SpaceX a’zosi Anna Kikina Crew Dragon kosmik kemasida XKSga yo‘l oldi
SpaceX a'zolari ishtirokida Crew Dragon kosmik kemasi xalqaro kosmik stansiyaga uchirildi. Kema ekipajida kimlar bo'lgan? Batafsil maqolada o'qing.
Murakkab
3 min
09.01.2023
Fizika va astronomiya

SpaceX toʻrt nafar ekipaj aʼzosi — uch amerikalik astronavt, Rossiya va sovet kosmik parvozlari tarixidagi beshinchi ayol — kosmonavt Anna Kikina boʻlgan Crew Dragon kosmik kemasini XKSga (Xalqaro kosmik stansiyasi) uchirdi. Bu NASA va “Roskosmos” oʻrtasidagi qayta tiklangan qoʻshma parvozlar dasturining ikkinchi missiyasidir. Birinchisi bundan ikki hafta oldin amalga oshirilgan bo‘lib, unda “Soyuz” bortida amerikalik orbitaga yoʻl olgan edi. Parvoz translyatsiyasi SpaceX’ning YouTube kanalida namoyish etildi.

Rossiya va AQSH uzoq vaqtdan beri kosmosga qoʻshma parvozlarni amalga oshirmoqda: rossiyalik kosmonavtlar baʼzi shattllar ekipaji tarkibiga kiritildi, amerikalik astronavtlar esa “Soyuz”da uchdi. 2011-yil shattl reyslari toʻxtatilgandan soʻng NASA astronavtlarini XKSga yetkazish uchun almashinuv tartibida emas, “Roskosmos”dan kosmik kemalarda joy sotib olish orqali “Soyuz”dan foydalanishni davom ettirdi.

2010-yillarda NASA Amerika kosmik kemalarining xususiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilishini faol ravishda moliyalashtirdi va 2020-yilda Crew Dragon XKSga ikki astronavtni yuborib, uzoq kutilgan natijaga erishdi. Shundan buyon NASA joy uchun pul toʻlagan Rossiya kemasida amerikalik astronavtning faqat bitta parvozi amalga oshirildi. 2022-yilning iyul oyida esa NASA va “Roskosmos” qoʻshma parvozlar dasturi qayta tiklanganini eʼlon qildi: endi agentliklar oʻz kemalarida yana joy almashadi.

Birinchi qoʻshma parvoz 2022-yil 21-sentabr kuni Fransisko Rubio ikki rossiyalik bilan “Soyuz”da koinotga yoʻl olganida amalga oshirildi. Shu yilning 5-oktabr sanasida esa Crew Dragonʼning “javob” parvozi boʻlib oʻtdi. Crew-5 missiyasi ekipaji toʻrt kishidan iborat bo‘lib, missiya qoʻmondoni mahalliy amerikaliklarning kosmosdagi birinchi ayol vakili Nikol Manndir. U bilan birga NASA’dan Josh Kassada ham uchdi. Shuningdek, ekipaj tarkibida boshqa mamlakat vakillari ham bor: Yaponiyaning JAXA agentligidan Koiti Vakata va “Roskosmos”dan Anna Kikina. Kikina Crew Dragon kosmik kemasida uchgan birinchi rossiyalik vakil, shuningdek, Sovet-Rossiya kosmonavtikasi tarixidagi beshinchi ayol kosmonavt boʻldi.

SpaceX a’zosi Anna Kikina Crew Dragon kosmik kemasida XKSga yo‘l oldi
spacex.com

Crew Dragon yuklangan Falcon 9 raketasi Kanaveral burnidagi kosmodromdan Moskva vaqti bilan soat 19:00 da uchirildi. XKS bilan tutashuv taxminan 29 soatdan keyin sodir boʻldi. Crew Dragonʼdan tashqari NASA tomonidan xuddi shu dastur doirasida moliyalashtirilgan ikkinchi kosmik kema — Boeing CST-100 Starliner ham mavjud. Birinchi sinov parvozida u muammolarga duch kelib, Yerga beshikast qaytgan boʻlsa-da, XKSga yetib bora olmadi. Shu tufayli sinov dasturi sezilarli darajada sekinlashdi.


Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: spacex.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!