20.02.2024
Kanadaning Saymon Freyzer universiteti dotsenti Lara Aknin boshchiligidagi mutaxassislar guruhi uyda uzoq vaqt qolish zarurati, yaqinlar bilan uchrashuvlarni taqiqlash va pandemiya davrida odamlar boshdan o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan qator cheklovlar — yuqori darajadagi stressga olib kelishi va ruhiy salomatlikni buzishini aniqladi. Biroq COVID-19 tufayli o‘limning ko‘payishi ham xuddi shunday ruhiy oqibatlarga olib keldi, shuning uchun kelajakda kuzatilishi mumkin bo‘lgan pandemiyalarda hukumatlar uzoq muddatli qattiq cheklovlar qo‘ymasdan o‘lim darajasi ortishining oldini olish yo‘llarini topishi kerak.
Koronavirusga qarshi chora-tadbirlarning samaradorligi infeksiya tarqalishini qanchalik kamaytirgani va bunda iqtisodiy yo‘qotishlarni minimallashtirganiga qarab baholandi. Garchi ko‘plab olimlar izolyatsiya va boshqa qat’iy cheklovlarning ruhiy salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, bu aloqa global miqyosda o‘rganilmagan — tadqiqotlar asosan alohida mamlakat yoki aholi guruhlari va vaqtinchalik kichik qismlar bilan cheklangan.
Lara Aknin boshchiligidagi guruh COVID-19 kasalligiga qarshi kurashning turli strategiyalari odamlar ruhiy salomatligiga qanday ta’sir qilishini o‘rganish orqali ushbu bo‘shliqni to‘ldirishga kirishdi. Olimlar o‘z xulosalarini The Lancet Public Health nashridagi maqolada taqdim etdi.
Tadqiqotchilar uchun SARS-CoV-2ʼga qarshi turli strategiyalarga ega boʻlgan 15 ta davlatni tanlab oldi va 2020-yil aprelidan 2021-yil iyunigacha boʻlgan davrda fuqarolarning ruhiy salomatligini baholab chiqdi. Olimlar mamlakatlarni ikki toifaga, siyosati o‘z chegaralaridagi aholi o‘rtasida SARS-CoV-2ʼning yuqishini yo‘q qilishga qaratilgan “likvidatorlar” (Avstraliya, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya) va sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yukni ko‘paytirmaslik uchun COVID epidemiyasining tarqalishini nazorat qilishga va ularning oqibatlarini yumshatishga intilgan “bostiruvchi” davlatlarga (Kanada, Daniya, Finlandiya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya va Buyuk Britaniya) bo‘ldi.
Birinchi toifadagi davlatlar pandemiyaga tezda javob berishdi va infeksiya darajasi pastligi sababli tez orada yumshatish mumkin boʻlgan qat’iy choralarni ko‘rdi. Ikkinchi toifadagilar esa vaqtni o‘tkazib yubordi va oqibatda yanada qattiqroq choralar ko‘rishga va ularni uzoqroq muddat davomida qo‘llashga majbur bo‘ldi.
Tadqiqotchilar COVID-19 siyosatining jiddiyligi va turli mamlakatlar aholisining turmush darajasi va stressning og‘irligini baholovchi global so‘rov natijalari haqidagi ma’lumotlarni solishtirdi. Javob beruvchilar, shuningdek, pandemiya sababli boshqalardan qanchalik tez jismonan uzoqlashishga majbur bo‘lgani va hukumat infeksiya tarqalishining oldini olish uchun qanchalik samarali kurashayotgani haqida ham ma’lumot berdi. Ma’lum bo‘lishicha, oqibatlarni yumshatish strategiyasiga amal qilgan mamlakatlarda vaqt o‘tishi bilan stress darajasi oshgan, likvidator mamlakatlarda esa pasaygan. Shuningdek, “bostiruvchi” mamlakatlar aholisi hayot sifatining pasayishi haqida ko‘proq shikoyat qilgan.
