NASA Dimorf asteroidining eng aniq tasvirini taqdim etdi
Asteroidlar, Didim va Dimorf asteroidi, ularning suratlari, Didim ustida tadqiqotlar va Dimorf bo'yicha kuzatishlar haqida tanishing.
Murakkab
3 min
15.11.2022
Fizika va astronomiya

DART zondi Yerga Didim va Dimorf asteroidlarining suratlarini uzatdi, shu jumladan Dimorf yuzasining yakuniy va eng aniq tasviri asteroidga urilishidan bir necha soniya oldin olingan. Shunday qilib, insoniyat tarixidagi birinchi sayyoraviy mudofaa sinovi amalga oshirildi. Toʻqnashuv jarayoni YouTubeʼdagi boshqaruv markazidan jonli efirga uzatilib borildi.

DART (Double Asteroid Redirection Test — ikki tomonlama asteroidni qayta yoʻnaltirish sinovi) bu — asteroidning koinotdagi holatini kosmik qurilmaning unga taʼsiri yordamida oʻzgartirish boʻyicha ilk loyiha.

DART 2021-yilning noyabrida koinotga uchirilgan. 2022-yil 27-sentabrga oʻtar kechasi u Didim asteroidi orbitasida aylanib yurgan Yerga yaqin 160 metrli Dimorf asteroidiga urildi. Sekundiga 6,5 kilometr tezlikdagi zarba AQSHning Jon Hopkins universiteti qoshidagi Amaliy fizika laboratoriyasi Parvozlar boshqaruvi markazida qayd etilgan zond bilan aloqaning uzilishi natijasida tasdiqlandi. Dastlabki hisob-kitoblar shuni koʻrsatadiki, DART toʻliq avtonom real vaqt rejimida navigatsiya tizimidan foydalanib, asteroid markazidan atigi 17 metr chetroq borib urilgan.

Dimorf boʻyicha olib borilgan kuzatuvlar uning orbitasidagi oʻzgarishlarni tasdiqlashi kerak. Bu sayyoralarni himoya qilish usuli sifatida kinetik boshqariladigan toʻqnashuv usuli samaradorligining dalili boʻlib xizmat qiladi, kuzatuv esa taxminan olti oy davom etadi. Ushbu kuzatishlarning birinchi natijalari bir necha hafta ichida e’lon qilinadi. 2027-yilda Hera sayyoralararo stansiyasi Dimorfga yetib boradi, bu esa natijani qoʻshimcha ravishda tasdiqlaydi.

Didim tizimiga yaqinlashganda DART DRACO kamerasi yordamida asteroidlarni uzluksiz ravishda suratga oldi va ma’lumotlarni darhol navigatsiya tizimi hamda Yerga uzatdi. Butun tizimning eng aniq tasvirida koʻrinib turishicha, bir qismi zulmatda yashiringan kattaroq va yorqinroq 780 metrli Didimda kraterlarni, shuningdek, Ryugu va Bennu asteroidlarida uchraydigan tizmalarga oʻxshash ekvatorial koʻtarilishlarni uchratish mumkin.

DART tasviri: Didim (chapda) va Dimorf (oʻngda) / nasa.gov

Dimorfda esa ekvator tizmasi koʻrinmaydi, uning yuzasi turli oʻlchamdagi toshlar bilan qoplangan va Ryugu hamda Bennu sirtlariga oʻxshaydi. DART tomonidan Yerga uzatilgan Dimorf yuzasining yakuniy surati asteroiddan bir necha oʻnlab kilometr uzoqlikdan zarbadan ikki soniya oldin olingan.

DART tomonidan olingan Dimorf surati / nasa.gov

Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: DART tomonidan olingan Dimorf yuzasining eng batafsil tasviri / nasa.gov

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!