20.02.2024
AQSH Yel universiteti olimlari zamonaviy spektroskopik tadqiqot metodi yordamida Amerikaning eng qadimgi xaritasi sifatida chiqarilgan Vinland xaritasi aslida XX asrda yaratilgan soxta hujjat ekanini isbotladi. Soxta xarita XV asr pergamentida yaratilgan, lekin barcha chiziq va yozuvlar oʻtgan asrning boshlarida ixtiro qilingan siyohlar yordamida tushirilgan. Bu titan izlaridan aniq boʻlgan. Tadqiqot natijalari haqida Yel universiteti saytida xabar beriladi.
Amerika Grenlandiya gʻarbidagi katta orol sifatida tasvirlangan Vinland xaritasi ilk marta 1957-yilda Jeneva kitob doʻkonida paydo boʻlgan va tez orada Yel universiteti uchun bir amerikalik metsenat tomonidan sotib olingan. Keng jamoatchilik bu haqida birinchi marta 1965-yilda nashr qilingan kitob orqali xabar topgan. Bu Nyufaundlendda XI asrda vikinglar qarorgohi topilganidan soʻng yuz bergani uchun ham Kolumbgacha boʻlgan bu xarita haqiqiy va skandinavlarga tegishli deb topilgan.
Biroq Vinland xaritasining haqiqiy ekani toʻgʻrisidagi bahslar u sotib olinganidan beri davom etgan. Olimlar qoʻliga u Hystoria Tartorum (“Tatarlar tarixi”) oʻrta asrlar kitobining bir boʻlagi sifatida yetib kelgandi. Tadqiqotchilar oddiy koʻz bilan ham xaritadagi siyoh asosiy qoʻlyozmanikiga oʻxshamasligini payqagan. Afsuski, uzoq vaqt davomida uning kelib chiqishini aniqlab boʻlmadi, faqatgina kimyoviy tahlil natijasida titan izlarini aniqlashga muvaffaq boʻlindi, lekin bu iz oʻrta asrlar matnida boʻlmasligi kerak edi. Oxirgi yillarda koʻplab olimlar Vinland xaritasi soxta ekaniga amin edi, biroq buni isbotlash uchun ilmiy isbot va sharhlar talab qilinardi.
Yel universiteti olimlari Vinland xaritasi ustidan yangi tadqiqot olib bordi va uning soxta ekanini isbotlovchi aniq dalillarni topdi. Tahlil xaritada ishlatilgan siyoh tarkibidagi titan qorishmasi ilk marta 1920-yillardan boshlab qoʻllanganini koʻrsatdi. Rentgen fluoressent spektometriya ham bunday siyoh xaritadagi barcha chiziq va yozuvlarda mavjudligini aniqladi, avvalgi tahlilda esa bunday siyoh faqat maʼlum nuqtalardagina koʻringan edi. Oʻrta asrlardagi yozuvchilar odatda temirli siyohdan foydalangan, lekin Vinland xaritasida bunday siyohdan asar ham topilmagan.
Shuningdek, tadqiqotchilar xarita bilan aldash ataylab uyushtirilganini aniqlagan. Xaritaning orqa tomonida sahifalovchining oʻrta asrlardagi yozuvi (yigʻish boʻyicha qoʻllanma) boʻlib, uni keyinroq zamonaviy siyoh bilan qayta yozishgan. Yel universiteti noyob kitob va qoʻlyozmalar kutubxonasi xodimi Reymond Klemensning fikricha, xarita va Speculum Historiale (“Buyuk koʻzgu”) asari bir vaqtda yaratilgan degan tasavvurni paydo qilish uchun oʻsha yozuvni oʻzgartirishgan. Tadqiqotchilar fikricha, bu xaritaning soxtalashtirilgani uyushtirilgan ekaniga ishonchli dalil boʻla oladi.
Oldingi tadqiqotlardan farqli oʻlaroq, Yel universiteti olimlari xarita va unga hamroh qoʻlyozmalardan foydalanish uchun cheklanmagan huquqqa ega boʻlgan. Bu ularga ilk marotaba artefaktni u avvaldan bogʻliq boʻlgan oʻrta asrlarga xos ikki matn bilan tizimli oʻrganish imkonini berdi. Ulardan biri bovelik Vinsent tartiblagan oʻrta asr ensiklopediyasi Speculum Historiale boʻlsa, ikkinchisi XIII asrda Chingizxon yerlariga sayohat qilgan ikki polyak ruhoniysiga bagʻishlangan Hystoria Tartarum asarlaridir.
Rasmlarni taqqoslash orqali tadqiqotchilar xarita aslida Speculum Historiale qoʻlyozmasining oxirgi varaqlariga chizilganini koʻrdi. Xarita Yel universitetiga yetib kelganda esa u Hystoria Tartorumʼning ingichka nusxasi ichida, zamonaviy muqovalangan holda edi. 2018-yilda har ikkala matn ustidan oʻtkazilgan radiouglerodli sanani aniqlash bilan ularning pergament va varaqlari 1400–1460-yillarga oid ekani aniqlandi. Speculum Historiale jildidagi suv izi matnning 1440-yillarda Bazelda tayyorlanganiga ishora qiladi.
Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: Wikimedia Commons
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.