Astronomlar birinchi marta ekzosayyora atmosferasida bariy moddasini qidirib topdi
Ikkita qaynoq ekzosayyora atmosferasida bariy moddasi aniqlandi. Bu ekzosayyorada topilgan eng og'ir element. Maqolada batafsil ma'lumot o'qing.
Murakkab
3 min
20.12.2022
Fizika va astronomiya

Bu ekzosayyoralar qobigʻida hozirgacha topilgan eng ogʻir element hisoblanadi. Astronomlar birinchi marta ikkita oʻta qaynoq Yupiter (ogʻirligi Yupiter sayyorasiga teng boʻlgan ekzosayyoralar sinfi) atmosferasida bariy moddasi borligini aniqladi. Bu ekzosayyoralarning gazsimon qobiqlarida topilgan eng ogʻir kimyoviy element hisoblanadi. Kashfiyot kutilmaganda yuz berdi va bu qaynoq gaz gigantlarining avval tasavvur qilinganidan ancha murakkab atmosfera xususiyatiga ega ekanini anglatishi mumkin. Maqola dastlab Astronomy & Astrophysics jurnalida chop etilgan.

Juda qaynoq Yupiterlar oʻz yulduzlariga juda yaqin orbitalarda joylashgan yirik gaz gigantlaridir, shuning uchun ularning atmosferasi yuqori haroratgacha qiziydi. Hozirgi vaqtda ular transmissiya spektroskopiyasi usulidan foydalangan holda ekzosayyoralar atmosferasini oʻrganish uchun eng qulay fazoviy jismlar hisoblanadi. Ushbu usul tranzit hodisasi vaqtida ekzosayyora atmosferasidan oʻtadigan “ota-ona yulduz”dan chiquvchi nurlanishni aniqlashdan iborat. Shu bilan birga, yulduz tarqatadigan nurlanishning bir qismi ekzosayyora atmosferasidagi turli xil kimyoviy elementlar tomonidan soʻriladi. Bu esa sayyora atmosferasining taxminiy tuzilishi va tarkibini baholash hamda atmosfera modellarini sinovdan oʻtkazish imkonini beradi.

Portugaliyaning Portu universiteti xodimi Tomash Silva boshchiligidagi astronomlar guruhi ikkita oʻta qaynoq Yupiter boʻlmish WASP-76b va WASP-121b atmosferalarida bariy ilk bora Ba⁺ koʻrinishida aniqlangani haqida xabar berdi. Olimlar VLT teleskoplarining Yerda joylashgan tarmogʻiga oʻrnatilgan ESPRESSO uskunasi yordamida ekzosayyora oʻtish jarayoni boʻyicha kuzatuv maʼlumotlarini tahlil qildi. WASP-76b va WASP-121b ekzosayyoralarining orbital davrlari ikki kundan kamroq va muvozanat harorati 2500 Kelvinga yaqin boʻlib, bu ulardagi gaz qobiqning shishishiga olib keladi.

WASP-76b holatida kuzatuv maʼlumotlari ekzosayyora atmosferasida H, Li, Na, Mg, Ca⁺, V, Cr, Mn va Fe mavjudligini tasdiqladi, lekin Co, Ni va Sr⁺ borligini inkor etdi. Juda qaynoq Yupiter WASP-121b holatida esa atmosferada H, Li, Na, Mg, Ca⁺, V, Cr, Mn, Fe va Fe⁺ mavjudligi tasdiqlandi va unda Co hamda Sr⁺, ehtimol Ti⁺ ham kashf etildi. Olimlar, shuningdek, sayyoraning kun tomonidan tun tomoniga kuchli shamollar esib turishi haqidagi fikrni ham ilgari surmoqda.

Ba⁺ ga kelsak, u ikkala ekzosayyoraning atmosferasida ham topilgan. Bu ajablanarli holat, chunki nazariy jihatdan ogʻir elementlar sayyora atmosferasining chuqur qatlamlariga tushib qolishi kerak. Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, bu murakkab atmosfera dinamikasi bilan bogʻliq hodisa boʻlishi mumkin va bariy oʻta qaynoq Yupiterlar atmosferasida ilgari taxmin qilinganidan koʻra koʻproq mavjudligi ehtimoli yoʻq emas.


Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: Martin Kornmesser / ESO

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!