Germaniyalik muhandislar “aqlli” bolt va shayba yaratdi
Nemislar quyosh paneli yordamida quvvatlanadigan smart bolt va shayba yaratdi. Ular qanday ishlaydi? Aqlli bolt va shayba haqida maqolada o'qing.
Oʻrta
2 min
09.01.2023
IT va muhandislik

Nemis muhandislari tomonidan “aqlli” bolt va shayba ishlab chiqildi — ular bolt tarangligini kuzatadi va energiya tejovchi aloqa tizimi yordamida bolt darajasi oʻzgargan vaqtda xabar beradi.

Boltli bogʻlanishlar hamma joyda — turli sanoat tuzilmalari va transport kabi sohalarda qoʻllanadi. Koʻpincha boltlar payvandlashdan ustunroq turadi, lekin vibratsiya va boshqa omillar tufayli boltli bogʻlanish boʻshab qolishi mumkin. Bu halokatli oqibatlarga olib kelmasligi uchun bosimni doimiy ravishda kuzatib borish va zaruriyat tugʻilganda boltni keragicha mahkamlash talab etiladi.

Fraungofer jamiyati ilgʻor kognitiv internet texnologiyalari klasteri muhandislari boʻshаshib qolish holati haqida mustaqil xabar bera oladigan bolt va shaybadan iborat toʻplam yaratdi. Shaybaning yuza qismida pyezorezistiv qobiq boʻlib, bosim oʻzgarishi bilan uning qarshilik kuchi ham oʻzgaradi. Boltning mahkamlik holati belgilangan darajaga tushganda uning bosh qismidagi LPWAN modul bu haqida asosiy stansiyaga signal yuboradi. Asosiy stansiya bir vaqtning oʻzida koʻplab bogʻlanishlar holatini kuzata oladi. 

Germaniyalik muhandislar “aqlli” bolt va shayba yaratdi
fraunhofer.de

Bolt va shayba tizimini quvvatlantirish uchun atrof-muhit haroratidagi farqdan energiya ishlab chiqaradigan termoelektrik generator yoki boltning bosh qismidagi quyosh panelidan foydalaniladi. Rasmlardan baʼzi variantlarda bolt va shayba oʻrtasidagi aloqani saqlash uchun simdan foydalanish mumkinligini koʻrish mumkin. Muhandislar tomonidan M18 hajm uchun prototip ishlab chiqilgan, shuningdek, M20 va M36 hajmli boltlar ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

“Aqlli” boltlar — avtomatlashtirish va sanoat mahsulotlari internetini yaratishning bir misoli. Bunday jarayonlarning kengroq koʻlamdagi misoli zavoddagi har bir mashina va qurilmalar holatini koʻrsatib turadigan “raqamli egizak”larini yaratishdir.


Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: fraunhofer.de

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!