyatni nazorat ostiga oldi. Astronavtda qon quyuqlashishidan kelib chiquvchi hech qanday kasallik alomati yoʻq edi, ammo u tadqiqotdan chetlatildi va orbitada boʻlgan vaqtida qonni suyultiruvchi dorilar qabul qildi.

Tadqiqot kosmik sayohatlarning keng tarqalgan, turli xil salbiy taʼsirlarini oʻrganish uchun ishlab chiqildi. Oʻn yilcha avval olimlar bir necha oy Xalqaro kosmik stansiyada (XKS) boʻlib qaytgan astronavtlar optik asablari shishgan, koʻz soqqalari biroz yassilangan va koʻrish qobiliyati oʻzgargan holda uyga qaytganini payqagan. NASA koʻrish qobiliyati yomonlashganini sezgan astronavtlar uchun stansiya bortiga koʻzoynaklar qoʻyishni boshlagan. Olimlar bunga tanadagi qon va suv kabi suyuqliklarning yigʻilib qolishi sabab boʻlgan deb taxmin qilmoqda. Doimiy tortishish kuchi boʻlmagach suyuqliklar boshga oqib, bosh suyagi ichidagi bosimni oshirishi mumkin. Mazkur nazariyani tekshirish maqsadida Marshall-Gebel va uning jamoasi boshdan yurakka qon yetkazib beruvchi koʻk tomirni tekshiruvdan oʻtkazdi. Tadqiqot ishtirokchilari toʻqqiz erkak va ikki ayoldan iborat edi. Astronavtlarni uchirishdan oldin mutaxassislar ularning oʻtirgan, yotgan va egilgan holatlarida koʻk tomirdagi qon oqimini oʻlchadi — natijalar ijobiy chiqdi.

Tadqiqotchilar astronavtlardan XKSga parvoz paytida ultratovush tekshiruvini takrorlashni soʻradi. Tekshiruv shuni koʻrsatdiki, tomirdagi qon oqimi 11 nafar astronavtning beshtasida toʻxtab qolgan. “Baʼzan qon biroz oldinga va orqaga oqdi, ammo faqat oldinga harakatlanish kuzatilmadi”, — deydi Marshall-Gebel. Uning soʻzlariga koʻra, koʻk tomirda qon yurishi kamdan-kam sekinlashadi, odatda oyoqlarda, masalan, samolyotda bir necha soat harakatsiz oʻtirish natijasida shunday holat yuz beradi. Xulosa xavotirli edi. Quyulgan qon, u xoh boʻyinda boʻlsin, xoh oyoqlarda, ivishi mumkin. Qon quyqalari oʻz-oʻzidan yoki antikoagulyantlar bilan suyulishi mumkin, ammo qon tomiridagi tiqinlar oʻpkaning shikastlanishi kabi jiddiy muammolarga ham sabab boʻlishi mumkin.

Ikki astronavtda tomirdagi qon yurakdan boshga tomon teskari yoʻnalishda oqa boshladi, Marshall-Gebelning fikricha, bu koʻk tomir uchun “gʻayritabiiy” holat hisoblanadi. Tadqiqotchilarning oʻylashicha, qon quyi oqimdagi tiqin tufayli oʻz yoʻnalishini oʻzgartirgan. Bunday holat qonni yurakka boshqa yoʻl bilan yetkazib berishga majbur qiluvchi oʻsma yoki shish bilan ogʻrigan astronavt boʻlmagan bemorlarda kuzatilgan.

“Bu goʻyo aylanma yoʻlga oʻxshaydi, baʼzan kerakli manzilga yetib borish uchun mashinangizni notoʻgʻri koʻchaga burishga toʻgʻri keladi”, — deydi Marshall-Gebel. Ehtimol, astronavtlar bilan ham shunga oʻxshash narsa sodir boʻlgandir. Tanadagi suyuqlik singari tana aʼzolari ham yuqoriga siljib, maʼlum tomirlar yoʻlini toʻsib qoʻygan. Marshall-Gebelning soʻzlariga koʻra, bu narsa uni hayratda qoldirgan, chunki inson tanasi notanish muhitga tushib, unga moslashish yoʻlini topgan. Tadqiqotchilar astronavtlardan rus kosmonavtlari Yerga qaytishga tayyorgarlik koʻrish uchun foydalanadigan maxsus kostyumni maʼlum vaqt kiyib yurishni soʻradi. Bir juft paxmoq shim koʻrinishidagi kostyum tortishish kuchiga taqlid qilib, suyuqlikni tananing pastki qismiga qaytarish uchun havoni soʻrib oladi. Baʼzi astronavtlarda qon oqimi yaxshilandi, ammo hammasida emas.

Tadqiqotchilar kuzatilgan oʻzgarishlarni fazoviy muhit bilan bogʻlamoqda. Barcha astronavtlar parvozdan oldin sogʻlom boʻlgan, uyga qaytgach, deyarli barchasining ahvoli yaxshilandi. Tadqiqotchilar maʼlumotlarni tahlil qilgach, orbitada har ikki astronavtdan bittasida qon laxtasi hosil boʻlishi mumkinligini aniqladi, ammo hech kimning sogʻligʻi yomonlashmagan. “Ekipaj aʼzolaridan hech birida salbiy tibbiy xulosalar qayd etilmagan”, — deb taʼkidladi Marshall-Gebel.