Tadqiqotlar davomida yana bir qancha qonuniy holatlar aniqlandi. Birinchidan, COVID-19 virusiga nistaban siyosatning jiddiyligi odamlarni jismoniy masofadan uzoqlashtirish choralari bilan ijobiy bog‘liqlikda bo‘lgan, bu esa, o‘z navbatida, ruhiy salomatlikning yomonlashishi bilan bog‘liq edi. Ikkinchidan, qattiqroq siyosiy choralar hukumatning pandemiyaga qarshi kurashini yomon baholash va yana ruhiy salomatlikning yomonlashuvi bilan bog‘liq bo‘lgan.
“Erta va maqsadli harakatlar virus tarqalish darajasining past boʻlishiga olib kelgan, siyosatning o‘rtacha qat’iyligi likvidator mamlakatlarda oqibatlarni yumshatish strategiyasini quvvatlovchi davlatlarga qaraganda pastroq edi. Likvidator mamlakatlarda ham kunlik o‘limlar soni kamroq bo‘lgan. Shunday qilib, virusni yo‘q qilish bo‘yicha COVID-19 siyosati, ayniqsa, insonlar orasidagi aloqalarni kuzatishning yuqori darajasi bu mamlakatlarni qattiqroq choralar va o‘limlar sonining ortishi o‘rtasida tanlov qilishdan qutqardi,”
— deb yozadi mualliflar.
Olimlar tadqiqot natijalari siyosatning yanada yaqqol keskinligi ham, pandemiyaning intensivligi ham xuddi shu darajada ruhiy salomatlikning yomonlashuvi bilan bog‘liqligini ko‘rsatganini qo‘shimcha qiladi.
Likvidator mamlakatlar pandemiyaga tezda javob berishdi, shu jumladan, xalqaro sayohatlar va ichki turizmni cheklash infeksiyaning tarqalishini, COVID-19 o‘limini va, ehtimol, ruhiy salomatlik oqibatlarini ham kamaytirdi. “Bostiruvchi” mamlakatlar sayohatga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lmagan va oqibatda ular odamlarni jismoniy ajratishga — jamoaviy yig‘ilishlarni cheklashga va ulardan uyda qolishni talab qilishga majbur bo‘lishdi. Biroq bu choralar ham ijtimoiy aloqalarni buzish va yanada yaqqol namoyon bo‘luvchi stress, hayot sifatining pasayishi va hukumat haqidagi fikrlarning yomonlashishiga olib keldi.
COVID-19 pandemiyasi davrida hukumat choralari keng muhokama qilindi. Bir qarashda likvidator davlatlarda xalqaro sayohatlarga taqiqlarning keng yoritilgani sababli boshqa davlatlarga qaraganda ancha qat’iy strategiyalarni amalga oshirgandek tuyulishi mumkin. Biroq aslida bu mamlakatlardagi odamlar “bostiruvchi” mamlakatlar fuqarolariga qaraganda koʻproq erkinlik va mamlakat ichidagi nisbatan yumshoq choralardan foydalanishgan”,
— deydi Aknin.
Pandemiyaga qarshi samarali siyosat ruhiy salomatlik uchun salbiy oqibatlarga qarshi kurash strategiyalari bilan hamohang bo‘lishi kerak deya xulosa qiladi maqola mualliflari. Keyingi pandemiyalarda hukumatlar virus tarqalishini kamaytiradigan, ammo kundalik hayotga kamroq cheklovlar qo‘yadigan, masalan, ichki turizmni cheklash, lekin odamlarga o‘z uyidan chiqishni man qilmaydigan usullarga ustunlik berishlari kerak. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, aloqalarni o‘z vaqtida sinovdan o‘tkazish va kuzatish orqali qattiqroq choralar ko‘rmay turib, zararlanish hamda o‘limlar sonini kamaytirishga muvaffaq bo‘lish mumkin.
Ushbu maqola trv-science.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: pixabay.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.