3500 yillik papirusdan qadimiy mumiyolash jarayoni tavsifi topildi
XV asrga oid Misr papirusida mumiyolash bo'yicha qo'llanmalar topildi. Qadimda mumiyolash jarayoni qanday bajarilgan? Maqolada batafsil o'qing.
Murakkab
4 min
10.01.2023

Miloddan avvalgi XV asrga oid qadimgi Misr tibbiy papirusidagi matnni tahlil qilish jarayonida misrshunoslar tomonidan mumiyolash boʻyicha eng qadimgi qoʻllanmalardan biri topildi. Unda mumiyolashning batafsil qoidalari yoritilgan boʻlib, olimlar shu davrgacha duch kelgan baʼzi jarayonlar, jumladan, marhum yuzini saqlab qolish boʻyicha maxsus ishlar ham bayon qilingan. Bu topilma haqida Kopengagen universiteti matbuot xizmati xabar berdi.

“Ka” (hayotiy kuch) va “Ba” (hislar birlashmasi, shaxsiyat) kabilar uchun oʻlimdan keyin tananing fizik holatini saqlab qolish kerakligi haqidagi tasavvur qadimgi Misr diniy madaniyati uchun eng muhim elementlardan biri boʻlgan. Bir necha asrlar davomida rivojlanib kelgan mumiyolash sanʼati ilohiy jarayon hisoblangan, shu sababdan mumiyolash jarayonidagi amallar ketma-ketligi faqat ruhoniylarning tor doirasigagina maʼlum boʻlgan. Misrshunoslarga koʻra, aynan shu narsa mumiyolash haqidagi yozma manbalar batafsil emasligining sababi boʻlishi mumkin. Jarayon haqidagi bilim va koʻnikmalar ustoz-shogird orasida ogʻzaki boʻlgani ehtimoldan xoli emas.

Hozirgacha olimlar Gerodot va Diodordan qolgan toʻliq boʻlmagan tavsiflardan tashqari ikki Misr manbasi — Rim davridagi papirus qismlari, shuningdek, mumiyolash jarayonining baʼzi joylari aks etgan tasvirlarga asoslanar edi. Papiruslarda mumiyolash jarayonining maʼlum kunlarida qilingan amallar: tanani qayta ishlash va qatron yordamida dafn matolarini oʻrash kabi maʼlumotlar bor edi. 

Mumiyolashning uzoq vaqt oladigan va qiyin jarayoni haqida hozirgacha nomaʼlum boʻlgan tafsilotlarni Kopengagen universitetidan misrshunos Sofi Shyodt aniqladi. Avval oʻrganilmagan Luvr-Karlsberg tibbiy papirusi matnini tahlil qilish jarayonida tadqiqotchi olima ularda mumiyolash jarayoni bosqichlari aks etganini, asosiy eʼtibor esa yuzni saqlab qolishga berilganini aniqladi.

3500 yillik papirusdan qadimiy mumiyolash jarayoni tavsifi topildi
Luvr-Karlsberg papirusi boʻlagi / Karlsberg papiruslar kolleksiyasi / Kopengagen universiteti

Papirusning umumiy uzunligi olti metrga yaqin, lekin uning bir qismi Luvrda, bir qismi esa Kopengagen universiteti Karlsberg papiruslar kolleksiyasida saqlanadi. Paleografiya (belgilar shakli va proporsiyasini tadqiq qilish) maʼlumotlari bu hujjatni miloddan avvalgi 1450-yillarga oid deb beradi, bu esa bizga maʼlum boʻlgan mumiyolash marosimi haqidagi yozma manbalardan 1000 yilga kattaroq. 

Matnning avval oʻrganilgan qismi teri kasalliklarini davolash va turli oʻtlardan shifobaxsh dorilar tayyorlashga bagʻishlangan edi. Xushboʻy oʻsimliklar sirasiga kiradigan kassiya, mirra, ladan, kedr yogʻi va boshqalar Shyodr tarjima qilgan mumiyolash boʻyicha qoʻllanmada muhim oʻrin tutadi.

Mumiyolovchi marhumning yuzini avvaldan oʻsimliklardan tayyorlangan qorishma surilgan qizil mato bilan yopishi kerak boʻlgan. Qizil rang (qon rangi) turli ramzlarni bildirishi bilan ajralib turgan. U xavf va vayronkorlikni ham, qayta tugʻilishni ham bildirishi mumkin edi. Mumiyolovchi vositaga shimilgan mato bilan oʻrash jarayoni toʻrt kunlik oraliq bilan bir necha marta takrorlanishi kerak boʻlgan. 

3500 yillik papirusdan qadimiy mumiyolash jarayoni tavsifi topildi
Mumiyolash jarayoni zamonaviy rassom nigohida / Ida Kristensen / Kopengagen universiteti

Luvr-Karlsberg papirusi miloddan avvalgi XV asrdagi, yangi qirollikning gullab yashnagan davridagi mumiyolash jarayonini qayta tiklash imkonini berdi. Matndan 70 kunga choʻzilgan mumiyolash jarayoni toʻliq 4 kunlik oraliqlarga boʻlingani ayon boʻladi, har 4-kun qandaydir jarayonga bagʻishlangan. 

Muddatning birinchi yarmi ichki organlar olib tashlangach tanani quruq natron (natriy karbonat dekagidrat — kristall sodaning natriy bikarbonat va oz miqdordagi xlorid hamda natriy sulfat bilan tabiiy aralashmasi) yordamida suvsizlantirishga sarflangan. 36-kundan boshlab, tanani smola qoʻshilgan zigʻir tolali mato bilan oʻrash boshlangan, shu davrda yuzni qayta ishlash jarayoniga ham oʻtilgan. 68-kunda mumiyo tayyor boʻlgan va uni tobutga qoʻyishgan, qolgan ikki kunni dafn marosimiga tayyorlanishga bagʻishlashgan. 

Papirusda mumiyolash jarayonining baʼzi bosqichlari mavjud emas, masalan tanani natron bilan qanday quritish yozilmagan. Shyodtning fikricha, bu matnlar mumiyolovchilarning turli surtmalar va zigʻir tolali matolar turlari haqidagi qoʻshimcha qoʻllanmasiga oʻxshaydi. Luvr-Karlsberg papirusining toʻliq matnini 2022-yilda nashr qilish rejalashtirilgan.


Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: “Oʻliklar kitobi”dan vinyetkaning qoʻlyozmasi, Wikimedia Commons

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!