Nima uchun ramazon oyi va hayit bayramlari o‘tgan yilga nisbatan vaqtliroq keladi?
Ramazon oyi, hayit bayramlari vaqti o'zgarishi, qanday hisoblanishi, hijriy yil va kabisa yili haqida batafsil ma'lumot oling.
Oʻrta
4 min
23.09.2022
Tarix

Hech oʻylab koʻrganmisiz, nima uchun ramazon oyi va hayit bayramlari oʻtgan yilgiga nisbatan 11 kun vaqtliroq keladi? Quyidagi maqolada hijriy (qamariy) taqvim va hijriy yil hisobi boʻyicha tugʻilgan kunni aniqlash boʻyicha maʼlumot beriladi.


Har yili biz ramazon oyi va boshqa islomiy muhim sanalarni hozir amaldagi taqvimga nisbatan 11 kun farqli ravishda nishonlaymiz. Buning sababi shundaki, bizning diniy ibodatlarimiz hijriy (qamariy) taqvim asosida amalga oshiriladi. “Hijriy” soʻzi “hijrat” soʻzidan olingan, “qamar” soʻzi esa arabchada “oy” demakdir. Hijriy (qamariy) taqvim Yerning yagona tabiiy yoʻldoshi Oyning Yer atrofida aylanishiga bogʻliq hisoblanadi.

Keling, bu holatni matematik tomondan tahlil qilib koʻramiz. Hozirgi texnologiyalar asrida inson koinot borasida koʻplab bilimlarga ega boʻldi. Hattoki yulduzlar, sayyoralar, osmon jismlari, shuningdek, borliq mavzularini oʻrganuvchi fanlarga asos solindi. Yuqori texnologiyalar hisobi asosida Oyning Yer atrofida bir marotaba aylanib chiqishiga 29 kun 12 soat 44 daqiqa 2,8 soniya vaqt ketishi aniqlandi. Bu esa 12 oyda 354,37 kunni tashkil qiladi. Yerning Quyosh atrofida aylanishiga esa 365,26 kun kerak boʻladi. Bular ayirmasidan esa qoʻshimcha 11 kun paydo boʻladi. Ushbu qoʻshimcha 11 kun sababli hijriy (qamariy) taqvim hozirgi taqvim boʻyicha har yili 11 kundan siljib yuradi.

Oyning Yer atrofida bir marotaba aylanib chiqishini esa 1 hijriy oy deb ataymiz. Yuqorida koʻrib oʻtilganidek, bir oy 29,5306 (29 kun 12 soat 44 daqiqa 2,8 soniya) kunga tengdir. Ammo bir oy hisobida qoʻshimcha yaxlitlangan yarim (0,5306) kun bor va bu murakkabliklarga sabab boʻlishi mumkin. Shu sababli ushbu yarim kun keyingi oy hisobiga qoʻshib yuboriladi. Natijada esa hijriy taqvimda 29, 30, 29, 30, … ketma-ketligi sodir boʻladi. Shuning uchun ham hijriy taqvim 29, 30 kundan iborat deb hisoblanadi, biroq bu yerda yana bir savol tugʻiladi: keyingi oyga qoʻshib yuborilgan yarim kunning qolgan qismi (0,0306) nima boʻladi? Ushbu qoldiq 1 yilda 0,3672 (0,0306×12=0,3672) kunni tashkil etadi. Demak 1 yilda biz yana qoʻshimcha 8 soatga (0,3672×24=8,8128) ega boʻlamiz. Agar bir yillik qoʻshimcha soatlarni 30 yilga koʻpaytirsak, u holda bizda qoʻshimcha (0,3672×30=11,016) 11 kun paydo boʻladi. Shu tufayli bu qoʻshimcha kunlar bilan oy hisobida xatoliklar kelib chiqmasligi uchun 30 yil tarkibiga kiritib yuboriladi. Ushbu qoʻshimcha kunlar 2, 5, 7 yoki 8, 10, 13, 16, 18, 21, 24, 26, 29-yillarga qoʻshib yuboriladi va shunday taqsimlanadi.

Qoʻshimcha yil qoʻshilgan yillarni esa biz kabisa yili deb ataymiz. Xuddi shuningdek, odatiy taqvimdagi qoʻshimcha kun hisobi ham fevralning 29-kuni sifatida har 4 yilda qoʻshimcha kun sifatida qoʻshib yuboriladi. Ushbu vaqtlarga aniqlik kiritilishining sababi shuki, har safar osmonga yangi Oy chiqishi taqvimdagi yangi oyning kirib kelganini bildiradi va qoʻshimcha kunlarning oʻz oʻrnida qoʻshilishi tufayli vaqtda muammolarga duch kelinmaydi.


Hozir nechanchi hijriy yil? U boʻyicha inson tugʻilgan kunini qanday aniqlasa boʻladi?

Hijriy yilni hisoblash uchun M=H(32÷33)+622 formuladan foydalaniladi. M — milodiy yil, H — hijriy yil. Masalan: M=2020 boʻlsa, u holda H=1441 chiqadi. Har yili 11 kun vaqtli kelganligi sababli hijriy yilga har 30 yilda milodiy hisob boʻyicha bir yil qoʻshiladi. Masalan: milodiy (hozirgi taqvim) yil hisobi boʻyicha Doston 30 ga kirgan, ammo hijriy yil hisobi boʻyicha u 31 ga kirgan boʻladi. Xuddi shuningdek, 60 yosh 62, 90 yosh 93 koʻrinishida aks etadi. Tugʻilgan kunni hisoblash uchun esa ushbu saytdan foydalanishimiz mumkin.


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tahrir qilingan. Maqola: Nima uchun ramazon oyi va hayit bayramlari oʻtgan yilga nisbatan vaqtliroq keladi?
Muqova surat: unsplash.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!