DKIST teleskopi yordamida Quyoshning eng batafsil tasvirlari olindi
DKIST teleskopi yordamida Quyoshning eng tiniq rasmlar olindi. Bu rasmlarda nimalar ko'ringan? Yangi rasmlar haqida maqolada batafsil o'qing.
Murakkab
4 min
10.02.2023
Fizika va astronomiya

Yerda joylashgan DKIST quyosh teleskopi Quyosh fotosferasi va xromosferasining ikkita yangi tasvirini oldi. Ular bugungi kungacha olingan eng batafsil tasvirlar hisoblanadi. Suratlarning nashr etilishi teleskopning rasmiy ishga tushirilishi vaqtiga toʻgʻri keldi. “Uni yaratish va ishga tushirish uchun 10 yildan ortiq vaqt kerak boʻldi”, — deyiladi AQSh Milliy ilm fondi saytida.

NSO / AURA / NSF

Deniyel Enouye quyosh teleskopi (qisqacha DKIST) hozirgi kunga qadar oʻz turidagi Yerda tahlillar olib boradigan eng kuchli va eng katta teleskopdir. Gavayidagi Xaleakala vulqonining tepasida DKIST qurilishi 2010-yilda boshlangan va 9 yil davom etgan. Teleskop asosiy optik oʻqqa oʻrnatilgan 4 metrli asosiy oyna va optik oʻqdan tashqarida joylashgan 0,65 metrli ikkilamchi oyna bilan jihozlangan. Jami optik tizimda yorugʻlikni beshta ilmiy uskunaga yoʻnaltiradigan 10 ta nometall kameralar, spektropolyarimetrlar va spektrograflar mavjud. Moslashuvchan optika tizimi Yer atmosferasining olingan maʼlumotlar sifatiga taʼsir qilishini minimal darajaga tushiradi, buning natijasida DKIST Quyoshning rekord darajadagi batafsil tasvirlarini olishga qodir boʻladi.

Teleskop kamida 44 yil ishlashi, optik va yaqin infraqizil diapazonlarda kuzatuvlar olib borishi kutilmoqda. Bu olimlarga yulduzning tashqi qatlamlari tuzilishini, uning faoliyat mexanizmlarini, chaqnashlar tabiatini va toj massasini, shuningdek, tojning qizishi va Quyosh shamolining tezlashishi mexanizmlarini tushunishda muhim yutuqlarga erishishga yordam beradi.

Teleskopning optik sxemasi / DKIST

2019-yil dekabr oyida DKIST “birinchi yorugʻlikni” koʻrdi va 30 kilometr oʻlchamdagi elementlar ajralib turadigan Quyosh fotosferasining eng batafsil tasvirini olishga muvaffaq boʻldi. Bir yil oʻtgach, teleskopni ishga tushirish doirasida 20 kilometr oʻlchamdagi tafsilotlari koʻringan Quyosh gardishini suratga olish bilan bu rekord yangilandi.

2022-yil 31-avgust kuni DKIST’ning rasmiy ochilish marosimi va teleskopning ishga tushirilishi yakunlandi. Ochilish marosimi davomida Quyosh qismlarining ikkita surati nashr etildi, bu esa teleskop uchun chegara boʻlgan tasvir tafsilotlari boʻyicha yana rekordlarni yangiladi. Suratlar 2022-yil 3-iyunda olingan, kuzatilayotgan hududning diametri 82,5 ming kilometr boʻlib, bu hududdagi jismlarning ayrimlari 18 kilometrgacha boʻlgan oʻlchamlari bilan ajralib turadi.

Koʻrsatilgan birinchi rasmda fotosfera va Quyosh toji oʻrtasida joylashgan xromosferaning maydoni koʻrsatilgan. Kuzatishlar 486,13 nanometr toʻlqin uzunligida oʻtkazildi. Bu H emissiya chizigʻiga toʻgʻri keladi. Koʻpgina qorongʻi chiziqlar Quyosh magnit maydonining kuch chiziqlari boʻlib, ular maydon boʻylab harakatlanayotgan plazma zarralari tufayli koʻrinadi.

NSO / AURA / NSF

Ikkinchi rasmda esa fotosfera hududi koʻrsatilgan. Kuzatishlar 430 nanometr toʻlqin uzunligida oʻtkazildi, bu Fraungofer chiziqlarining G diapazoniga toʻgʻri keladi. Bu rasmda granula shaklidagi dogʻlar koʻrinib turadi. Ulardagi qaynoq plazma avval granulalarning markazidan yuqoriga koʻtariladi, soʻngra chetlari boʻylab pastga tushadi. Granulalarning chetlari boʻylab tarqagan yorqin dogʻlar magnit maydon chiziqlari xromosferaga kiradigan hududlarni belgilaydi.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Телескоп DKIST получил самые детальные изображения Солнца” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: DKIST teleskopi / nso.edu

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!