Nima uchun viruslar infeksiya manbasini kasallantirmaydi?
Viruslar, infeksiya manbasi, koronavirus, koronavirusning yuqishi va boshqa viruslardan farqi haqida tanishib chiqing.
Murakkab
5 min
09.09.2022
Biologiya va tibbiyot

Aniqlanishicha, koronavirus koʻrshapalaklarda paydo boʻlgan, soʻng boshqa turlarga, ehtimol, pangolinlarga, ulardan esa odamlarga yuqqan. Koronavirusning taxminan 39 xil turi mavjud, ammo ulardan faqat yettitasi odamlarga yuqishi va kasallikka sabab boʻlishi haqida xabar qilingan. Xoʻsh, nima uchun virus koʻrshapalaklar yoki pangolinlarni kasallantirmadi? Maʼlum boʻlishicha, viruslar murakkab organizm hisoblanib, baʼzan oʻta xavfli taʼsir koʻrsatishi mumkin.


1. Mazkur yangi virus boshqa koronaviruslardan nimasi bilan farq qiladi?

“Coronaviridae” viruslar oilasida taxminan 39 xil koronavirus mavjud. Ularning faqat yetti turi odamga yuqishi va kasallik keltirib chiqarishi mumkin. Toʻrtta koronavirus turi yengil shamollashga oʻxshash alomatlarni yuzaga keltiradi, ammo qolgan uchtasi ogʻir va oʻlim bilan yakunlanish ehtimoli mavjud boʻlgan infeksiyalarni keltirib chiqaradi. Ular ogʻir oʻtkir respirator sindromi koronavirusi (SARS-CoV), Yaqin Sharq respirator sindromi koronavirusi (MERS-CoV) hamda hozirgi COVID-19 koronavirusi uchun javobgar SARS-CoV2.

SARS-CoV2 ogʻir oʻtkir respirator sindromini keltirib chiqargan koronavirusning “amakivachchasi” boʻlib, ularning genetik tuzilishi taxminan 79% oʻxshash. Ikkala virus oʻzaro oʻxshash boʻlsa-da, aynan bir xil emas va ular tarqatuvchi kasalliklar turlicha namoyon boʻladi. SARS ilk bor 2003-yil fevral oyining oxirida Xitoyda aniqlangan. Dunyo boʻyicha 8098 kishi SARS bilan kasallangan va 774 kishi vafot etgan, oʻlim darajasi 10% ni tashkil etgan.

MERS-CoV dastlab 2012-yil sentabrda Saudiya Arabistonida qayd etilgan. Virus sabab dunyo boʻylab 2494 kishi MERS kasalligiga chalingan va ulardan 858 nafari vafot etgan, oʻlim darajasi 37 foizni tashkil etgan.


2. Baʼzilar COVID endemiyaga aylanishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Bu nimani anglatadi?

SARS kabi yuqumli kasalliklar epidemiyasi — muayyan hududda yangi infeksiyalanish holatlari soni jadal oʻsib borishiga sabab boʻladi. Aniq maʼlumotlarga asoslangan samarali sogʻliqni saqlash chora-tadbirlari ushbu tajovuzkor kasalliklar nazorat qilinmaguncha yangi bemorlar miqdorini kamaytiradi. Bundan farqli oʻlaroq, endemik kasallik maʼlum bir geografik hududda doimiy ravishda mavjud boʻladi. Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasining tropik mintaqalarida doimiy uchrab turuvchi bezgak endemik kasallikka yaxshi misol.

2003-yilgi SARS epidemiyasi samarali xalqaro kuzatuv metodlari va dalillarga asoslangan mahalliy sogʻliqni saqlash chora-tadbirlari orqali nazorat ostiga olindi. Xalqaro kuzatuv tizimlari hukumatlarni yangi kasallik haqida ogohlantirib, sayyohlar, aviakompaniya va ekipaj aʼzolari boshqaruvini yoʻlga qoʻyishga ko’maklashdi. U, shuningdek, kasallik tarqalishining oldini olgan va kasallanganlarni aniqlab, izolyatsiyalashda mahalliy sogʻliqni saqlash tizimi faoliyatiga yordam bergan global kurash chora-tadbirlarini joriy etdi. Bu hamkorlikdagi kurash SARS tarqalishining oldini oldi. 2003-yil iyul oyiga kelib infeksiya boshlanganidan toʻrt oy oʻtgach, SARSʼning odamlar orasida tarqalishi toʻxtadi.


