20.02.2024
Virgin Galactic xususiy kosmik kompaniyasining VSS Unity raketoplani yangi boshqariladigan parvozni amalga oshirdi, bunda u 86 kilometr balandlikka ko‘tarilgan. Uning bortida olti kishi, shu jumladan, kompaniya asoschisi Richard Brenson ham bo‘lgan. Parvoz YouTubeʼda namoyish etildi.
Virgin Galactic dastlab WhiteKnightTwo tashuvchi samolyoti yordamida 15 kilometr balandlikka koʻtarilgach, dvigatellari ishga tushirilib, samolyotdan ajralib chiqadigan va AQSH harbiy-havo kuchlarida kosmosning chegarasi deb hisoblanuvchi 80 kilometrdan balandlikka koʻtariladigan raketoplanlarda suborbital sayyohlik parvozlarini tashkil qiladi. Shu bilan birga, Xalqaro aviatsiya federatsiyasi tomonidan kosmik chegara 100 kilometr balandlikda deb qabul qilingani tufayli barcha mutaxassislar bunday parvozlarni kosmik deb hisoblamaydi. Raketoplan dvigateli oʻchirilganda yoʻlovchilar qisqa muddat vaznsizlikda qolish imkoniyatiga ega boʻlib, Yerni illyuminatorlar orqali tomosha qildi. Shundan soʻng kema pasayishni boshlaydi va uchish-qoʻnish yoʻlagiga qaytadi. 2021-yilning iyun oyi oxirida kompaniya tijoriy parvozlar uchun rasmiy ruxsatnoma oldi.
VSS Enterprise kompaniyasining birinchi raketoplani ilk parvozni 2013-yilda amalga oshirgan, ammo 2014-yilda halokatga uchragan. Uning oʻrnini VSS Unity egalladi va u uch marta boshqariladigan parvozni amalga oshirdi. 2021-yil 11-iyul kuni kechqurun kema AQSHning Nyu-Meksiko shtatidagi Amerika kosmodromidan yangi boshqariladigan parvozni amalga oshirdi. Bortida ikki nafar uchuvchidan tashqari kompaniyaning toʻrt nafar xodimi (ulardan biri ilgariroq kemada uchgan edi), shu jumladan, uning asoschisi Richard Brenson ham bo‘lgan. Butun parvoz 15 daqiqa davom etdi va raketoplan 86 kilometr maksimal balandlikka koʻtarildi.
Endi Virgin Galactic kompaniya xodimlari va Italiya havo kuchlari tadqiqotchilari ishtirok etadigan yana ikkita VS Unity sinov parvozlari rejalashtirilmoqda. Shundan keyingina 600 dan ortiq sotib olingan parvoz chiptasi egalari bortga chiqishi mumkin.
Virgin Galacticʼning raqibi Blue Origin boʻlib, u 20-iyul kuni bir bosqichli New Shepard qaytish tizimi yordamida bortida odamlar bor ilk suborbital parvozni amalga oshirib, sayyohlarni koinotga olib chiqishni rejalashtirmoqda.
Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: virgingalactic.com
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.