Yer uchun xavfli bo‘lgan eng katta asteroid topildi. Bu — 2022 AP7
Oʻrta
4 min
15.02.2023
Fizika va astronomiya

Astronomlar tomonidan gʻira-shira (tong yorishgan yoki qosh qoraygan) paytda Yer orbitasida asteroidlarni izlash maqsadida DECam kamerasi bilan oʻtkazilgan koʻp yillik qidiruv natijalari taqdim etildi. Qidiruvda uchta asteroidni topildi va ulardan biri soʻnggi sakkiz yil ichida Yer uchun eng yuqori xavfga ega obyekt ekani aniqlandi. Maqola The Astronomical Journal jurnalida chop etilgan.

Quyosh tizimining Yer va Venera orbitalarida joylashgan kichik jismlarini kuzatish Quyosh taʼsiri tufayli juda murakkab. Kosmik teleskoplar bunday kuzatuvlarni amalga oshirmaydi. Yerdagi teleskoplar bilan esa faqat qisqa gʻira-shira paytda va shunda ham ufqqa yaqin boʻlgan osmon mintaqasi tekshiriladi. Hozirgi vaqtga kelib, orbitalari yaxshi aniqlangan va butunlay Yer orbitasida joylashgan 25 ta asteroid aniqlangan. Olimlarning Yer orbitasi ichida va tashqarisida joylashgan kichik jismlar sonini oʻrganishi esa Quyosh tizimi ichidagi jismlarning migratsiya mexanizmlari, shuningdek, Quyosh tomonidan kuchli qizdirilganida ularning xatti-harakatlarini tushunishi uchun muhimdir.

Karnegi instituti Yer va sayyoralar laboratoriyasining Skott Sheppard boshchiligidagi astronomlar guruhi 2019–2022-yillarda Serro-Tololo Amerikalararo rasadxonasida joylashgan toʻrt metrli Viktor Blanko teleskopiga oʻrnatilgan DECam kamerasi yordamida gʻira-shirada osmonni oʻrganish natijalarini eʼlon qildi. Bu vaqt mobaynida olimlar osmonning 624 kvadrat daraja maydondagi qismini oʻrgandi.

Asteroidlar (koʻk doiralar) va Yerga yaqinlashib kelayotgan boshqa jismlarning “Orbitaning katta yarim oʻqi — ekssentrisitet” diagrammasidagi holati. Skott Sheppard va boshqalar / The Astronomical Journal, 2022-yil

Tadqiqotchilar Venera orbitasiga oʻxshash yoki uning ichida joylashgan orbitaga ega obyektlarni topa olmadi, ammo Yerga yaqinlashib kelayotgan uchta obyekt — “Atir” oilasining ikki (2021 PH27 va 2021 LJ4) hamda “Apollon” oilasining bir (2022 AP7) vakilini aniqlashdi.

2021 PH27 2021-yil avgust oyida topilgan va diametri taxminan bir kilometrga teng. U Merkuriy va Venera orbitalarini kesib oʻtuvchi choʻzilgan orbitaga ega boʻlgan va perigeliyi Quyoshdan atigi 0,13 astronomik birlikda joylashgan eng qisqa davrli asteroid sifatida maʼlum. Taʼkidlash kerakki, 2021 PH27 orbitasi bir necha million yil davomida dinamik jihatdan beqaror boʻlib, keyingi million yil ichida Venera bilan toʻqnashishining kichik ehtimoli mavjud.

2021 LJ4 2021-yil iyun oyida topilgan va diametri 300–400 metrni tashkil qiladi. U 0,55 yillik orbital davri va Yer orbitasi ichida Quyoshdan 0,93 astronomik birlik masofada joylashgan orbita afeliy bilan ajralib turadi. Asteroid orbitasi ham Venera, ham Merkuriy orbitalarini kesib oʻtadi.

2022 AP7 shu yilning yanvar oyida topilgan va soʻnggi sakkiz yil ichida Yerga yaqinlashayotgan eng katta potensial xavfga ega obyekt sifatida tan olindi. Uning oʻrtacha diametri 1,5 kilomet, biroq u 2,3 kilometrga ham yetishi mumkin. AP7 2022 uchun Yer orbitasini minimal kesib oʻtish masofasi (MOID) 0,0475 astronomik birlikdir. Asteroid orbitasining perigeliyi Quyoshdan taxminan 0,83 astronomik birlikda, afeliy esa Yupiter orbitasi yaqinida, Quyoshdan 5 astronomik birlik masofada joylashgan.

2022 AP7 asteroidi orbitasi / NASA

Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Астрономы отыскали один из крупнейших потенциально опасных для Земли астероидов. Это 2022 AP7” nomli maqolaning tarjimasi. 
Muqova surat: DOE / FNAL / DECam / CTIO / NOIRLab / NSF / AURA / J. da Silva, Spaceengine

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!