3. Bu viruslar odamlarga qanday yuqadi?

Odamlarga taʼsir koʻrsatuvchi yangi kasalliklarning aksariyati zoonoz boʻlib, ular yovvoyi hayvonlarda (asosan, sutemizuvchilarda) paydo bo’lib, keyinchalik odamlarga yuqadi. Sutemizuvchilar orasida eng koʻp zoonoz viruslar koʻrshapalaklarda uchraydi. Mazkur viruslar koʻrshapalaklarda yengil kasallik alomatlarini qoʻzgʻashi mumkin. Koʻrshapalaklar (yoki ularning peshobi, axlati, soʻlagi) bilan oʻzaro aloqada boʻlgan odam va hayvonlar ushbu zoonotik viruslarni yuqtirishi hamda boshqa hayvonlar yoki odamlar orasida tarqatishi mumkin.

Yovvoyi hayvonlarni uy jonivorlariga yemish sifatida, oziq-ovqat bozori uchun yoki tibbiy maqsadlarda ovlash ularning, shu jumladan, koʻrshapalaklarning boshqa hayvon va odamlar bilan yaqin aloqada boʻlishiga olib keladi. Avvalgi ikki koronavirus epidemiyalarida aynan shu narsa sodir boʻlgan. 2003-yilgi SARS epidemiyasi davrida koronavirus koʻrshapalaklardan ozuqa mahsuloti sifatida sotilgan viverralarga oʻtgan, ulardan esa odamlarga yuqqan. MERS epidemiyasida esa MERS koronavirusi koʻrshapalaklardan tuyalarga, tuyalardan odamlarga oʻtgan. COVID-19 epidemiyasi natijasida esa Xitoy yovvoyi hayvonlar bozorini taqiqlab qoʻydi.


4. Nima uchun koʻrshapalaklar virusdan kasallanmaydi?

Koʻrshapalaklar favqulodda oʻziga xos jonivorlar hisoblanadi. Sutemizuvchilar orasida faqat ulargina ucha oladi. Olimlar parvoz bilan bogʻliq genetik oʻzgarishlarni koʻrshapalakning immun tizimiga yaxshi taʼsir koʻrsatuvchi xususiyatlar bilan bogʻlaydi. Masalan, koʻrshapalakning immun tizimi virusli infeksiyalarga qarshi kurashadi, ammo ularni yengishga ortiqcha kuch sarflamaydi va bu orqali koʻplab viruslardan kasallanishning oldini oladi.


5. Organizm virus bilan qanday “murosaga keladi”?

Hayvonning virus bilan kasallanishi oqibati ikki asosiy omilga bogʻliq: birinchisi — virus turi qanchalik kuchli yoki xavfli ekani, ikkinchisi — infeksiyalangan hayvonning immun tizimi samaradorligi. Infeksiya tarqalishining boshlangʻich davrida virus hayvonlar uchun oʻta xavfli boʻlishi mumkin. Ammo kasallik manbasini tezda halok qilish virusga foyda keltirmaydi, chunki bu uning boshqa hayvonlarga tarqalish imkoniyatini cheklaydi. Natijada virus vaqt oʻtishi bilan kamroq xavf tugʻdira boshlaydi. Boshqa tomondan, virusga taʼsirchan hayvonlar tezda oʻlim topadi, irsiy jihatdan virusga qarshi kurashish qobiliyati kuchli hayvonlar esa tirik qolib, oʻz nasliga kuchli immun tizimini meros qoldiradi. Uzoq vaqt davom etgan hodisalarning bunday kombinatsiyasi hayvonlarning immuniteti virusli infeksiyani butunlay yoʻq qilmasdan uni nazorat qila olishi uchun zarur muvozanatni yuzaga keltiradi. Odamlar orasida bunday muvozanatni gerpes (uchuq) infeksiyasi misolida koʻrish mumkin.


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Nima uchun viruslar infeksiya manbasini kasallantirmaydi?
Muqova surat: unsplash.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!