Eng qadimiy sayyora tumanligi aniqladi
Somon yo'lidagi eng qadimgi sayyora tuman bo'lib chiqdi. "Tumanli" sayyora aslida yulduz qoldig'i bo'lishi mumkinmi? Maqolada batafsil o'qing.
Oʻrta
4 min
10.02.2023
Fizika va astronomiya

Astronomlar Yerdagi teleskoplardan foydalangan holda Somon yoʻlida yangi sayyora tumanligi topilganini tasdiqladi. U Quyoshdan 2,8 baravar kattaroq yulduz qoldigʻi hisoblanadi. Tumanlikning kinematik yoshi rekord darajaga yetdi va 78 ming yilni tashkil etdi. U ochiq yulduzlar klasterining bir qismidir. Maqola Astrophysical Journal Letters jurnalida chop etilgan.

Kventin A.Parker va boshqalar / Astrophysical Journal Letters jurnali, 2022

Tumanliklar 8—11 Quyosh ogʻirligiga qadar boʻlgan yulduzlar rivojlanishining qisqa (taxminan 5—25 ming yil) yakuniy bosqichini ifodalaydi. Kelajakda bizning Quyosh ham shu jarayondan oʻtadi. Tumanlikning markaziy yulduzi tashqi qatlamlarini ochiq fazoga sochib tashlagan gigant shoxli yulduzning sobiq yadrosidir. Tumanlik rivojlanishi natijasida markaziy yulduz Oq pakanaga aylanadi va tumanlik sovishi hamda kengayishi natijasida asta-sekin xiralashadi. Bunday jismlarni oʻrganish astrofiziklar uchun yulduzlar hayotining keyingi bosqichlarida rivojlanish nazariyasini (xususan, tumanliklar ajdod yulduzlarining boshlangʻich ogʻirliklarini va ularning Oq pakanalar bilan bogʻliqligini taxmin qilish), shuningdek, galaktika ichidagi muhitning turli xil kimyoviy moddalar bilan boyish hodisasini tushunish uchun muhimdir.

Gonkong universitetidan Kventin Parker boshchiligidagi astronomlar guruhi IPHASX J055226.2+323724 deb atalgan yangi sayyora tumanligi topilganini tasdiqladi. Tumanlik nomzodi dastlab 2008-yilda IPHAS (The INT Photometric H-Alpha Survey) fazo tadqiqotining bir qismi sifatida aniqlangan. Jismning tabiatini tasdiqlash uchun olimlar SDSS va Pan-STARRS fazo tadqiqotlari tasvirlarini tahlil qildi, Gaia DR3 katalogidagi maʼlumotlardan foydalandi, shuningdek, joriy yil boshida 10,4 metrli GTC (Gran Telescopio Canarias) ga oʻrnatilgan MEGARA spektrografidan foydalangan holda tumanlikni kuzatdi.

Spektroskopiya uchun nuqta belgilariga ega IPHASX J055226.2+323724 tumanligi tasviri va a, b, c va d nuqtalari uchun birlashtirilgan spektr namunasi. Kventin A.Parker va boshqalar / Astrophysical Journal Letters jurnali, 2022

IPHASX J055226.2+32372 yoshi taxminan 500 million yil boʻlgan M37 galaktik ochiq yulduzlar klasterining bir qismi boʻlib, bu ochiq klasterda uchinchi marta sayyora tumanligi topilmoqda. Ikki qutbli tumanlik juda past sirt yorqinligi bilan ajralib turadi va uning markazida issiq, vodorod yetishmaydigan Oq pakana joylashgan. Tumanlikning jismoniy radiusi taxminan 5,2 yorugʻlik yili, ungacha boʻlgan masofa esa 3260 yorugʻlik yili deb baholanmoqda.

Olimlar tumanlik ajdod yulduzining ogʻirligi 2,8 Quyosh ogʻirligiga, tumanlik hajmi esa 0,32 Quyosh hajmiga teng degan xulosaga keldi. IPHASX J055226.2+32372 kinematik yoshi, uning kengayish tezligidan kelib chiqqan holda 78 ming yil deb baholandi. Bu rekord koʻrsatkich hisoblanadi va sayyora tumanliklarining maksimal umr koʻrish davomiyligi haqidagi savolni paydo qiladi. Ehtimol, klasterlarda joylashgan jismlar bunday tizimlardan tashqaridagi jismlardan koʻra uzoqroq vaqt davomida koʻrinib turar.


Muallif: Aleksandr Voytyuk
Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Астрономы нашли рекордно старую планетарную туманность” nomli maqolaning tarjimasi.
Asosiy surat muallifi: Kventin A. Parker va boshqalar / The Astrophysical Journal Letters, 2022-yil.

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!