Tadqiqotlarni davom ettirish lozim

Astronavtlar sogʻligʻini oʻrganuvchi va mazkur tadqiqotda ishtirok etmagan tadqiqotchilar izlanish ishonarli natijalar koʻrsatgani va uni oʻrganishda davom etish zarurligini taʼkidladi. “Buni kosmik parvoz paytida inson salomatligi uchun jiddiy xavf deb hisoblash uchun bizda yetarlicha dalillar mavjud, bu izlanishlarni davom ettirishni talab etadi”, — deydi Fransiyadagi Xalqaro kosmik universitetning kosmik tibbiyot professori Virjiniya Votring. Votringning taʼkidlashicha, u erkak va ayol astronavtlarga xavf qanday taʼsir qilishi alohida tadqiq etilishini istaydi. Tadqiqotchilar natijalar homiladorlikdan saqlovchi dorilarni qabul qiluvchi ayollar uchun ahamiyatli boʻlishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda, chunki dorilar kosmosda homiladorlik davrini toʻxtatish uchun qon laxtalari xavfini oshiradi. Aytish joizki, kosmik parvozning dastlabki bosqichidagi taxminlardan farqli oʻlaroq, kosmosda hayz koʻrish xavfli emas, ammo baʼzi ayollar qulaylik nuqtayi nazaridan buning oldini oladi. “Inson tanasiga biz hali bilmaydigan juda koʻp kosmik taʼsirlar mavjud”, — deydi Votring.

pixabay.com

Tadqiqotchilarning soʻzlariga koʻra, Yerdan 418 km uzoqlikdagi astronavtda qon oqimining oʻzgarishi unchalik qoʻrqinchli emas. Ehtimol, boshqa koʻplab astronavtlar xuddi shunday oʻzgarishni boshdan kechirgan va hech kim buni payqamagan. “Qon yurishi sekinlashganda qon quyqasi hosil boʻlishi uchun vaqt kerak boʻladi, bu bir necha soat yoki kun ichida roʻy berishi mumkin”, — deydi NASAʼning Jonson kosmik markazidagi yurak-qon tomir tizimi va koʻrish laboratoriyasi rahbari, tadqiqot mualliflaridan biri Maykl Stenger. Bugungi kunda astronavtlar XKSda olti oy boʻladi, ayrimlari u yerda deyarli bir yil qoladi.

Qon laxtasi noxush yangilik boʻldi. “Menimcha, hamma bu xabardan qoʻrquvga tushdi, ammo oʻylashimcha, buni aniqlaganimiz haqiqatan ham juda yaxshi yangilik, chunki kosmik sayohat uchun xavf mavjudligini bilsak, uni nazorat qilishimiz va oldini olishimiz mumkin”, — deydi Marshall-Gebel. Agar muammo tugʻilsa, astronavtlar bir necha soat ichida yerga qaytishi mumkin. Oydan qaytishga kunlab, Marsdan qaytishga esa oylab vaqt ketadi. NASA vakilining soʻzlariga koʻra, agentlik hozirda oʻzining barcha astronavtlarini orbitada boʻlgan vaqtida kuzatib borish uchun rasmiy ultratovush tekshiruvi dasturini ishlab chiqmoqda. U, shuningdek, XKS “ekipaj aʼzolari muolaja olishlari uchun zarur tibbiyot asboblari bilan jihozlanganini” tasdiqladi.

Insoniyatning salkam 60 yillik kosmik tadqiqotlaridan soʻng, olimlar tananing kosmosdagi holati haqida yetarlicha maʼlumotga ega boʻldi. Birinchi astronavtlar kosmosga koʻtarilishidan oldin baʼzilar vaznsizlik yutinish singari oddiy funksiyalarni ham ishdan chiqaradi degan xavotirda boʻlgan. Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, inson tanasi bir necha oy vaznsiz boʻlishni xushlamaydi, ammo buning uddasidan juda yaxshi chiqadi.

Ammo koʻp narsalar nomaʼlumligicha qolmoqda. SpaceX kabi tijorat kompaniyalari haq toʻlovchi mijozlarni kosmosga yuborish haqidagi vaʼdalarini bajarsa, xavf yanada jiddiy tus olishi mumkin. Egizak astronavtlar Skott va Mark Kellida kosmos bilan bogʻliq oʻzgarishlarni oʻrgangan Uell Kornell tibbiyot institutining genetigi Kristofer Meyson oddiy aholi kosmosda qanday muammolarga duch kelishi mumkinligi bilan qiziqdi. “Biz salomatligi mustahkam astronavtlarni uchiramiz, ular muhitga moslasha oladi va hammasi joyida boʻladi. Ammo tavakkaliga tanlab olingan ikkita odamni kosmosga yuborsak nima boʻladi?” — deydi Meyson.


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Astronavt qonida kuzatilgan o‘zgarish.
Muqova surat: pexels.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!