Marsning Utopiya tekisligida qadimiy suv toshqini izlari topildi
Mars sayyorasi, Marsdagi suv izlari, Marsning “Utopia Planitia” tekisligidagi topilma va Marsning yerosti qatlamlari haqida bilib oling.
Murakkab
4 min
19.11.2022
Fizika va astronomiya

Xitoylik sayyorashunos olimlar “Zhurong” marsyurar tomonidan olingan maʼlumotlar asosida “Utopia Planitia” tekisligida tuproqning yerosti qatlamlari tuzilishi tafsilotlarini tasvirlab berdi. Olimlarning xulosasiga koʻra, choʻkindilar tuzilishi mintaqada taxminan 3 milliard yil oldin sodir boʻlgan katta suv toshqini va yana bir qisqa muddatli suv toshqini yoki togʻ jinslarining uzoq vaqt yemirilishi hodisasidan dalolat beradi. Maqola Nature jurnalida chop etilgan.

a) “Zhurong” past chastotali radarining atrof-muhitni zondlash profili, b) mazkur kuzatuv maʼlumotlariga mos keladigan relyef stratigrafiyasi, c) chuqurlik bilan tuproq oʻtkazuvchanligining oʻzgarishi / Chao Li va boshqalar / Nature jurnali, 2022-yil

Marsning yerosti qatlamlarini oʻrganish sayyoraning geologik rivojlanish modellarini, uning gidrologik davriyligini, shuningdek, qadim zamonlardan buyon iqlim oʻzgarishi qonuniyatlarini sinab koʻrish, xususan, oʻtmishda Marsda hayot bo‘lganmi degan savolga javob berish uchun muhim ahamiyatga ega. Bunday tadqiqot usullaridan biri bu radiolokatsion uskunalar yordamida geolokatsiyani aniqlashdir. Xususan, Mars ekvatori yaqinidagi “Yezero” kraterini oʻrganuvchi NASAʼning “Perseverance” marsyurari va sayyora shimoliy yarimshari sharqiy qismidagi “Utopia Planitia” tekisligining janubiy qismini oʻrganuvchi Xitoyning “Zhurong” marsyurari shunday uskunalar bilan jihozlangan.

“Zhurong” marsyuraru qoʻnish maydonining (a) topografik, (b) geoxronologik va (c) geomorfologik xaritalari, shuningdek, (d) marsyurar trayektoriyasi tasvirlari / Chao Li va boshqalar / Nature jurnali, 2022-yil

Xitoy Fanlar akademiyasining Geologiya va geofizika instituti xodimi Chao Li boshchiligidagi bir guruh sayyorashunos olimlar marsyurar georadaridan olingan 2021-yil 25-maydan 6-sentabrga qadar past chastotali kanal (15–95 megagerts) yordamida toʻplangan Marsning yerosti qatlamlari kuzatuvlari tahlili natijalarini eʼlon qildi. Bu vaqt ichida marsyurar qoʻnish joyidan janubga taxminan 1171 metr masofani bosib oʻtgan va kraterdan taxminan 8 metrga koʻtarilgan edi.

Georadar kuzatuvlari Mars yerosti qatlamlari tuzilishining 80 metr chuqurlikdagi hududini xaritalash imkonini berdi. Qalinligi 10 metr boʻlgan eng yuqori qatlam regolit boʻlib, undan keyin 20 metr qalinlikdagi kichik toshlar (ayniqsa pastki qismida) joylashgan. Quyida 50 metr chuqurlikka choʻzilgan uchinchi qatlam yotadi. Bu yerda bir necha metr oʻlchamdagi toshlar (pastki qismida) joylashgan. Nihoyat, katta chuqurlikda bazalt qatlami mavjud.

Oʻtmishdagi “Utopia Planitia” tekisligining janubiy qismi geologik rivojlanish modeli / Chao Li va boshqalar / Nature jurnali, 2022-yil

Olimlar Utopiya tekisligi yerosti qatlamlarining kuzatilgan koʻp qatlamli tuzilishini Gesperian davri oxiridan va Amazon davrigacha (3,5–3,2 milliard yil oldin) boshida yuz bergan suv toshqini bilan bogʻladi. Keyin Amazon davrining oʻrta qismida (taxminan 1,6 milliard yil oldin) choʻkindi qatlamlari qisqa muddatli suv toshqini yoki uzoq muddatli ob-havo va meteorit taʼsiri natijasida hosil boʻlgan.

Garchi radar “Utopia Planitia” tekisligining yerosti qatlamlarida suyuq suv mavjudligining bevosita dalillarini topmagan boʻlsa ham, radar kuzatuvlari natijalarini qadimgi Marsda suv mavjudligining yana bir dalili sifatida talqin qilish mumkin.


Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: wikipedia.org

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!