Yandeks “aqlli uy”ga hodisalar bo‘yicha avtomatizatsiyani qo‘shdi
3 min
18.02.2023
IT va muhandislik

Yandeks o‘zining “aqlli uy” platformasiga datchiklarni qo‘llab-quvvatlash va hodisalar bo‘yicha avtomatizatsiyani qo‘shdi. Bu datchik xonada harakatlanishni sezsa, chiroqni avtomatik yoqish yoki xona juda isib ketganida konditsionerni ishga tushirish imkonini beradi. 

“Aqlli uy” bu — turlicha ta’riflanadigan keng ma’noli atama. Ba’zilar Wi-Fi orqali uy jihozlarini boshqarish imkonining o‘zi uyni “aqlli” deyishga yetarli deb hisoblasa, boshqalar insonni kundalik yumushlardan ozod qiladigan avtomatizatsiyalar uyni “aqlli” deb ta’riflash imkonini berishi haqida aytadi. Har ikki konsepsiya ham “aqlli uy”ning koʻplab xorijiy tizimlarida “aqlli ovoz kuchaytirgich”lar ishlab chiqaruvchilari tomonidan amalga oshirilgan. Ularning koʻpchiligi (Amazon, Google) rus tili va mahalliy xizmat koʻrsatishga moslanmagani uchun Rossiyada “aqlli ovoz kuchaytirgich” va “aqlli uy” tizimining mahalliy bozori shakllana boshladi. Yaqingacha tizim ikki xil ssenariy — vaqt va ovoz koʻrsatmasi boʻyicha harakatlanar edi.

Mart oyida Sber “aqlli uy” tizimi oʻz platformasiga hodisa va datchiklar boʻyicha avtomatizatsiyani qoʻllab-quvvatlash funksiyasini qoʻshgandi. Hozir esa “aqlli ovoz kuchaytirgich”lar sotuvi boʻyicha Rossiyada eng ilgʻor bo‘lgan Yandeks ham (1, 2) shunday imkoniyatlarni amalga oshirmoqda. “Aqlli uy” ilovasiga ssenariylarni ishga tushirishning uchinchi varianti — qurilma hodisalari qoʻshildi. Bu havo haroratini oʻlchagichda darajaning oʻzgarishi yoki robot changyutkichning quvvati kamayishi holati boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, tizim endi tugmalar va binar datchiklar amalga oshiradigan hodisalarni ham qoʻllab-quvvatlaydi. Ular harakat datchiklari boʻlib, doim derazaning ochilishi yoki yopilishi, suv oqishi, vibratsiyalar kabi ikki holatdan birida boʻladi. 

Ilovada avtomatizatsiya ssenariysini yaratish boʻyicha misol

Bular “aqlli uy”da turli maishiy avtomatizatsiyalarni yoʻlga qoʻyishga yordam beradi. Masalan, tizim inson xonaga kirganda datchik harakatni aniqlagani uchun chiroqni yoqishi va berilgan vaqt mobaynida harakat aniqlanmagani uchun chiroqni oʻchirishi mumkin. Ssenariyni ishga tushiradigan shartdan tashqari vaqt belgilanishi ham mumkin. Misol uchun, chiroq kunduzi yonmasligi kerak. Bunda shart sifatida endi aniq bir soatnigina emas, joriy joylashuv uchun avtomatik hisoblanadigan kun chiqishi va botishini belgilashimiz mumkin.

Datchik va tugmalarning uygʻunligi ishlab chiqaruvchi shu qurilmani qoʻllab-quvvatlashni tizimga kiritganiga bogʻliq. Shu bilan birgalikda, qoʻllanmaydigan datchiklarni “aqlli uy”ning Home Assistant tashqi tizimi yordamida qoʻshsa bo‘ladi. Bu tizim haqida “GitHub qurgan uy” materialida soʻz yuritilgan (maqola rus tilida).

Odatda bunday datchiklar ZigBee protokoli orqali ishlaydi va oʻz ishi uchun mos ishlab chiqaruvchidan xab talab qiladi. Dasturchilar Yandeks stansiyaning yangi versiyasida baʼzi ZigBee qurilmalar modellari bilan hech qanday xabsiz, toʻgʻridan toʻgʻri aloqa oʻrnatishni amalga oshirdi. Bu narsa internet boʻlmaganda yoki bulutli serverga ulanish imkoni yoʻqligida ham ularni mahalliy tarzda boshqarish imkonini beradi. 


Muallif: Grigoriy Kopiyev. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Яндекс добавил в умный дом автоматизацию по событиям” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Yandeks

Matnda xato topdingizmi? Kerakli matnni belgilang va CTRL+ENTER tugmalarini bosing.

Eng so‘nggi maqolalarni o‘tkazib yubormang!
Telegram kanalamizni kuzatib boring!