InSight stansiyasi Marsga meteoritlar urilganini ilk bor ishonchli tarzda qayd etdi
InSight stansiyasi Marsga meteoritlar urilganini ilk bor ishonchli tarzda qayd etdi
Murakkab
3 min
22.11.2022
Fizika va astronomiya

Sayyorashunos olimlar InSight stansiyasi va Mars Reconnaissance Orbiter apparati bilan seysmik maʼlumotlar yordamida, birinchi marta Marsga urilgan meteoritlar nuqtalarini aniqlashdi. Umuman olganda, olimlar ikki yillik kuzatuvlar davomida 10,6 dan 42,1 kilogrammgacha boʻlgan jismlar tomonidan yaratilgan toʻrtta mana shunday kraterlarni topishdi. Maqola Nature Geoscience jurnalida chop etilgan.

InSight stansiyasi Marsga meteoritlar urilganini ilk bor ishonchli tarzda qayd etdi
Mars Reconnaissance Orbiter kosmik kemasi tomonidan suratga olingan yangi zarba kraterlarining rasmlari: zarbalarning oʻrnashgan joylari nuqtalar bilan koʻrsatilgan, hisob-kitoblar (seysmik maʼlumotlar asosida) uchburchaklar orqali ifodalangan / Rafael Garsiya va boshqalar / Nature Geoscience jurnali, 2022-yil

Zarbalar sayyoralar evolyutsiyasi, shuningdek, kichik sayyora va asteroidlar kabi jismlarning rivojlanishida muhim rol oʻynaydi. Sayyoralar holatida meteorit, kometa yoki asteroidlarning taʼsiri atmosfera tarkibi va topografiyasining oʻzgarishiga, xususan, kraterlarning shakllanishiga olib keladi. Yer misolida bunday yirik hodisalar oʻtmishda ayrim ommaviy qirgʻinlarga olib kelgan. Shuningdek, ular yosh Yerni suv va organik molekulalar bilan taʼminlagan boʻlishi mumkin. Meteorit atmosferaga kirib, Yer yuzasi bilan toʻqnashganda, 2007-yilda Peru meteoritining qulashi kabi aniqlash mumkin boʻlgan statsionar akustik va seysmik toʻlqinlar paydo boʻladi. Biroq hozirgacha seysmik maʼlumotlar va tasvirlarda aniqlangan yangi zarba kraterlari oʻrtasida aniq bogʻliqlik oʻrnatish mumkin boʻlgan yerdan tashqari kuzatuvlar olib borilmagan.

Tuluza universitetidan Rafael Garsiya boshchiligidagi sayyorashunos olimlar jamoasi ilk bor seysmik maʼlumotlar va kuzatuvlar natijasida topilgan kraterlar asosida Marsdagi toʻrtta meteorit hodisasini aniqlashga muvaffaq boʻldi. Olimlar InSight avtomatik stansiyasining SEIS seysmografi tomonidan toʻplangan maʼlumotlar va Mars Reconnaissance Orbiter apparatining CTX kamerasi tasvirlaridan foydalangan. S0986c, S0793a, S0981c va S0533a hodisalari SEIS kamerasi tomonidan mos ravishda 2021-yil 5-sentabr, 18-fevral, 31-avgust va 2020-yil 27-may kunlari qayd etilgan. Qurilma 0,4–4,0 gers chastota diapazonidagi signallarni qayd etdi. Ular seysmik P va S toʻlqinlarga hamda zarba hosil qilgan akustik toʻlqinlar tufayli yer tebranishlariga mos keladi. Signal manbalari stansiyadan taxminiy 84–286 kilometr masofada joylashgan. Hodisalar natijasida yuzaga kelgan Mars silkinishlar magnitudasi (Mv) 1,2–1,6 gacha baholanadi.

Mars Reconnaissance Orbiter tomonidan meteoritning potensial zarba joylari suratga olindi. Barcha holatlarda aniqlangan zarba krateri seysmik maʼlumotlar asosida krater hududining ehtimoliy joylashuvi ellipsi ichiga tushgan. Zarba joyining diametri 3,9 dan 11,9 metrgacha, Mars yuzasiga yetib kelgan meteoritning taxminiy oʻrtacha ogʻirligi esa 10,6 dan 42,1 kilogrammgacha boʻlgan. Olimlarning taʼkidlashicha, bu natijalar Quyosh tizimi jismlariga, masalan, Oy va Marsga taʼsir qilgan hodisalardan jismlarning ichki tuzilishini oʻrganish, shuningdek, meteoritlarning tushish davriyligini baholash uchun seysmik signallar manbalari sifatida foydalanish imkoniyatini koʻrsatadi.

InSight koʻplab ilmiy kashfiyotlar qildi, xususan, u Mars qatlamlarining asosiy chegaralarini aniqlashga, yerosti qatlamlarining batafsil diagrammasini tuzishga, Qizil sayyora yadrosining hajmini baholashga va Mars silkinishlarining mavsumiyligini aniqlashga yordam berdi. Biroq quyosh panellaridagi chang tufayli stansiyaning ishlash muddati tugayapti, u istalgan vaqtda oʻchib qolishi mumkin.


Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: wikipedia.org

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!