Ona qornidagi homilada ta’m bilish qobiliyati aniqlandi
Ona qornidagi homilada taʼm bilish qobiliyati aniqlandi
Oʻrta
4 min
18.01.2023
Biologiya va tibbiyot

Buyuk Britaniya va Fransiya olimlari qorindagi homilaning ona isteʼmol qiladigan ovqatiga qanday munosabat bildirishini tekshirib koʻrdi. Buning uchun tadqiqotchilar bir nechta homilador ayolga karam yoki sabzi kukuni qoʻshilgan kapsulalarni berib, soʻng ultratovush yordamida homilaning yuz ifodalarini kuzatgan. Maʼlum boʻlishicha, homila karamni chindan ham yoqtirmaydi. Karam isteʼmol qilinganda unda “yigʻlayotgan yuz” ifodasi kuzatilgan. Sabzi esa ularni tabassum qildirar ekan. Tadqiqot natijalari Psychological Science jurnalida chop etilgan.

Bachadon ichidagi rivojlanish kelajakdagi hayot uchun muhim bosqichdir. Bu davrda bitta hujayra bus-butun insonga aylanadi, uning ichki organlari paydo boʻladi, rivojlanadi hamda unda taʼm bilish refleksi shakllanadi. Olimlar uzoq vaqt davomida homiladorlikda sarimsoq isteʼmol qilgan onalarni kuzatib, ular hayotining dastlabki soatidan bunday hiddan bezovta boʻlmaydigan bolalarni tugʻganini payqagan. Ammo bungacha oziq-ovqatlarning chaqaloqlarga taʼsiri ular tugʻilgandan keyin kuzatilgan, shuning uchun odam qachon yemakka munosabat bildirishni boshlashi aniq emas edi.

Buyuk Britaniyaning Aston universiteti xodimi Jaklin Bisset hamkasblari bilan birgalikda ona qornidagi homila turli xil ovqatlarga munosabat bildira olishi yoki olmasligini aniqlashga qaror qildi. Homiladorlikning 32- va 34-haftasidagi ayollarga sabzi yoki karam kukuni toʻldirilgan kapsulalar berildi. Onalarning oʻzi kapsulalarda nima borligini bilmagan. Demak ularning shaxsiy tanlovi tajriba jarayoniga taʼsir qila olmaydi (lekin ular kapsulalarning rangi boʻyicha tarkibni taxmin qilishi mumkin edi). 25 daqiqadan soʻng homila munosabati yuzni tasvirlash orqali ultratovush yordamida kuzatildi. Olimlar homilaning his-tuygʻularini ularning yuz ifodasiga qarab aniqladi. Uyilgan qosh va nim ochilgan ogʻiz norozilik belgisi, koʻtarilgan qosh va keng yonoqlar esa ijobiy his-tuygʻular sifatida qabul qilindi. Umuman olganda, olimlar homila yuz ifodasining koʻplab koʻrinishlarini kuzatdi. Ularning barchasi “yigʻlayotgan” yoki “kulayotgan yuz”da ifodalandi.

Ona qornidagi homilada taʼm bilish qobiliyati aniqlandi
Tadqiqotda kuzatilgan mimik harakatlar (FM). Ulardan baʼzilari faqat bitta munosabatga xos, baʼzilari esa boshqalarining tarkibiga ham kiradi / Beyza Ustun va boshqalar / Psychological Science nashri, 2022-yil

Maʼlum boʻlishicha, inson tugʻilishdan oldin ham ovqatga munosabat bildirishi mumkin ekan. Agar homilador ayol sabzi kapsulasini isteʼmol qilgan boʻlsa, homilada “kulgan yuz”ga xos boʻlgan yuz ifodasi qayd etilgan. Karam esa, aksincha, unga yoqmagan — bu holda u “yigʻlayotgan yuz” ifodasini sabzi yeyilganlik yoki dam olish holatidan koʻra ikki baravar koʻp koʻrsatgan.

Ona qornidagi homilada taʼm bilish qobiliyati aniqlandi
a) ona sabzi kapsulasini qabul qilishdan oldin homilasining yuz ifodasi; b) homilaning “jilmayayotgan” holati; c) tinch holatdagi homila; d) homilaning onasi tomonidan qabul qilingan karamga boʻlgan munosabatini / Beyza Ustun va boshqalar / Psychological Science nashri, 2022-yil

Homilaning rivojlanish davrida u amniotik suyuqlikda joylashgan boʻladi. Bu yerga onaning ovqatidagi moddalar ham kirishi mumkin. Homila qaysi tizim yordamida bu moddalarni sezishi va munosabat bildirishi aniq emas. Tadqiqot mualliflarining fikriga koʻra, jarayon katta ehtimol bilan taʼm, hid va kimyoviy qoʻzgʻatuvchining uch shoxli asab tomonidan idrok etilishiga bogʻliq. Yuqoridagilarning barchasi birgalikda yoki alohida ishlashi ham mumkin.


Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: Beyza Ustun va boshqalar / Psychological Science, 2022-yil

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Top maqolalar

Barchasi
Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!