Odam ichak mikrobiomi sun’iy ko‘paytirildi
Inson ichagi, ichakdagi sog'lik uchun foydali mikroorganizmlar va mikroorganizmlarni sun'iy ko'paytirish haqida batafsil tanishib chiqing.
Murakkab
4 min
18.01.2023
Biologiya va tibbiyot

Stenford universiteti olimlari inson ichak mikrobiomiga xos boʻlgan mikroorganizmlar jamoasini yaratishga muvaffaq boʻldi. Buning uchun 104 turdagi bakteriya birlashtirildi. Keyinchalik fekal mikroorganizmlar ham jamoaga qoʻshildi va bu hamkorlik sichqonlarga patogen oshqozon tayoqchasi kasalligiga qarshi kurashda yordam berdi. Tadqiqot natijalari Cell jurnalida eʼlon qilingan.

Ichak mikrobiomi koʻplab organizm turlaridan iborat murakkab jamoa boʻlib, uni modellashtirish juda qiyin. Olimlar oz sonli aniqlangan turlar yordamida mikrobiomning kichik shaklini yaratishga yoki juda xilma-xil, ammo aniq tarkibga ega boʻlmagan tabiiy jamoalarning ishlarini kuzatishga muvaffaq boʻladi, xolos. Bu mikrobiomning inson hayotidagi rolini oʻrganishni juda qiyinlashtiradi. Hozirga qadar qaysi mikroorganizm patologiyaning sababchisi ekani va ularning qaysi biri bemorlarga yordam berish uchun ishlatilishi mumkinligi toʻliq aniq emas.

Stenford universiteti xodimi Maykl Fishbax boshchiligidagi olimlar guruhi inson ichak mikrobiomining eng ilgʻor modelini yaratish va sinab koʻrishga muvaffaq boʻlgan koʻrinadi. Buning uchun ular “Inson mikrobiomi” loyihasi (Human Microbiome Project) maʼlumotlarini tahlil qildi. Loyiha 2014-yilda inson tanasining ichi va tashqarisida yashovchi organizmlarni oʻrganish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan.

Maʼlum boʻlishicha, “Inson mikrobiomi” loyihasining bir qismi sifatida oʻrganilgan inson ichagidagi mikroorganizmlarning taxminan yarmi bir-biriga mos keladi va olimlar mikrobiomning ushbu alohida qismini qayta yaratishga eʼtibor qaratgan. Barcha organizmlar uchun mos yashash sharoitlarini kompleks tarzda tanlash orqali olimlar 104 turdan iborat jamoani yaratishga muvaffaq boʻldi. Bu boshqa modellar doirasida toʻplash mumkin boʻlganidan 2 baravar koʻp demakdir.

Keyin tadqiqotchilar tomonidan bu jamoa ichak mikrobiomiga ega boʻlmagan sichqonlarga kiritildi (odatda bunday sichqonlar ularni mikrobiom hosil qilish imkoniyatidan mahrum qiladigan steril sharoitda oʻstiriladi). Kemiruvchilar boʻyicha natijalar tahlil qilingach, 104 turdan 103 tasi jonzot ichagiga muvaffaqiyatli oʻrnashgani aniqlandi. Mikrobiom qanchalik toʻliq va barqaror ekanini tekshirish uchun yanada koʻproq organizmlarni unga qoʻshishga urinib koʻrish mumkin, oʻshanda jamoa oʻzini yangi turlar bilan boyitadimi yoki oʻzgarishsiz qoladimi degan savolga javob maʼlum boʻladi. Olimlar sichqonlarga inson axlatidan olingan mikroorganizmlar jamoasini inyeksiya qildi va maʼlum boʻldiki, kemiruvchilarda yangi turlar bilan uchrashganda mikrobiom xilma-xilligi ortdi. Bu esa jamoa toʻliq emasligini va uni yangi turlar bilan kengaytirish mumkinligini anglatdi. Buning uchun sichqon ichagi mikrobiomga qoʻshimcha turlar kiritildi, yangi jamoa ham sichqonlarning ichagida tezda koʻpayib, ularga mustahkam oʻrnashib oldi. Ammo patogen oshqozon tayoqchasining koʻpayishiga imkon bermadi. Maʼlum boʻlishicha, mikrobiomning olimlar hCom2 deb belgilagan ikkinchi shakli birinchisiga qaraganda toʻliqroq va barqarorroq boʻlib chiqdi.

Olimlar hCom2 nomli jamoa joylashgan sichqonlar bilan inson axlatidan olingan mikroorganizmlar kiritilgan kemiruvchilar qanchalik oʻxshashligini tekshirishi kerak edi. Maʼlum boʻlishicha, sichqonlarning ikkala guruhi ham bir-biriga oʻxshash ekan. Ulardagi immun tizimi hujayralarining kichik turlari bir xil, shuningdek, peshob va axlatdagi metabolitlar darajasi ham juda oʻxshash boʻlgan. Ushbu kuzatuv shuni koʻrsatadiki, mikrobiologlar tabiiy mikrobiom jamoasiga juda oʻxshash ichak mikrobiomining talabga javob beradigan modelini hosil qildi. Tadqiqot mualliflari oʻz ishlarida kamchiliklar mavjudligini va modelni toʻldirish mumkinligini tan oladi. 119 turdagi mikroorganizm turli hisob-kitoblarga koʻra, 150–300 turni oʻz ichiga oladigan haqiqiy ichak mikrobiomning tarkibini toʻliq tasvirlab bermaydi. Shunga qaramay, mikrobiologlar oʻz ishlarining natijasini inson tanasida yashaydigan mikroorganizmlarning murakkab jamoalarini koʻpaytirishga keyingi urinishlar uchun maʼqul asos deb hisoblaydi.


Ushbu maqola nplus1.ru sayti materialining tarjimasi.
Muqova surat: Melinda Engevik / BMC Microbiology, 2021-yil

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!