20.02.2024
Sunʼiy intellekt insonning yaqinda vafot etishi mumkinligini oldindan aytib beradi, ammo biz uning qanday ishlashini bilmaymiz.
Sunʼiy intellekt (AI — Artificial Intelligence) insonning bir yil ichida oʻlish ehtimolini yurak tekshiruvining hattoki shifokorlarga normal holat boʻlib koʻringan natijalariga qarab aniqlay olar ekan. Ammo bu qanday sodir boʻlishi sirligicha qolmoqda. AQSHning Pensilvaniya shtatidagi Geisinger tibbiyot institutida Brendon Fornvolt va uning hamkasblari qariyb 400 000 odamning kelgusi yil oʻlim xavfi qanchalik yuqori boʻlishini taxmin qilish uchun 1,77 million elektrokardiogramma (EKG) natijalarini tahlil qilish orqali sunʼiy intellektni sinovdan oʻtkazdi. EKG yurakning elektr faolligini yozib oladi, undagi shakllar yurak xuruji va tebranuvchi aritmiya kabi kasalliklar yuz berganda oʻzgaradi.
Ushbu jamoa sunʼiy intellektning ikki xil koʻrinishini amalda sinab koʻrdi. Birinchi koʻrinishda algoritmga faqat vaqt oʻtishi bilan kuchlanishni aniqlab beradigan EKG maʼlumotlari kiritilgan. Ikkinchi holatda esa EKG maʼlumotlari bemorning yoshi va jinsi kabi maʼlumotlar bilan birgalikda kiritilgan. Ular SI samaradorligini AUC deb nomlangan indikator yordamida oʻlchadi, bu model uning ikki guruh odamlarni, yaʼni bir yil davomida vafot etgan bemorlar va tirik qolganlarni qanchalik yaxshi ajratib bera olishini koʻrsatadi. SI aksar hollarda 0,85 dan yuqori ball toʻplagan, bunda eng yuqori koʻrsatkich 1 ball boʻlgan, 0,5 ball esa bu ikki guruh oʻrtasida tafovut yoʻqligini koʻrsatadi.
“Hozirgi kunda shifokorlar foydalanadigan xavfni baholash modellari uchun AUC koʻrsatkichi 0,65 bilan 0,8 oraligʻidagi raqamlarga teng”, — deydi Fornvolt. Shuningdek, tadqiqotchilar taqqoslash uchun hozirgi kunda shifokorlar foydalanadigan yozuvlardan olingan aniq namunalar kabi oʻlchov birliklaridagi EKG funksiyalari asosida algoritm yaratdilar.
Bunisi ham qiziq: Robotlar ishlaydi: sun’iy intellektning ish jarayonimizga ta’siri haqida
“Nima boʻlishidan qatʼiy nazar, kuchlanish asosidagi model har doim EKG yordamida oʻlchanadigan har qanday modelga qaraganda yaxshiroq boʻlgan”, — deydi Fornvolt. Sunʼiy intellekt hatto kardiologlar EKG natijalari yaxshi deb hisoblagan odamlarda ham oʻlim xavfini aniq bashorat qilgan. Oddiy tipdagi EKGlarni mustaqil oʻrgangan uchta kardiolog SI tomonidan aniqlangan xavfni aniqlay olishmagan.
“Ushbu kashfiyot shundan dalolat beradiki, model odamlar koʻrmaydigan yoki biz normal holat deya eʼtiborsiz qoldirayotgan jihatlarni koʻra oladi”, — deydi Fornvolt. “Sunʼiy intellekt bizga oʻnlab yillar davomida notoʻgʻri tushunib kelgan narsalarimizni oʻrgatishi mumkin”, — deydi u. SI qanday namunalardan foydalanishi hali ham nomaʼlum, shuning uchun baʼzi shifokorlar bunday algoritmlardan foydalanishdan bosh tortishmoqda. “Ushbu tadqiqot tarixiy maʼlumotlarga asoslangan va klinik sinovlarda bunday algoritm bemorning ahvolini yaxshilaganini aniqlash uchun juda muhim”, — deydi uning hamkasbi Kristofer Xaggerti.
Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola: Sun’iy intellekt insonning yaqinda vafot etishi mumkinligini aytib beradi.
Muqova surat: midjourney.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.