Galileo Galileyning qo‘lyozmasi soxta bo‘lib chiqdi
Michigan universiteti kutubxonasidagi Galileo Galiley qo'lyozmasi qalbaki bo'lib chiqdi. Qo'lyozma soxtaligi qanday aniqlangan? Asl nusxa qayerda?
Oʻrta
3 min
26.12.2022
Tarix

Amerika tarixchisi Nik Uaylding Michigan universiteti kutubxonasida saqlanayotgan Galileo Galileyning qoʻlyozmasi soxta ekanini aniqladi. Taxminlarga koʻra, uni 1930-yillarda mashhur falsifikator Tobia Nikotra tayyorlagan. Bu haqda Michigan universiteti matbuot xizmati xabar berdi.

Deyarli yuz yildan beri Michigan universiteti kutubxonasida muallifi mashhur italyan fizigi va astronomi Galileo Galiley deb kelingan bir betli hujjat saqlanayotgan edi. U haqida ilk marta 1934-yilda qoʻlyozma va eski kitoblar toʻplaydigan boy kolleksioner tomonidan jamlangan artefaktlar kimoshdi savdosiga qoʻyilganida maʼlum boʻlgandi. Oʻsha paytda Galileyning qoʻlyozmasi haqiqiy ekanini 1858–1931-yillarda yashab oʻtgan italiyalik Piza kardinali va arxiyepiskopi Pyetro Maffi tasdiqlagan edi. 1938-yilda esa u Michigan universitetiga sovgʻa qilingan. Bu qoʻlyozma matni ikki qismdan iborat. Birinchisida Galiley nomidan venetsiyalik dojga (VIII–XVIII asrgacha Venetsiyaning saylanadigan rahbari unvoni) yaqinda qurilgan teleskop haqida xabar beriladi. Ikkinchisida Yupiter va uning yoʻldoshlarini kuzatish boʻyicha qaydlar oʻrin olgan. Dojga berilgan xatning asl nusxasi Venetsiya davlat arxivida saqlanadi. 

Galileo Galileyning qo‘lyozmasi / Michigan universiteti

Galileo Galileyning “Sideriya Nunsiya” asarining soxta nusxasini aniqlash ortidan mashhurlikka erishgan Jorjiya shtati universitetining amerikalik tarixchisi Nik Uaylding italyan fizikasi haqidagi yangi kitob ustida ishlayotgan edi. U olimning kutubxonada saqlanayotgan qoʻlyozmasi bilan qiziqib qoladi hamda shu muassasa kuratori Pablo Alvaresga xat bilan murojaat qilib, hujjatning haqqoniyligiga shubhasi borligini bildirgan. 

Uaylding qogʻozdagi suvbelgida uni ishlab chiqaruvchining monogrammasi — “AS” va ishlab chiqarilgan joy — “BMO” borligiga eʼtibor qaratadi. Oxirgi monogramma italyan shahri Bergamoni anglatadi, lekin 1770-yildan avval shunday suvbelgisi bilan yozilgan hech qanday hujjat olimlarga maʼlum emas, Galiley esa 1642-yilda vafot etgan. Tarixchi Galileyning bu qoʻlyozmasi XX asrda, taxminan 1930-yillarda mashhur falsifikator Tobia Nikotra tomonidan soxtalashtirilgan nusxasi degan xulosaga keladi. Michigan universitetidan tashqaridagi xolis ekspertiza ham Uaylding xulosasini tasdiqlaydi. 

Oʻtgan yili ham biz boshqa bir soxta tarixiy hujjat haqida gapirgan edik. Unda Yel universiteti olimlari Amerikaning eng qadimgi xaritasi deb kelinadigan Vinland xaritasi XX asrda tayyorlangan soxta nusxa ekanini isbotlagan edi.


Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: Galileo Galileyning qo‘lyozmasi / Michigan universiteti

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!