Xitoydan Yevrosiyoga tegishli bo‘lgan uchta qadimiy to‘p topildi
Xitoyda Yevrosiyoga tegishli qadimgi to'plar topildi. To'plar bilan qanday o'yinlar o'ynalgan? Ular nimadan yasalgan? Batafsil ma'lumot o'qing.
Murakkab
5 min
10.01.2023
Tarix

Olimlar tomonidan Xitoyning Turfan vodiysidagi qazilmalar hududidan topilgan uchta terili toʻpning radiouglerodli tahlili oʻtkazildi va ular miloddan avvalgi XII–X asrlarda tayyorlangani aniqlandi. Bundan avval Yevrosiyodagi eng mashhur toʻp miloddan avvalgi 200-yilga oid edi. Tadqiqotchilar tomonidan bu toʻplar bilan oʻynalgan oʻyin otli polo oʻyiniga oʻxshash deb taxmin qilingan boʻlsa ham buni tasdiqlaydigan aniq dalillar hozircha mavjud emas. Natijalar Journal Archaeological Science: Reports nashrida chop etildi

Dunyodagi eng qadimgi toʻp 4,5 ming yil avval qadimgi Misrda dafn qilingan bolaning qabridan topilgan. Bundan tashqari, miloddan avvalgi 2 mingyillikning boshiga oid toʻp bilan oʻynaladigan oʻyin tasvirlangan misr yozuvi ham maʼlum. Miloddan avvalgi 1700-yildan boshlab toʻp Markaziy Amerikada ham oʻynay boshlangan. Oʻyin qoidalari saqlanib qolmagan, lekin tasvirlarda baʼzi joylarda uning tayoq bilan oʻynalgani (oʻyin shu bilan toʻp bilan oʻynaladigan xokkeyni eslatgan), boshqa joylarda esa tananing turli qismlari bilan urib, havoda ushlab qolishga uringani (zamonaviy voleybolga oʻxshash) koʻrinadi.

Yevrosiyoda antik davrgacha toʻp bilan qanday oʻyinlar boʻlgani maʼlum emas, ilk bor toʻp haqida Gomerning “Odisseya” asarida soʻz boradi. Unda avval Navsikaya va uning xizmatkorlari, keyin yoshlar dengizkezar feaklar xalqi qiroli huzurida toʻpni bir-biriga uloqtiradi. Lekin Troya urushi miloddan avvalgi XIII–XII asrlarda boʻlgan, Gomer esa miloddan avvalgi VIII asrda yashagan va qadimiy qahramonlar haqidagi hikoyalarni oʻz davridan kelib chiqib boyitgan.

Shunga qaramay, Gomer davriga aloqador qazilmalardan toʻp oʻynalgan oʻyin tasvirlari ham, toʻpning oʻzi ham topilmagan. Antik davrga oid toʻp mavjud boʻlgan tasvirlar miloddan avvalgi VI–V asrlarga borib taqaladi, qitʼadagi eng qadimgi toʻp esa miloddan avvalgi 200-yillarga oid boʻlib, Xitoydan topilgan. 

Arxeologlar teridan yasalib, qizil boʻyoq bilan “X” belgisi tortilgan toʻplarni Xitoyning Turfan vodiysidagi zamonaviy Turfan shahridan, taxminan 30 kilometr uzoqlikdagi Yanxay qabristonining uchta qabridan topdi. Qazilma ishlari 1970-yillardan boshlangan boʻlib, arxeologlar hozirgacha 500 dan ortiq qabrni ochgan. Qabristondan miloddan avvalgi XII asrdan II asrgacha boʻlgan butun mingyillik davomida foydalanilgan.

Xitoydan Yevrosiyodagi eng qadimgi uchta toʻp topildi
Yanxayda topilgan terili toʻplar, miloddan avvalgi XII–X asrlar va buklangan tayoqlar. Baʼzilar ularni toʻp urishda ishlatilgan, baʼzilar esa uchadigan qurol boʻlgan deb hisoblaydi / Patrik Vertman va boshqalar / Journal of Archaeological Science: Reports, 2020-yil

Syurix universitetidan Patrik Vertman va uning xitoylik hammualliflari toʻplarning aniq yoshini va boshqa arxeologik topilmalardan foydalanib, bu toʻplar nima uchun ishlatilganini aniqlamoqchi boʻldi. Ular teri va bir qabrdan topilgan ishtonning iplarini radiouglerodli tahlil qilib, qabrlar miloddan avvalgi XII asr boshi va X asr oxiriga oid ekanini aniqladi. Topilgan toʻplar oʻz-oʻzidan Yevrosiyodagi eng qadimiysiga aylandi. 

Olimlar qabristondagi boshqa qabrlardan baʼzi qadimiy Xitoy tasvirlarida keltirilgandek oʻyinchilar toʻpni urish uchun ishlatganga oʻxshash buklangan tayoqlarni topdi, lekin bu topilmalarning hammasi ancha keyingi davrga oid. Shu sababdan olimlar toʻp va tayoqlar orasidagi bogʻliqlikni isbotlash qiyin deydi. Lekin eramizning VII asrida qurilgan qabristonlar devoridagi rasmlar toʻp aynan oʻyin uchun ishlatilganining bevosita isboti boʻlishi mumkin. Rasmda chavandozlar toʻp oʻynayotgani tasvirlangan, toʻpda esa Yanxay qabrlaridan topilgani kabi “X” belgisi aniq koʻrinib turibdi.

Xitoydan Yevrosiyodagi eng qadimgi uchta toʻp topildi
Li Yang qabridagi tasvir, Shanxay provinsiyasi, eramizning VIII asr / Patrik Vertman va boshqalar / Journal of Archaeological Science: Reports, 2020-yil

Tadqiqotchilar toʻplarning paydo boʻlish vaqti shu hududda otliq yurish oʻzlashtirilgan davrga toʻgʻri kelishini qayd etadi: qabrlarda toʻplar bilan birga jabduq va qamchi tutqichlarining qoldiqlari ham topilgan. 2014-yilda arxeologlar ayni oʻsha qabristondagi boshqa bir qabrdan miloddan avvalgi XIV–XIII asrlarga oid deb qaraladigan Yer yuzidagi eng qadimiy ishtonlarni ham topgan edi. Oʻshanda olimlar bu ishtonlar odamlar otga minishni boshlagan vaqtda paydo boʻlgan deb taxmin qilgandi.

Bundan tashqari, tasviriy manbalardan Qadimgi Xitoyda aynan chavandozlar buklangan tayoqlar yordamida toʻp oʻynagani maʼlum. III–IV asrlarda qadimiy ot polosi Parfiya imperiyasida keng tarqalgan, keyin Sosoniylar davlati va Vizantiya imperiyasiga ham yoyilgan. Oʻyin harbiy mashq vazifasini ham oʻtagan. 2019-yilda Xitoyda yuz yillar avval unutilgan oʻyin qoidasi topildi.


Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: Patrik Vertman va boshqalar / Journal of Archaeological Science: Reports, 2020-yil

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!