Dunyodagi eng ulkan jonivor qaysi?
Dunyodagi eng katta hayvon - kitlar, kitlarning ko'payishi, hajmi, nimalar bilan oziqlanishi va nfas olishi haqida batafsil o'qing.
3 min
10.02.2023
Biologiya va tibbiyot

Olimlar juda qadim-qadim zamonlarda Yer yuzida dinozavrlar yashagan deb hisoblaydilar. Dinozavrlar hozirgi hayvonlardan bir qancha barobar katta boʻlgan. Lekin bugun Yer yuzidagi eng katta jonivor moviy polosatik hisoblanadi. Bu kitning rangi koʻk, qorin terisi qat-qat boʻlib buklangan-tirishgan holda boʻladi. Uzunligi 30 metr, ogʻirligi esa oʻrtacha 125 tonnani tashkil etadi. Ajablanarlisi, polosatikning kallasi tanasining deyarli uchdan bir (!) qismini egallaydi.

Kitlar hajmining kattaligi aniq, bunga uncha hayratlanmasa ham boʻladi. Eng qizigʻi, kitlar baliqlar sinfiga emas, sutemizuvchilar sinfiga kiradi. Tadqiqotchilarning fikricha, kitlar va suvda yashovchi boshqa sut emizuvchilarning ajdodlari qadimda quruqlikda yashagan. Ularning tanasida gʻayritabiiy belgilar uchrashining sababi shu.

Aksariyat kitlar bolalarini sut bilan oziqlantiradi. Yana bir jihati, kitlar baliqlar singari ikradan hosil boʻlmaydi, balki tirik holatda tugʻiladi va ancha vaqt onasining ortidan ergashib yuradi. Kitlarda jabra yoʻq, shu sababli ular oʻpka bilan nafas oladilar. Dumidagi suzgichlari esa suv tubidan tezda koʻtarilishga yordam beradi. Kitlarning qon aylanish sxemasi, skeleti va ichki organlari baliqlarnikidan yaqqol farq qiladi.

SarahRichterArt / pixabay.com

Kitlar suvdagi hayotga koʻnikkanlari uchun ularning organizmi bir qancha oʻzgarishlarga uchragan. Sutemizuvchilar issiq qonli – harorati yuqori jonivorlar hisoblanadi. Demak, ularda tana harorati meʼyorida saqlanishi kerak. Shu sababli ham kitlaning teri osti qismida yogʻ qatlami boʻladi. Bu xuddi maxsus moslamaga oʻxshaydi, haroratni maʼlum darajada saqlab turishga xizmat qiladi. Ulkan kitlarda teri osti yogʻ qatlami 40–50 sm gacha yetadi.

Kitning kallasida ikkita teshik – “burun” joylashgan, bu nafas olishni yengillashtiradi. Kit suv ostiga shoʻngʻiganda teshiklar uncha katta boʻlmagan qopqoqchalar bilan berkitiladi. Natijada ogʻiz boʻshligʻi bilan bogʻlangan nafas yoʻllari yopiladi. Shunday qilib, suv ostida yashash kitlarga unchalik qiyinchilik yoki xavf tugʻdirmaydi. Ular suv tubida nafas olmasdan 45 daqiqa tura olishi mumkin.


Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Dunyoning eng ulkan jonivori.
Muqova surat: Venti Views / unsplash.com

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!