20.02.2024
Astronomlar tuzilishi jihatidan eng chiroyli va murakkab sayyora tumanliklaridan biri boʻlgan “Mushuk koʻzi”ning uch oʻlchamli modelini yaratdi. Model tumanlikning yoshini aniqlashtirishga yordam berdi, shuningdek, tumanlik markazi bitta yulduzdan emas, balki ikkilik tizimdan iborat ekani haqida yangi dalillar keltirdi. Maqola Monthly Notices of the Royal Astronomical Society jurnalining oylik xabarnomalarida chop etilgan.
Ikkilik yulduz yoki ikkilik tizim — umumiy massa markazi atrofida yopiq orbitalar boʻylab harakatlanadigan ikkita tortishish kuchi bilan bogʻlangan yulduzlar tizimi.
Sayyora tumanliklari kichik va oʻrta ogʻirlikdagi yulduzlar hayotining oxirida, yulduz nurlari tashqi qatlamlarini atrof-muhitga sochganda hosil boʻladi va avval yadro boʻlgan yulduzning issiq markazi nurlanish atrofidagi gazni ionlashtirib, tumanlikning paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Tumanlik yulduz shamoli tufayli asta-sekin kengayib boradi va kosmik miqyosda juda qisqa vaqt — bir necha oʻn minglab yillar davomida hayot kechiradi. Aytish joiz, Quyosh ham umrining oxirida tumanlikka aylanadi.
NGC 6543 tumanligi yoki “Mushuk koʻzi” Quyoshdan 3 ming yorugʻlik yiliga yaqin masofada Drako yulduzlar turkumida joylashgan. Tumanlik bipolyar yaʼni ikki qutbli boʻlib, bu ekvatorial mintaqada kengayish tezligining pastligi bilan izohlanadi. Tumanlik markazida harorati 40 dan 70 ming Kelvingacha boʻlgan Volf-Rayet oʻzgaruvchan yulduzi yashiringan deb taxmin qilinadi, ammo u yerda yulduzlarning ikkilik tizimi joylashgan boʻlishi ham mumkin.
AQSHning Stenford universiteti xodimi Rayan Klermont boshchiligidagi astronomlar jamoasi Hubble kosmik teleskopi va San-Pedro milliy observatoriyasining Yerdagi 2,1 metrli teleskopi tomonidan kuzatilgan tumanlik asosida “Mushuk koʻzi”ning 3D morfokinematik modelini yaratdi.
Olimlar tumanlikning bir nechta asosiy qismlarini belgiladi: ichki va tashqi ellipssimon choʻzilgan qobiqlar, ekvatorial halqa, tumanlikdan chiqqan materiyaning tez harakat qiladigan bipolyar oqimlari, qutbli ilmoqlar, shuningdek, yopiq ekvatorial halqaning shimoliy va janubiy halqalari. Qobiqning kengayish tezligi tashqi qobiq qutblaridagi moddalar uchun soniyasiga 33,5 kilometr, tashqi qobiq ekvatori uchun soniyasiga 25 kilometr, ekvatorial halqa uchun soniyasiga 24 kilometr, bipolyar oqimlar uchun esa soniyasiga 72 kilometrni tashkil qiladi.
Tumanlikning modelga asoslangan kinematik yoshi — 2136 yil. Bundan tashqari, olimlar qisman halqalar, ehtimol, materiya oqimining jarayonli harakatlanishi natijasida hosil boʻlgan degan xulosaga keldi. Bu tumanlikning gʻayrioddiy murakkab tuzilishini tashkil qiladi va “Mushuk koʻzi”ning markazida ikkilik tizim boʻlishi kerak degan gipotezani qoʻllab-quvvatlaydi.
Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: wikipedia.org
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.