O‘qiyotgan matningizning muhim qismlarini belgilab qo‘yishingiz kerakmi?
Matnni muhim qismlarini belgilash, matnni haylayterlash, kitobni haylayterlash, haylayterlashning foydalari va qo'shimcha o'quv strategiyasi haqida.
Oʻrta
5 min
30.09.2022
Ta’lim

Ehtimol, qachondir oʻqib, raqam yoki anʼanaviy tarzda marker bilan belgilab yoki boʻyab ketayotgan matningizga qarab bu boʻyoqlar oʻzi nimani bildirardi deb oʻylab qolgandirsiz. Ushbu maqolada Pet Tomson samarali belgilash va boʻyash strategiyalari hamda ularni qanday ishlatish haqida gapiradi.


Yuqoridagi savolga qisqa javob… balki, vaziyatga bogʻliq. Ha ham, yoʻq ham emas. Chunki “Belgilashingiz kerakmi?” bu — oddiy savol emas. Markerga mukkasidan ketgan boʻlmasangiz, albatta, javob aniq — ha.

Belgilash — matnga kirishish va annotasiyaning bir koʻrinishi. Biz matnni oʻqiymiz va muhim deb bilgan qismlarimizni belgilab ketamiz. Lekin muhim deb bilganimizni belgilash ishning yarmi xolos. Matnni belgilash tadqiqotchilar fikricha uch qadamdan iborat:

  • Belgilash uchun matnni tanlash;
  • Belgilarni biror aqliy yoki moddiy sxemaga tushirish;
  • Belgilangan qismlarni mavzu haqida oldindan bilgan maʼlumotlar bilan birlashtirish.

Gap shundaki, uchinchi qadamga yetib bormasangiz, belgilash rostdan ham mavzuni tushunishingizga yordam bermaydi. Sahifada chiroyli ranglar boʻlishi foydali emas. Siz matnga kirishgandek tuyulishingiz mumkin, ammo vaqt ajratib, bu belgilar nima anglatishi va bilimingizga nima berishini tushunmaguningizcha ular ketkazgan siyohingizga arzimaydi. Demak sahifaga shunchaki belgilar qoʻyishdan koʻproq ish qilishingiz kerak!

Qoʻshimcha oʻquv strategiyasi — eslatma qilish, bayonot yozish, diagramma yoki aqliy xarita tuzish belgilar bilan ishlashga, ikkinchi va uchinchi bosqichlarga oʻtishingizga yordam beradi. Nimani boʻyaganingiz haqida oʻylash oʻrniga uni tartiblab, maʼnoli biror nima beradigan vositaga tayanganingiz yaxshiroq.

Lekin agar bir-ikkita qoʻshimcha dastur yoki vositadan foydalansam, oʻqiyotgan matnimni shunchaki belgilab ketaversam boʻladi deb oʻylamang. Umuman olganda, aksariyat tadqiqotchilar belgilashga tanqidiy qaraydi. Ularning aytishicha, maktab oʻquvchilari belgilaganlarini bilimga aylantirishga uquvlari yoʻq. Odatda ular birinchi bosqichdan u yoqqa oʻtolmaydi. Nafaqat ular belgilashda qolib ketishgani, balki ahamiyatsiz narsalarni belgilashgani uchun koʻp hollarda nimani izlayotganini bilmaydi. Har qanday maktab oʻqituvchisi sinfda qanchalik koʻp koʻchirmachilik boʻlishiga guvoh boʻladi. Bemaʼni boʻyoqchilikni toʻxtatish lozim, tasodifiy joylarni belgilash va koʻchirish oʻzini band qilish xolos, oʻrganish emas. 

Oʻqiyotgan matningizning muhim qismlarini belgilab qoʻyishingiz kerakmi?
pexels.com

Belgilash boʻyicha adabiyotlar universitet talabalari belgilashni o‘quv strategiyasi sifatida ko‘p ishlatgani uchun matndagi foydali nuqtalarni tanlashda yaxshiroq ekanini koʻrsatadi. Ehtimol, doktor darajasidagi tadqiqotchilar undan-da yaxshiroqdir. Balki yoʻq.

Doktorlik tadqiqotida barcha olimlar duch keladigan muammo shuki, odatda, bizga yangi boʻlgan sohadagi matnlarni oʻqiymiz. Biz hali bilmaydigan narsamizni oʻrganish uchun oʻqiymiz. Ha, albatta, biz biladigan sohalar ham bor va oʻqish orqali bilimimizni qadamma-qadam boyitib boramiz, lekin koʻp hollarda hech qanday tushunchamiz yo‘q adabiyotlarga kirishishimizga toʻgʻri keladi.

Shu tufayli tajribasiz maktab oʻquvchisidek tanlov masalasiga duch kelamiz. Yangi sohada oʻqishni boshlaganimizda nima kerag-u, nima kerak emasligini qayerdan bilamiz? Maktab oʻquvchisiga oʻxshab yangi mavzuni qoʻlimizda marker bilan boshlagimiz keladi. Nima belgilashni qayerdan bilamiz? Oʻqishni boshlash va sariq markerni qoʻlga olishdan oldin nima izlayotganimiz haqida oʻylab koʻrish juda foydali.

Matndan nima olish haqida oʻylashimiz tanlovga e’tiborimizni bildiradi. Biz nimani izlayotganimizni aniqlash uchun oʻzimizga bir nechta savol berishimiz mumkin. Biz matnning asosiy mazmunini tushunishni xohlaymiz, toʻgʻri, lekin hammasi shumi? Biz boshqa baʼzi narsalarga erishishni ham istaymiz, masalan: 

  • Mavzu muhokamasidagi kalit atamalar va ularning toʻgʻri tushunilgan yoki tushunilmaganligini aniqlash;
  • Bu sohadagi mavzularda qilingan tadqiqotlarning ahamiyatini tushiruvchi farazlar nimadan iboratligini koʻrish;
  • Biz allaqachon biladigan narsalar bilan bogʻliqlik hosil qilish.

Bularning har biri — kalit nuqta, kalit atama, taʼrif, faraz va sohaning tarixi — belgilash uchun asos boʻladi. Matndan nima istayotganingizni bilgandan keyingina markerni qoʻlga olish mumkin. Siz turli masalalarga turli rangdagi markerlarni ishlatadiganlardan boʻlishingiz mumkin. Ammo ehtiyot boʻling, chunki har bir rang belgilagan narsalaringizni tartiblashda sizga xalaqit berishi emas, balki yordam berishi lozim.

Belgilarni qoʻyib boʻlganingizdan soʻng tushunish, tartiblash va bogʻlash bosqichiga oʻtishingiz mumkin. Shuni ham yodda tutingki, matnni oʻqishdan oldin unga bir koʻz yugurtirib chiqish — aqlan toʻgʻri ish. Umumiy mazmunni tushunib oling-da, soʻng kerakli tafsilotlar uchun ortga qayting.


Ushbu maqola blogs.lse.ac.uk sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: pexels.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!