20.02.2024
“Men shu paytgacha qoʻlga kiritgan narsalarimga qatʼiy tartib, puxtalik va gʻayrat-shijoat, butun diqqatni bir narsaga qaratish bilan erishganman”, degandi mashhur yozuvchi Charlz Dikkens. Haqiqatan, biror sohada muvaffaqiyatga erishgan kishilarning hayot yoʻliga nazar tashlasangiz, ular oʻzlarida ajoyib fazilatlarni shakllantirganiga guvoh boʻlasiz. Bu haqida jild-jild kitoblar yozilgan. Xoʻsh, koʻzlangan maqsadga erishish uchun nimalar qilish kerak? Mutaxassislar xuddi shu borada yoʻl-yoʻriq koʻrsatadi:
Vaqtni boshqaring
Oʻz imkoniyatlaringizni oʻrganing. Ish yaxshi unadigan paytda ogʻir vazifalarni bajarib oling. Koʻpchilik qiyin vazifalarni kunning oxiriga suradi. Natijada kechga borib charchab, qiynalib qoladi. Bu ish samaradorligini pasaytiradigan eng katta toʻsiqlardan biridir.
Oʻz oldingizga vazifa qoʻying
Dastlab nimaga erishmoqchiligingizni va unga qancha vaqt ketishini chamalab oling. Maqsadingiz haqiqatga yaqinroq boʻlsin. Toʻgʻri, yuksak marralarni koʻzlash kerak. Biroq, maqsad xomxayolga aylanmasligi zarur. Katta vazifalarni mayda qismlarga boʻling va shu asosda reja tuzing.
Salomatlikni esdan chiqarmang
Aqliy mehnat chogʻida koʻproq suyuqlik iching. Olimlar fikricha, tanada suv yetishmasligi diqqatning susayishiga olib keladi. Lekin boshqa jihat ham bor. Qahva ichishga oʻrganish chalgʻishga sabab boʻladi. Bundan tashqari, miya tetiklashishi uchun kofein talab qiladigan boʻlib qoladi. Eng yaxshisi — jismoniy faollik. Ish orasidagi tanaffuslarda yengil mashqlarni bajaring.
Vaqtida uxlang va uygʻoning
Ruhshunoslar diqqati susaygan bemorlarga tashxis qoʻyishdan oldin ulardan qancha vaqt uxlashlarini soʻraydi. Tasdiqlangan maʼlumotlarga koʻra, yetarli darajadagi uyqudan soʻng aqliy qobiliyat tiklanadi va mustahkamlanadi. Yetti soatdan kam uxlagan odamlar odatda diqqat eʼtiborni yaxshi jamlay olmaydi.
Behuda ishlardan oʻzingizni tiying
Internetdagi birorta saytga kirdingiz. Maqolalari sizga unchalik yoki umuman foyda bermaydi. Lekin uzilib, ishga qaytolmaysiz. Ijtimoiy tarmoqlarda kim sizning fikringiz yoki qoʻygan suratingizni yoqtirganini tekshirasiz. Birrov koʻz tashlamoqchi boʻlasiz-u, sahifadan sahifaga oʻtib vaqtni boy berasiz. Natijada yarim soatda bajarishingiz mumkin boʻlgan ishga kamida ikki-uch soat vaqt sarflaysiz. Jiddiy ish bilan yoki biror narsani oʻrganish bilan shugʻullanayotganda toʻlaqonli mustaqil boʻlish zarur. Telefon, internet, planshet televizor va shu kabi zamonaviy texnik uskunalar sizni faqat chalgʻitadi.
Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Diqqatni qanday jamlash mumkin?
Muqova surat unsplash.com saytidan olindi.
Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.